175-mashq. O‘qing. To‘liqsiz gaplarning dialoglar va bohqa turli nutqlardagi uslubiy vazifasini aniqlang.
ТADBIRKOR VAZIR
Sulton Mahmud G‘aznaviy bolaligida Тavof viloyatining Bog‘iston qishlog‘iga borib, bir buloq yoqasiga kelib tushdi. Muhammad Hasan uni kuzatib boruvchilar orasida ekan. Bir payt sultonning nazari shu atrofdan o‘tib borayotgan yo‘lovchiga tushdi. Sulton Muhammad Hasanga murojaat qildi:
— Hov anovi yo‘lovchi kim bo‘ldi?
— Savdogar bo‘lsa kerak.
— Ismi nima ekan?
— Ahmad Sulton.
— Shoshma, xoja! Ne sababdan uni Ahmad deding? Savdogarligini qayerdan bilding? Yo u bilan tanishliging bormi?
— Yo‘q, hazratim. Janobi oliylari meni chaqirib uning kimligini so‘raganlarida uning Ahmad Sulton ekanligi ma’lum bo‘ldi. Bu odam ko‘p vaqtdan beri shu daraxt atrofini aylanib yurganidan esa uning savdogar ekanligini angladim.
— Unda ayt-chi, u yemak-ichmakdan ko‘proq nimalarni xush ko‘rar ekan?
— Asal bilan dushobani.
Sulton yo‘lovchini chaqirtirdi. Muhammad Hasan unga murojaat qildi:
— Mana bu bolani taniysanmi? — U sultonni qo‘li bilan ko‘rsatdi.
— Yo‘q, tanimayman.
— Isming nima? Ne xizmat bilan mashg‘ulsan? Yemak-ichmakdan nimalarni xush ko‘rasan?
— Ismim Ahmad, savdogarman. Bugun non bilan asaldan boshqa ovqat yegan emasman.
Buni eshitib, sulton hayron bo‘ldi, so‘ng xoja Muhammad Hasandan so‘radi.
— Bu odamning bugun asal yeganini qayerdan bilding?
— Diqqat bilan qarasam tez-tez labini yalab turibdi.
(«Ajdodlar o‘giti» dan)
176-mashq. O‘qing. Тo‘liqsiz gaplarni aniqlab, turini ayting. Ularning grammatik xususiyatlarini va bo‘laklarga ajratilmaydigan gaplardan farqini tushuntiring.
1. — Ota, bular bog‘ingizdagi qizil olmadanmi?
— Hovva, qizim.
Kuzda taram-taram qizargan piyoladay olmalar esiga tushib, Feruza quvonib so‘radi:
— Bularning hosilini qayoqqa sig‘diramiz, ota?
— Shaharga yuboramiz, qoqi solamiz.
2. Norqo‘zi Feruzaga qarab kuldi:
— Paxta terishga qalaysiz?
— Тerganman.
— Bellashaylik bo‘lmasa. Xo‘sh, shartingiz bormi?
— Bor?
3. Feruza Xanifaning qo‘lidan zil patnisni oldi.
— Otam qayoqdalar?
— Bog‘da.
4. Shiyponga bormaylikmi, Normat aka?
— Boramiz, — Normat aka paxtazordan asfalt yo‘lga ko‘tarilar ekan, Тurg‘unalidan so‘radi: — G‘o‘zang hamma yerda shunaqa yetildimi?
— Shunaqa.
(H. G‘ulom)
177-mashq. Filologiya fanlari doktori, professor Mazluma Asqarova haqidagi matnni o‘qing. Olimaning o‘zbek ilm-fani rivojiga qo‘shgan ulkan xizmatlari haqida fikr yuriting. Yana qanday mashhur olimlarni bilasiz? Shu haqda ham o‘ylab ko‘ring.
M. ASQAROVA
(1924)
O‘zbek tilining ravnaqi uchun munosib hissa qo‘shgan olimalardan biri filologiya fanlari doktori, professor Mazluma Asqarovadir.
Olima turli yillarda yaratgan «Ravishdosh», «Qo‘shma gap sintaksisi», «Hozirgi zamon o‘zbek tilida qo‘shma gaplar» (akad. G‘. Abdurahmonov bilan hamkorlikda) kabi darsliklar hozirgi kungacha oliy o‘quv yurtlari talabalari uchun asosiy manba vazifasini o‘tab kelmoqda.
Prof. M. Asqarova hammuallifligida yozilgan IV, V, VI, VII, VIII sinflarning «Ona tili» darsliklari to hanuz o‘zining ahamiyatini yo‘qotgani yo‘q.
Bir so‘z bilan aytganimizda, prof. M. Asqarova Respublikamiz xalq ta’limi tizimining barcha bo‘g‘inlarida ona tili fani o‘qitilishini tubdan yaxshilash, yangi, zamonaviy kadrlarni tarbiyalab-yetishtirish ishlariga bosh-qosh bo‘lmoqda.
Do'stlaringiz bilan baham: |