40-mashq. Matnni o‘qing, tobe bog‘lanishli so‘z birikmalarini daftaringizga ko‘chirib yozing.
Asragaymiz biz VAТANni...
Dilga elning ishqin solib,
Hunar izlab, bilim olib,
Bo‘lib dono ilmi tolib,
Asragaymiz biz VAТANni
Fido aylab jon-u tanni.
Xorazmiy zuryodimiz,
Navoiyning avlodimiz,
Yurtga tikib hayotimiz,
Asragaymiz biz VAТANni
Fido aylab jon-u tanni.
Saboq olib diyonatdan,
Ezgu ishdan, matonatdan,
Qochib mudom xiyonatdan
Asragaymiz biz VAТANni
Fido aylab jon-u tanni.
Jahon ichra tole izlab,
Xalq nomidan dadil so‘zlab,
Obod yurtning baxtin ko‘zlab
Asragaymiz biz VAТANni
Fido aylab jon-u tanni.
(Abdulhay Sobirov)
41-mashq. Quyida berilgan savollarga javob yozing hamda so‘z birikmalariga misollar keltiring.
1. Тeng bog‘lanish deganda nimani tushunasiz?
2. Тobe bog‘lanish deb nimaga aytiladi?
3. Тobe bog‘lanishni hosil qiluvchi vositalarga misollar keltiring.
6-dars. SO‘Z BIRIKMASI
Darsning maqsadi: So‘z birikmasi haqida talabalar ongida bilim va ko‘nikmalar hosil qilish.
R E J A:
1. So‘z birikmasi.
2. So‘z birikmasining tuzilishi.
3. So‘z birikmasida tobe va hokim qismlarni bir-biriga bog‘lovchi vositalarning o‘rni.
1-topshiriq. Ozodlik ushaldi va ozodlikning ushalishi o‘rtasidagi o‘xshashlik va farqli tomonlarni ayting.
2-topshiriq. Manzura kompyuterda ishlayapti gapida ishtirok etgan uchta bo‘lak ikki xil bog‘langan, shu bog‘lanishni aniqlang. Aniqlangan ikkita bog‘lanishning bir-biridan farqini ayting.
Eslab qoling. Тobe bo‘lakning hokim bo‘lakka kelishik, egalik qo‘shimchalari, ko‘makchilar va tobelashtiruvchi ohang yordamida bog‘lanishi so‘z birikmasi deyiladi.
So‘z birikmasida doimo ikkita qism bo‘ladi. Ularning bittasi tobe, ikkinchisi esa hokim bo‘ladi. Тobe bo‘lak hokim bo‘lakka ma’lum bog‘lovchi vosita yordamida bog‘lanadi. Demak, bog‘lovchi vosita tobe bo‘lak oxiriga qo‘shiladi. Bundan faqat egalik qo‘shimchasi yordamida bog‘langani mustasno. Egalik qo‘shimchasi hokim bo‘lak oxiriga qo‘shiladi. Тobe bo‘lak esa qaratqich kelishigida turadi. Ba’zan qaratqich kelishigi ifodalanmasligi ham mumkin. Masalan, litseyning bog‘i — litsey bog‘i.
Bundan ko‘rinadiki, so‘z birikmasida tobe bo‘lak bilan hokim bo‘lakning joylashish o‘rni ham aniq bo‘ladi. Тobe bo‘lak oldin, hokim bo‘lak esa keyin keladi.
Juda muhim. Тobe bo‘lakni hokim bo‘lakka bog‘lovchi vositaning qo‘shilish o‘rni ikki xil bo‘ladi: kelishik, ko‘makchi va ohang tobe qismga, egalik qo‘shimchasi esa hokim qismga qo‘shiladi. Uni quyidagi sxemada ko‘rsatish mumkin:
1. tobe hokim
kelishik
ko‘makchi
ohang
2. tobe hokim
a) qaratqich kelishigi b) egalik qo‘shimchasi
Do'stlaringiz bilan baham: |