27-MAVZU: MATNNING SOTSIOLINGVISTIK TAHLILI
Tayanch tushunchalar: sotsilolingvistik tahlil, sotsial xoslanish, murojaat shakllari, sotsiolekt, feminism, maskulinlik
XX asr oxiri va XXI asr boshlarida tilshunoslikda kognitivizm, kulturologiya va sotsiolingvistikaning rivojlanishi an’anaviy tilshunoslikning ko‘plab tushunchalarini qaytadan ko‘rib chiqish, ularni yangi ijtimoiy buyurtma, metodologiya va metodika hamda metodlar asosida baholash zaruriyatini vujudga keltirdi. Keyingi yillarda tilshunoslikda nutqiy hodisalarni tadqiq qilishga qaratilgan ishlar salmog‘i ortdi. Aynan tilni tadqiq qilishda “til egasi” bilan bog‘liq holda o‘rganish yuzasidan qator tadqiqotlar maydonga keldi. Bu tilshunoslikda antroposentrik tilshunoslikni yuzaga keltirdi. Bu yo‘nalish bilan bog‘liq pragmalingvistika, lingvokulturologiya, psixolingvistika, sotsiolingvistika kabi tilshunoslik fani yo‘nalishlarida ilmiy tadqiqotlar maydonga keldi.
Nutqiy hodisalarni sotsiolingvistik tadqiq qilish yuzasidan ham umutilshunoslikda bir qator tadqiqot ishlari amalga oshirildi. Tilshunoslikning alohida paradigmasi sifatidagi sotsiolingvistik yo‘nalishning asoschilaridan biri A.D.SHveyserning fikricha, sotsiolingvistika tilshunoslik, sotsiologiya, sotsial psixologiya va etnografiya fanlari kesishmasi asosida rivojlanayotgan va tilning ijtimoiy xoslanish tabiati bilan bog‘liq, uning ijtimoiy vazifalari, sotsial omillarning tilga ta’sir qilish mexanizmi va uning jamiyat hayotidagi mavqei bilan bog‘liq qator masalalarni o‘rganayotgan fandir.177 Tilning hayot, jamiyat bilan chambarchas bog‘liqligi aslida til va sotsium munosabati asosida, shuningdek, milliy til, milliy anana va milliy qadriyatlari muammosi ham ma’lum darajada sotsiolingvistika tushunchasi mohiyatiga mosdir. Bu sotsiolingvistikaning fan sifatida tilning umuminsoniy hamda siyosiy xususiyatlarini, shuningdek, til va jamiyat, til va mafkura, til va tafakkur, til va xalq, til va yosh, til va jins, til va madaniyat kabilar munosabatini, shuningdek, tilning falsafiy xususiyatlari kabilarni o‘rganishi bilan bog‘liqdir.
Sotsiolingvistika til birliklarining jamiyatdagi turli tabaqalar nutqida qay holatda namoyon bo‘lishi, buni ta’minlovchi ichki va tashqi omillarning o‘rni va vazifalari qo‘llanishining o‘ziga xos tomonlarini tekshiradi, o‘zgalarga nutqi asosida baho berish, munosabatda bo‘lish, o‘zganing fikrini to‘g‘ri anglash, o‘z fikrini nutq sharoitiga va suhbatdoshga maqbul variantda taqdim etish ko‘nikma va malakasini shakllantirish amaliyoti mexanizmlarni ishlab chiqish uchun muayyan nazariy asoslarni yaratishga xizmat qiladi.
Umumtilshunoslikda nutqning sotsiolingvistik tadqiqi borasida bir qator ishlar yuzaga keldi. Jumladan, rus tilshunoslaridan R.T.Bell, YU.K.Voloshin, YU.O.Kvartovkina, E.V.Sыchalina, T.A. Ivushkina, E.V.Vlasova, E.A.Levina, I.Baysultanovlarning tadqiqot ishlari nutqning sotsiolingvistik tadqiq qilish borasidagi fundamental tadqiqotlar sifatida maydonga keldi.178 Rus tilshunoslaridan T.A.Ivushkinaning tadqiqot ishi birinchi ishlardan biri sifatida maydonga keldi.179 Muallif doktorlik dissertatsiyasida ingliz aristokratlari nutqining tilning turli sathlari doirasida tadqiq qildi hamda XIX asrdagi ingliz adabiy tili va badiiy asar tilining farqli jihatlarini yoritib berdi. Ko‘rinadiki, rus tilshunosligida nutqning sotsial xoslanishi borasida tadqiqotlar etarli darajada amalga oshirilgan.
O‘zbek tilshunosligida 90-yillardan keyingi tadqiqotlardagina sotsiolingvistikaga oid tadqiqot ishlarini ko‘rish mumkin. Formal va struktur tilshunoslik lisoniy birliklarni faqat uning amal qilish muhitidan, tashqi omillardan uzib olgan holda, shakliy va ma’noviy tomondan imkoniyat sifatida o‘rganishga asosiy e’tiborni qaratdi. Bunday qarash, ayniqsa, tilga semiotik nuqtai nazardan yondashish, belgini faqat shakldan iborat deb hisoblash natijasida yana ham kuchaydi. Lisoniy birliklarning o‘zi ifodalayotgan ob’ektiv borliq bilan, undan foydalanuvchi shaxs bilan munosabati e’tibordan chetda qoldi. Keyinchalik tilni bunday o‘rganish biryoqlama ekanligi, shaklni ma’nodan uzib bo‘lmasligi, shakl va ma’noni esa lisoniy shaxs va pragmatik sharoit hamda muloqot muhitidan ayricha tahlil qilish imkoni yo‘qligi ayon bo‘ldi. Natijada lisoniy birliklarning nutqiy voqelanish muhiti va vaziyati, lisoniy shaxs bilan munosabati tomoniga e’tibor kuchaydi. “...o‘tgan asrning uchinchi choragida (60-70-yillarda) lisoniy vositalar, hodisalar sirasi sistem-struktur tilshunoslik tadqiq tamoyillari asosida aniqlanib, tugal tavsiflangach – asosiy e’tibor bu hodisa birliklarining nutqda qo‘llanilishi va ulardan qaysi yo‘sinda mumkin qadar samarali foydalanish yo‘llariga, boshqacha qilib aytganda, lisoniy birliklarni unumli, samarali qo‘llash, kam kuch sarflab, ko‘p samara olish yo‘llarini aniqlashga qaratildi.”180
O‘zbek tilshunosligida til va jamiyatning munosabati masalalari N.Mahmudov, M.Mirtojievlar181 tomonidan umumiy tarzda tadqiq qilingan bo‘lsa, tilshunosligimizda muloqot xulqining ijtimoiy–lisoniy xususiyati182, o‘zbek nutq odatining muloqot shakllari183, o‘zbek muloqot xulqining funksional xoslanishi184, bolalar nutqi leksikasining sotsiopsixolingvistik xususiyatlari185, o‘zbek tilidagi dastxatlarning sotsiolingvistik jihatlari186, dialogik diskursdagi poliredikativ birliklarning sotsiopragmatik tadqiqi187 kabi bir qator tadqiqotlarda nutqning sotsial xoslanishi o‘z ifodasini topgan.
“Ta’kidlash lozimki, til va jamiyat munosabatlarini tadqiq etuvchi sotsiolingvistika yo‘nalishi bugun dunyo tilshunosligida eng ustuvor yo‘nalishlardan biri sifatida taraqqiy topib borayotganiga qaramasdan, bizning tilshunosligimizda sotsiolingvistik tadqiqotlar hali ko‘lam kasb etib ulgurganicha yo‘q”.188 Tilshunos olim N.Mahmudov ta’kidlaganidek, o‘zbek tilshunosligida sotsiolingvistik tadqiqotlar borasida hali etarlicha ishlar amalga oshirilgani yo‘q. Bu esa uning fan sifatida tilning umuminsoniy hamda siyosiy xususiyatlarini, shuningdek, til va jamiyat, til va mafkura, til va tafakkur, til va xalq, til va yosh, til va jins, til va madaniyat munosabatini, shuningdek, tilning falsafiy xususiyatlari kabilarni o‘rganishi bilan bog‘liqdir.
SHuningdek, muayyan badiiy asarlar tili, xususan, tarixiy mavzuga bag‘ishlangan romanlar tili sotsiolingvistik aspektda maxsus tadqiq qilinmagan. Tarixiy romanlar tilini sotsiolingvistik o‘rganish muayyan tarixiy muhitda lisoniy imkoniyatlarning nutqiy voqelanishini til va madaniyat, til va nutq, til va sotsium, til va vaziyat mushtarakligi tamoyili asosida tekshirishning tarkibiy qismiga mansub bo‘lib, tarixiy roman tili kuchli ijtimoiy xoslanish xususiyati bilan xarakterlanadi va o‘zida lisoniy imkoniyatlarning sotsium tabiati va dunyoqarashiga mos ravishda voqelanishini namoyon qiladi. Tarixiy romanlarda nutqning ijtimoiy xoslanishi tarixiy davr va sharoit bilan bog‘liq bo‘lib, tarixiy holat bilan belgilanuvchi ijtimoiy, ma’naviy-ma’rifiy muhitning o‘ziga xosligi bilan belgilanadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |