Ilmni egallash yo‘lida Sizlarga omad yor bo‘lsin!
KIRISH
Siz o‘rta umumiy ta’limning 5—9-sinflarida «Ona tili» izchil kursi bilan tanishdingiz. Qo‘lingizdagi kitob ana shu kursda olgan bilimlaringizga tayangan holda sizni «Hozirgi o‘zbek adabiy tili», uning dunyodagi boshqa tillar sistemasidagi o‘rni, o‘ziga xos xususiyatlari bilan tanishtiradi.
Hozirgi o‘zbek adabiy tili deganda nimani tushunamiz?
Avvalo, bu atama tarkibidagi hozirgi so‘ziga izoh beraylik. Atrofingizni qurshab turgan narsa va hodisalarga bir e’tibor bering. Ularning hammasi o‘sishda, rivojlanishda, harakatda ekanligini ko‘rasiz. Masalan, erta bahorda yerga urug‘ qadadingiz. U o‘sib chiqadi va kech kuzga qadar turli o‘zgarishlarga uchraydi, lekin unda bo‘layotgan ichki o‘zgarishlarni bir marta qaraganda ko‘z bilan payqay olmaysiz. Agar bahordagi holati bilan yozdagi yoki kuzdagi holatini qiyoslasangiz, unda qanday o‘zgarishlar ro‘y berganini darrov anglaysiz.
Til ham xuddi ana shunday — doimo harakatda, rivojlanishda. Undagi rivojlanishni ham ikki davr holatiga qarab bilishimiz mumkin bo‘ladi. Masalan, Alisher Navoiy davridagi o‘zbek tili bilan hozirgi davrda siz va biz foydalanayotgan o‘zbek tili o‘rtasida anchagina o‘zgarishlar ro‘y berganini payqashimiz qiyin emas. Shuning uchun ham o‘zbek tilining ilk shakllanish davridan to XX asrning 20—30-yillariga qadar bo‘lgan o‘zbek tili eski o‘zbek adabiy tili, 20—30-yillardan, ya’ni Fitrat, Cho‘lpon, Abdulla Qodiriylar davridan to hozirgi davrgacha bo‘lgan davr esa hozirgi o‘zbek adabiy tili deb yuritiladi.
Endi yuqoridagi atama tarkibidagi adabiy so‘ziga e’tibor beraylik. O‘zbek adabiy tili bor va hozirgi o‘zbek tili bor. Hozirgi o‘zbek tili tushunchasi hozirgi o‘zbek adabiy tili tushunchasiga nisbatan keng. U turli-tuman o‘zbek shevalarini ham o‘z ichiga oladi. Adabiy til deganda me’yorlarga solingan, muayyan qonunlarga bo‘ysunuvchi, o‘zbek xalqining barchasi uchun tushunarli va bir xil xizmat qiluvchi tilni tushunamiz.
Ko‘chada yursangiz, xilma-xil kishilarning o‘zaro suhbatlashayotganining guvohi bo‘lasiz. Agar bu kishilarning suhbatini radio-televideniyedagi kishilar suhbatiga solishtirsangiz, ular o‘rtasida ma’lum farqli jihatlar borligiga amin bo‘lasiz. Ko‘cha-ko‘yda qulog‘ingizga chalinayotgan til ham aslida bir tilning o‘zi, lekin u xilma-xil qo‘llanilishga ega. Avvalo, og‘zaki so‘zlashuv tili bilan adabiy til bir-biridan farqlanadi. Og‘zaki so‘zlashuv tili erkinligi, ma’lum me’yorlarga amal qilishi shart emasligi, oddiyligi bilan ajralib turadi. Adabiy til esa shu til egasi bo‘lgan millat vakillarining barchasi uchun umumiy bo‘lgan, qat’iy me’yorlarga bo‘ysungan, kodlashtirilgan til sanaladi.
Hozirgi o‘zbek adabiy tilini o‘rganadigan fan ham «Hozirgi o‘zbek adabiy tili» deb yuritiladi. Ko‘rinadiki, bu atama ikki ma’noda qo‘llaniladi: 1. Amalda ishlatiladigan til. 2. Shu tilni o‘rganayotgan fan.
«Hozirgi o‘zbek adabiy tili» fonetika, grafika, orfografiya, orfoepiya, leksikologiya, frazeologiya, leksikografiya, etimologiya, morfemika, morfologiya, sintaksis, punktuatsiya, uslubiyat kabi bir qator bo‘limlarni o‘z ichiga oladi.
Siz o‘rta ta’lim bosqichida bularning asoslari bilan to‘la tanishib chiqqansiz. Akademik litsey bosqichida esa amaliyotda qo‘llanayotgan til birliklarining qanday qoliplardan tashkil topganligi, ularni yana boshqacha yo‘llar bilan ifodalash mumkinligi yoki mumkin emasligi haqida tasavvurga ega bo‘lasiz. Bunda ham og‘zaki, ham yozma nutqingizni takomil toptirish asosida o‘z fikrini emin-erkin bayon qila oladigan, ilmiy mushohada qiluvchi, nuktadon, so‘z ustasi bo‘lishingiz talab etiladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |