117-mashq. Uyga vazifa. Matnni o‘qing, so‘zlarning yozilishiga diqqat qiling.
Xatda gap ko‘p. Maktubda maktubnavisning o‘zi, ichki ruhiy olami to‘la-to‘kis namoyon bo‘ladi. Yozgan xatiga qarab turib bexato aytish mumkin: bu odam sermulohaza, latif, dono, ishonuvchan, dilgir, kuyunchak, mehribon yo bo‘lmasa shoshqaloq, ziqna, asabiy, qo‘pol, qo‘rs, dag‘al, to‘qimtabiat, befarosat, dali-g‘uli, loqayd va hokazo.
Barmoqlarning ruhi va sehri bo‘ladi. Ana shu sehr barmoqlar hamda qog‘oz orqali boshqalarga ham o‘tadi, ta’sir ko‘rsatadi.
Xat o‘zining nimasi bilan qadrli? Bu mujda, sog‘inch, umid. Odamlar bir-birlaridan mehr-oqibat, taskin, tasalli, qalb malhami kutib yashaydilar. Bir-birlarining nonday arzanda so‘zlarini, shevalarini, islarini sog‘inadilar.
Birovga xat yozish botiniy, ruhiy ehtiyojdan tug‘iladi. Bu juda ham o‘ziga xos dil izhoridir.
Maktubnavislikning o‘zi san’at.
(G‘aybulla as-Salom)
Savol va topshiriqlar
1. Fonetik hodisalar deganda nimani tushunasiz?
2. Fonetik hodisalar nima uchun ro‘y beradi?
3. O‘zbek (umumturkiy) so‘zlarining boshi va oxiridagi tovush tuzilishi qanday?
4. So‘z boshidagi qo‘sh undoshlar qaysi tillarga xos va bunday noqulaylik og‘zaki nutqda qanday bartaraf qilinadi?
5. So‘z oxiridagi sht, xt, rg kabi qo‘sh undoshlar qaysi tillarga xos va ular qanday talaffuz qilinadi?
OHANG
18-dars. OHANG VA UNING NUTQDAGI AHAMIYATI
Darsning maqsadi:
a) ilmiy maqsad: o‘quvchilarning ongida ohang va uning nutqdagi ahamiyati yuzasidan bilim va malakalar hosil qilish;
b) o‘quvchilarni topqirlik, o‘z fikrini boshqalarga to‘laqonli yetkaza bilish ruhida tarbiyalash.
Topshiriq. Mehnatdan qochish xor-u zorlik keltiradi. Ushbu gapni o‘qing. Undagi urg‘uli o‘rinlarni, pauzalarni toping va izohlang.
Og‘zaki nutq oqimi bo‘linuvchanlik xususiyatiga ega bo‘lgan tovushlar ketma-ketligidan iborat. Bunday bo‘linuvchanlik xususiyatiga ega bo‘lgan tovushlar qatori segment birliklar qatori hisoblanadi. Lekin og‘zaki nutqimiz faqat segment birliklardangina tashkil topmaydi. Bulardan tashqari, ketma-ket joylashgan va bo‘linuvchanlik xususiyatiga ega bo‘lgan tovushlar qatori ustiga qo‘yilgan ustsegment birliklarga ham ega bo‘ladi va bu birliklar nutqimiz ta’sirchanligini ta’minlaydi.
Ustsegment birliklar urg‘u, to‘xtam (pauza), nutqning emotsional bo‘yog‘i (darak, so‘roq, buyruq, his-hayajon) kabilarni o‘z ichiga oladi. Yuqorida ko‘rsatilgan ustsegment birliklarning jami nutq ohangini tashkil etadi.
Og‘zaki nutqimiz esa segment birliklar bilan ustsegment birliklarning o‘zaro munosabatidan iborat bo‘ladi. Ko‘pincha bunga imo-ishoralar, mimikalar qo‘shilib, nutqimizni yana ham ta’sirli, bo‘yoqdor qilishga xizmat qiladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |