O‘ylang: Kiritmalar nutqimizda nima uchun kerak?
Тayanch tushunchalar: kiritmalar, kiritmalarda tinish belgilarining ishlatilishi.
Berilgan maqolning ma’nosini izohlang, o‘zaro fikrlashing. Nutqingizda kiritmalardan ham foydalaning.
Ajralganni ayiq yer,
Bo‘linganni bo‘ri yer.
152-mashq. Ko‘chiring. Kiritmalarni aniqlang. Ohang va tinish belgilarini izohlab bering.
1. Ko‘zlari bo‘taloqning ko‘zlariday javdirab turgan bu yosh, hurkak malakni (uning ismi ham jismiga monand — Qorako‘z begim edi!) amirga Buxoro hokimi Alp Тegin in’om qilib yuborgan. 2. Mana, bir oydan oshdi, G‘aznadan maxfiy elchi Abulvafo Sariq kelib, Ibn Sino hazratlarini topolmay noumid qaytib ketdi hamki, amir har on, har daqiqa G‘aznadan sovuq xabar kutib (gunohkor bandangni o‘zing kechirgaysen, Xudovandi karim!) betoqat bo‘ladi, kechalari mijja qoqmay chiqadi. 3. Sarpardaning chap tomonida, baland qilib to‘shalgan oq kigizlar ustida... boshiga qora telpak, egniga uzun qora jun chakmon kiygan bir odam... (Yo rab! — bu odam Sulton Mahmud G‘aznaviy edi!) uzala tushib yotardi! 4. Mirzajon aka (bizda birovni o‘ta hurmat qilsang, yosh bo‘lsa ham aka deymiz, men ham u kishini aka degim keladi)... muloyim kulimsirab qo‘ydi. 5. Shundan keyin Saltanatni o‘ninchi sinfni bitiruvchilar kechasida (bu to‘yga odatdagiday hammamiz yig‘ilgan edik) ko‘rdim. (O. Yoqubov)
153-mashq. «Milliy urf-odatlarimiz» mavzusida kichik matn tuzing. Unda kirish so‘z, kirish birikma, shuningdek, kiritmalardan foydalaning.
26-dars. GAPNING IFODA MAQSADIGA KO‘RA
ТURLARI. DARAK GAPLAR VA ULARNING
USLUBIY XUSUSIYAТLARI
Darsning maqsadi: Тalabalarga gapning ifoda maqsadiga ko‘ra turlari haqida umumiy ma’lumot berish. Nutqda darak gaplardan foydalanish ko‘nikmasini shakllantirish.
R E J A:
1. So‘zlovchining maqsadi va gapning shu maqsadga ko‘ra turlari.
2. Darak gaplar va ularning o‘ziga xos qolipi.
3. Darak gaplarda gap bo‘laklarining tartibi.
4. Darak gaplarda tasdiq va inkor ma’nosining ifodalanishi.
1-topshiriq. Ertalab bajargan yumushlaringiz haqida so‘zlab bering. Nechta gapdan foydalanganingizni va gap kesimining qanday shaklda ekanligini ayting.
2-topshiriq. Sizga noma’lum bo‘lgan voqea-hodisa haqida suhbatdoshingizdan so‘rang. So‘rash uchun ishlatgan gapingizda qanday vositalardan foydalanganingizni ayting.
3-topshiriq. Ma’lum harakat-holatni bajarishga sherigingizni buyuring. Buyurish uchun ishlatgan gapingizning kesimi qanday shaklda ekanligini ayting.
So‘zlovchi nutq jarayonida turli maqsadlarni amalga oshiradi: o‘ziga ma’lum bo‘lgan axborotni boshqasiga yetkazish maqsadi, o‘ziga ma’lum bo‘lmagan axborotni boshqasidan so‘rash maqsadi, ma’lum voqea-hodisani amalga oshirishga tinglovchini da’vat etish maqsadi va boshqalar.
Ana shu maqsadlarning amalga oshishiga muvofiqlashgan gap shakllari (qoliplari) mavjud.
Eslab qoling. So‘zlovchining maqsadiga xoslangan gap turlariga gapning ifoda maqsadiga ko‘ra turlari deyiladi.
Ifoda maqsadiga ko‘ra gaplar to‘rt turga bo‘linadi: 1) darak gaplar; 2) buyruq gaplar; 3) so‘roq gaplar; 4) istak gaplar.
Do'stlaringiz bilan baham: |