24-MAVZU: LINGVOMADANIY BIRLIKLARNING MATN YARATILISHIDAGI O‘RNI
Zamonaviy tadqiqotlarda o‘xshatishlarning lingvokulturologik hamda etnolingvistik jihatlariga katta e’tibor berilmoqda. “Lingvokulturologiya” kitobining muallifi V.A.Maslova o‘xshatishlarda muayyan xalqning milliy dunyoqarashi aks etishini ta’kidlab, bu fikrini rus, belorus va qirg‘iz tilida qo‘llanuvchi o‘xshatish qurilmalari tahlili asosida dalillaydi. Uning fikriga ko‘ra, glaza blestyaщie, kak Issыk-Kul, stroynыy, kak maral, silnыy, kak Manas kabi qurilmalar qirg‘iz xalqining milliy dunyoqarashini aks ettiradi133.
V.A.Maslova, shuningdek, muayyan xalqning obrazli tafakkur tarzi xususan, o‘sha xalq tilida qo‘llanuvchi o‘xshatishlarda ham yaqqol namoyon bo‘lishini ta’kidlaydi134. Olimaning bu fikrini o‘zbek tilidagi turg‘un o‘xshatishlar ham tasdiqlaydi. “O‘zbek tili o‘xshatishlarining izohli lug‘ati”135 uchun yig‘ilgan materiallar shundan dalolat beradiki, xalqning muayyan predmet, belgi, harakat-holatga munosabati, assotsiativ fikrlash tarzi o‘xshatishlarda ham namoyon bo‘ladi.
Jumladan, buni o‘zbek tilidagi inson haqidagi o‘xshatishlarda ham ko‘rishimiz mumkin.
O‘zbek tilidagi inson haqidagi turg‘un o‘xshatishlarni quyidagi ma’noviy guruhlarga tasnif qilish mumkin.
1. Inson a’zolari bilan bog‘liq bo‘lgan o‘xshatishlar: alifdek / sarvdek / sambitdek / shamshoddek tik qomat, angishvonadek kichkina og‘iz, anorday qizil yuz, burgutnikiday o‘tkir ko‘z, gilosday qizil lab, guruchday oppoq, mayda tish, zulukdek qora qosh, ipday ingichka qosh, kulchadek yumaloq yuz, tunday qora soch, cho‘michday katta burun.
2. Insonning tashqi ko‘rinishi bilan bog‘liq o‘xshatishlar: azroilday xunuk, bo‘rdoqiday / meshday semiz, devday bahaybat, zanjidek qop-qora, niholday nozik, oyday go‘zal, suqsurday chiroyli, terakday novcha, chigirtkaday / arvohday / kosovday / cho‘pday ozg‘in.
3. Insonning jismoniy xususiyati bilan bog‘liq bo‘lgan o‘xshatishlar: ajdarhoday kuchli, ayiqday baquvvat, alpday pahlavon, gulday nafis.
4. Insonning ovozi bilan bog‘liq o‘xshatishlar: ayiqday / sherday / arslonday / tuyaday bo‘kirmoq, na’ra tortmoq, bo‘riday uvillamoq, momaqaldiroqday gumburlamoq, qo‘ng‘iroqday jarangdor.
5. Inson nutqi bilan bog‘liq o‘xshatishlar: avtomatday tez gapirmoq, bedanaday sayramoq, bulbulday sayramoq, itday qopmoq, itday irillamoq, chumchuqdek chirqillamoq.
6. Insonning xarakteri bilan bog‘liq bo‘lgan o‘xshatishlar: bir qop yong‘oqday shaldir-shuldir, avliyoday begunoh, ammamning buzog‘idek bo‘sh, ipakday muloyim, itday sadoqatli, molday befahm, musichaday beozor, sutday oq, tayoqday to‘g‘ri, tulkiday ayyor, eshakday qaysar, qo‘yday yuvosh.
7. Insonning holati bilan bog‘liq bo‘lgan o‘xshatishlar: baqaday / shamday / haykalday / toshday qotmoq, bezgak tutganday qaltiramoq, yosh boladay quvonmoq, dokaday / devorday / bo‘zday oqarmoq, tilla topgan gadoyday sevinmoq, to‘rvasini yo‘qotgan gadoyday talmovsiramoq, etimchadek mung‘aymoq, yog‘day erimoq, igna ustida o‘tirganday betoqat, ilonday to‘lg‘anmoq, kuydirgan kalladay tirjaymoq, lavlagiday / sholg‘omday qizarmoq, suvga tushgan bo‘lka nondek bo‘shashmoq.
8. Insonning xatti-harakati bilan bog‘liq bo‘lgan o‘xshatishlar: elimday yopishmoq, eb qo‘yguday qaramoq, yov quvganday yugurmoq, itday / devday / eshakday / molday / qulday ishlamoq, och kalxatday yopirilmoq, ko‘z qorachig‘iday asramoq, maymunday / echkiday sakramoq, molday / itday / cho‘chqaday / ho‘kizday ichmoq, toshbaqaday sudralmoq, o‘qdek otilib chiqmoq136.
O‘zbek tilidagi inson bilan bog‘liq o‘xshatishlar shuni ko‘rsatadiki, ularda insonning holati va harakatini ifodalovchi o‘xshatishlar miqdori boshqa ma’noviy guruhdagi o‘xshatishlarga nisbatan ko‘p. Keyingi o‘rinda esa inson a’zolarini ifodalovchi o‘xshatishlar turadi. Demak, bundan shunday xulosaga kelish mumkinki, o‘zbek tilida so‘zlashuvchi til egalari ko‘proq insonning harakat-holatini obrazli tarzda ifodalaydi.
O‘xshatish uchun etalon sifatida tanlangan so‘zlar ham o‘zbek tilining lingvokulturologik xususiyatlarini ko‘rsatuvchi til birligidir.
Insonning xarakteri va xatti-harakati bilan bog‘liq bo‘lgan o‘xshatishlarda o‘zbek tilida so‘zlashuvchi til egalarining etalon sifatida turli hayvon va jonivorlarni bildiruvchi so‘zlardan ko‘proq foydalanganligi ma’lum bo‘ladi. Masalan: itday sadoqatli, molday befahm, musichaday beozor, eshakday qaysar, qo‘yday yuvosh (xarakter bilan bog‘liq o‘xshatishlar); itday ishlamoq, echkiday sakramoq, toshbaqaday sudralmoq, ilonday chaqmoq, bulbulday sayramoq (harakat bilan bog‘liq o‘xshatishlar).
O‘zbek tilida o‘simlik va meva nomlarining o‘xshatish etaloni sifatida qo‘llanishi ham ko‘p uchraydi. Bunday o‘xshatish etalonlariga sambit, shamshod, sarv, terak, lavlagi, sholg‘om, gilos, olma, yong‘oq kabi so‘zlarni misol sifatida keltirish mumkin. Hayvonni bildiruvchi so‘zlarning o‘xshatish etaloni sifatida qo‘llanishi shaxsning sub’ektiv munosabatini bildirish harakati bilan bog‘liq ekanligi yaqqol seziladi. Masalan, it so‘zi etalon bo‘lib kelgan o‘xshatishlar soni o‘ndan ortiq bo‘lib, ularning barchasi insonga nisbatan qo‘llangan. Ilon etaloni ham shunday xususiyatga ega137.
V.Maslova o‘xshatishlarning antropotsentrik jihatlariga alohida e’tibor berib, shunday deb yozgan edi: “O‘xshatilayotgan ob’ektlarning bir-biridan uzoq bo‘lgan turli doiralarga mansub ekanligi o‘zida bir-birini taqozo etuvchi qo‘shimcha assotsiatsiyalarning butun boshli zanjirini namoyon etadi, ular axborotning to‘laqonli bo‘lishini ta’minlashi bilan birga ta’sirchanlikni ham kuchaytiradi; o‘zaro o‘xshatilayotgan ob’ektlar voqelikda bir-biridan qancha uzoq bo‘lsa, ulardagi ekspressivlik shuncha yorqinlasha boradi. O‘xshatishlarning evristik vazifasi yana shunda ko‘rinadiki, ular dunyo realiyalarini chuqurroq va kengroq bilib olishga, ularning turli va ko‘pincha kutilmagan qirralarini anglab olishga imkon beradi”138.
Umuman, o‘xshatishlar lingvokulturologiyaga oid adabiyotlarda metafora, metonimiya, maqol va iboralar kabi tilning lingvomadaniy boyligi sifatida e’tirof etiladi139. Bu kabi madaniy birliklar o‘zida biror etnosga xos mentallikni, shuningdek, real voqelikni lison vositasida ifodalash darajasini ko‘rsatuvchi dalil hamdir. Ular o‘zida xalqning ijtimoiy, ma’naviy jihatdan rivojlanishini ham ko‘rsatadi.
Ma’lumki, o‘zbek tilshunosligida o‘xshatishning semantik-sintaktik, pragmatik va uslubiy jihatlari bir qator ishlarning tadqiq ob’ekti bo‘lgan140. Ularda asosan birikma yoki gap shaklidagi o‘xshatish qurilmalari tadqiq etilgan.
Professor N.Mahmudovning 2011 yilda e’lon qilingan maqolasida o‘zbek tilshunosligida birinchi marta o‘xshatishlarning lingvokulturologik jihatlariga e’tibor qaratildi141.
O‘xshatish qurilmalarining matn yaratilishidagi o‘rni, uning mazmuniy tarkibiga ta’siri esa shu vaqtga qadar alohida o‘rganilgan emas. O‘xshatish mazmuni ifodalangan matnlarni tahlil etish natijasida aytish mumkinki, ularni o‘xshatishning matn referensiyasiga munosabatiga ko‘ra quyidagi ikki turga ajratish o‘rinlidir: 1. Tarkibidagi jumlalarda o‘xshatish qurilmasi mavjud bo‘lgan matnlar. 2. Matn makrotuzilmasidan o‘xshatish munosabati anglashiluvchi matnlar.
Birinchi turdagi matnlarda o‘xshatish mazmuni faqat matn tarkibidagi muayyan gap semantikasidan anglashilib, bu mazkur gapdan avval yoki keyin joylashgan jumlalar semantikasiga ta’sir etmaydi. Misol sifatida O.YOqubovning “Ko‘hna dunyo” romanidan olingan quyidagi matnni keltiramiz: “Bo‘y-basti kelishgan, mo‘ylovi endigina sabza ura boshlagan, tol chiviqday nozik bu yigitchada o‘z elining hamma fazilatlari – muloyimligi, mehnatsevarligi, kamtarligi yuz foiz mujassam. Beruniy u bilan bir lahza suhbat qursa go‘yo Hindistonga qaytib borganday, bosib o‘tgan yo‘llariyu kezgan shaharlarida qayta kezib yurganday bo‘ladi. SHunda yuragining bir burdasi o‘sha ulug‘ makonda qolganini, bu makonning zahmatkash, mo‘min-muloyim xalqi esa xuddi o‘z eldoshlariday qadrdon bo‘lib qolganini sezadi”.
Ko‘rinadiki, ushbu matnni tashkil etgan gaplar deyktik birlik bo‘lgan u olmoshi orqali kogerentlikka ega bo‘lgan, lekin matnning birinchi jumlasida qo‘llangan tol chiviqday nozik yigit o‘xshatish qurilmasi matnning umumiy semantikasiga jiddiy ta’sir etmagan.
Ma’lumki, o‘xshatish mazmuni matn tarkibida gaplar orqali ham ifodalanishi mumkin: Sahroning bag‘ri yomg‘irga tashna bo‘lganidek, - dedi Sultonmurod qo‘llarini harakatga solib, – ko‘hna Xurosonning eli adolat va fazilat quyoshiga tashnadir. (Oybek. “Navoiy” romani)
O‘xshatishga asoslangan matnlarda esa matn makrotuzilmasi motivatsion jihatdan o‘xshatishga asoslangan bo‘lib, o‘xshatish mazmuni matn hududi bo‘ylab tarqalgan bo‘ladi. Ma’lumki, o‘xshatish qurilmalari to‘rt komponentdan: o‘xshatish sub’ekti, o‘xshatish etaloni, o‘xshatish asosi va o‘xshatish vositasidan tashkil topadi. O‘xshatishga asoslangan matnlarda ham mana shu komponentlar mavjud bo‘ladi. Lekin ularning o‘xshatish qurilmasidan farqi shundaki, o‘xshatish asosi, ya’ni ikki ob’ektni o‘zaro o‘xshatish uchun asos bo‘lgan referent bunday matnlarda so‘z orqali emas, balki jumlalar orqali voqe bo‘ladi. Masalan: Kimdir kattaroq asarni yozib tugatgan adibni eli chiqib ketgan pufakka o‘xshatgan ekan. Haqiqatan, yig‘ilgan hayotiy material, ko‘rgan-kechirganlar, o‘ylagan o‘ylar – hammasi shu katta asarga sarf bo‘ladi-yu, qalbi bo‘m-bo‘sh bo‘lib qoladi kishi. (O.YOqubov. “Farzandlar burchi” etyudi)
O‘xshatish mazmuni ifodalangan matnlarni yaratishda matn tuzuvchi turli kommunikativ strategiyalarni qo‘llashi mumkin. Tadqiq jarayonida bunday matnlarning quyidagi turlari o‘zbek prozasida eng ko‘p qo‘llanishi aniqlandi:
1. Matn tuzuvchi matn referentini biror narsaga o‘xshatadi, so‘ng o‘xshayotgan narsaga xos belgilarni ifodalaydi. Matn oxirida esa mazkur belgi natijasida sodir bo‘luvchi voqea-hodisani ifodalovchi propozitsiya ifodasi keltiriladi. Masalan: Ilk muhabbat bahor osmonidagi bulutga o‘xshaydi. Oppoq. Pokiza. SHaffof... Na qo‘lingiz bilan tutasiz. Na ortidan yugurib etasiz... SHamol uni qayoqqa olib ketishini ham bilmaysiz... Birinchi muhabbatning ko‘pincha natijasiz tugashi balki shundandir... (O‘.Hoshimov. “Daftar hoshiyasidagi bitiklar”)
Bu kabi matnlar persepsiyasi retsipientdan o‘xshatishga asos bo‘lgan belgilarni ham o‘xshatilayotgan, ham o‘xshayotgan referentga xos belgi sifatida idrok etishni taqozo qiladi. Quyidagi matnga e’tibor bering: Haqiqat havoga o‘xshaydi. Rangini ko‘rmaysiz. Ovozini eshitmaysiz. Hidini bilmaysiz... Ammo bir lahza havosiz qolsangiz, bo‘g‘ilib ketasiz. Kitob ham shunday. YOlg‘onga duch kelgan kitobxon bo‘g‘ilib ketadi (O‘.Hoshimov. “Daftar hoshiyasidagi bitiklar”)
Ushbu matn tarkibidagi rangini ko‘rmaysiz, ovozini eshitmaysiz, hidini bilmaysiz propozitsiyalari bir vaqtning o‘zida ham haqiqat, ham havo referentlarining belgisi sifatida qabul qilinadi.
2. Matn tuzuvchi ikki predmet yoki voqea-hodisani o‘zaro o‘xshatadi, matnning keyingi jumlalarida birinchi jumlada qo‘llangan referentlardan birini matn fokusiga aylantiradi: Haqgo‘y qorong‘ida chiroq ko‘tarib borayotgan odamga o‘xshaydi. Uning chirog‘i olamni munavvar qilmasligi mumkin. Biroq dillarga dalda beradi, umid uyg‘otadi... Haqgo‘y olis – yaqindan ko‘rinib turishi – shundan.
Do'stlaringiz bilan baham: |