Qalandar esa... ko‘nglida Mirzo Ulug‘bek hazratlariga hech bir gina-kudurati yo‘q. Bil’aks yuragining bir chetida hamon iliq hislar miltirab turadi. (O.Yoqubov. “Ulug‘bek xazinasi” romani) O‘zbek oyimning g‘azabi tag‘in ham alanga oldi: so‘zimni eshitasanmi, kar? (A.Qodiriy. “O‘tgan kunlar” romani) YUrakdagi isyonkor tuyg‘ular asta-sekin so‘nib, xayolini allaqanday ma’yus o‘ylar band etdi. (O.Yoqubov. “Er boshiga ish tushsa” romani)
O‘zbek tilida hissiyot va tuyg‘ularni dengiz, daryo, ummon to‘lqiniga o‘xshatish ko‘p uchraydi. Quyidagi matnlarga e’tibor bering:
Boburning boyagi behalovatligi va tushkun kayfiyati endi tarqab ketgan, ko‘nglida yana yaxshi istiqbolga ishonch tuyg‘usi mavj urar edi.(P.Qodirov. “Yulduzli tunlar” romani).
Humoyun podshoh otasi bilan maxfiy xatlar yozishini ko‘z oldiga keltirdi-yu, ko‘nglida yana issiq bir iftixor tuyg‘usi mavj urdi. (P.Qodirov. “YUlduzli tunlar” romani).
Matnlardan ko‘rinadiki, ishonch (iftixor) tuyg‘usi mavj uraredi birikmalari orqali TUYG‘U BU – TO‘LQIN kognitiv metaforasi anglashiladi.
Tuyg‘u to‘lqinga qiyoslangan bu kabi matnlarda yana bir kognitiv metafora ifodalanganini ko‘rish mumkin: KO‘NGIL BU – DENGIZ (DARYO, UMMON).
YUqoridagi matnlarda qo‘llangan ko‘nglida mavj urar edi birikmasi matn muallifining ko‘ngilni dengiz (daryo, ummon)ga o‘xshatganligidan dalolat beradi.
O‘zbek tili egalari lisoniy tafakkurida oilani daraxtga qiyoslash asosidagi kognitiv metaforalar muhim o‘rin tutadi. Bunda oilaning mustahkamligi daraxtning chuqur ildiz otishiga o‘xshatiladi. A.Qodiriyning “O‘tkan kunlar” romanida OILA BU – DARAXT kognitiv metaforasi ifodalangan quyidagicha jumla bor: Xushro‘y uch oy ichida tomir yoyib qolg‘an bir oilani ildizi bilan yulqib tashlab tinchiydir. Matn muallifi tafakkurida oilaning daraxtga qiyoslanishi tomir yoyib qolg‘an va ildizi bilan yulqib tashlab ifodali lingvistik metaforalarning yuzaga kelishiga sabab bo‘lgan.
Kuzatishlarimiz natijasida aytish mumkinki, kognitiv metaforalar so‘z orqali ifodalanganda, bu so‘z ko‘p hollarda fe’l turkumiga oid bo‘ladi. Bunda so‘zlovchi biror predmetga xos bo‘lgan harakatni bildiruvchi so‘zni boshqa predmetga xos harakatni bildiruvchi so‘z sifatida qo‘llaydi. Masalan, o‘zbek tilidagi tutamoq, chuqurlashmoq, kuymoq, uchmoq kabi fe’llar shunday xususiyatga ega. 5 jildli “O‘zbek tilining izohli lug‘ati”da bu kabi so‘zlarga quyidagicha misollar keltirilgan.
ODAM – BU YONUVCHI NARSA: “Qizdan javob bo‘lmagach, Oyshaxon battar tutay boshladi. “A.Muhiddin. Aybsiz aybdor”149.
MUAMMO – BU JARLIK: “Marhumning shaxsi aniqlanib, ma’lumotlar birin-ketin ko‘paygan sari, muammo yanada chuqurlashib, kalavaning uchi ko‘rinay demasdi. “YOshlik”150.
OT (MASHINA, POEZD) BU – QUSH: “Tepalikka uchib chiqayotgan otning tuyog‘i erdan bosh ko‘tarib, bugun-erta ochilay deb turgan lola g‘unchasini ezib, yanchib o‘tdi. P.Qodirov, YUlduzli tunlar. Mashina shiddat bilan qaltis tog‘ yo‘lidan uchib ketdi. Gazetadan. ... poezd cho‘ldan ko‘m-ko‘k vodiyga birdan uchib kirarkan ... farg‘onalik askarning ko‘zlaridan ixtiyorsiz ravishda qaynoq yosh tomchilagan edi. Oybek. Oltin vodiydan shabadalar”151.
ODAM BU – IT: “- E-e, akillay berasan-da, Safar! – dedi buqoq, - biz nima deyapbiz-ku, sen nima deyapsan! A.Qodiriy. Mehrobdan chayon”152.
O‘zbek tilidagi harakat fe’llarining semantik va valentlik xususiyatlarini tadqiq etgan S.Muhamedova bunday birikuvlarni quiydagicha izohlaydi: “... harakat fe’llari ham denotativ semalaridan tashqari emotsional semalarga ham ega. Ular aynan shu semalari asosida emotiv valentlikka ega bo‘ladi. Ta’kidlanganidek, semantik valentlikda so‘zlar lug‘aviy semalar asosida birikuvga kirishadi. Emotiv valentlikda ham so‘zlar semalar asosida bir-biri bilan bog‘lanadi, ammo ular orasida sezilarli farq mavjud: semantik valentlikda so‘zlar denotativ ma’nolariga ko‘ra biriksalar, emotiv valentlikda esa ko‘chma ma’nolariga ko‘ra (aynan emotsional semalari asosida) birikadi”153.
S.Muhamedova suzmoq fe’lining o‘rin valentliklari haqida fikr yuritib: “Emotsional bo‘yoqqa ega bo‘lgan ayrim gaplarda inson xayol daryosida ham suzishi mumkin”, – deb yozadi. YUqoridagi misollar S.Muhamedovaning fikri to‘g‘ri ekanligini isbotlaydi.
Do'stlaringiz bilan baham: |