O‘ylang: Undalmalar nutqimizda nima uchun kerak?
Тayanch tushunchalar: undalma, undov so‘z, undalmalar bilan birgalikda ishlatiladigan tinish belgilari.
Berilgan maqolni izohlang, uni undalmali gapga aylantiring, unda undov so‘z, egalik qo‘shimchalari ham ishtirok etsin.
Erta eksang, erta o‘rasan.
141-mashq. O‘qing. Boshqa bo‘laklar bilan grammatik aloqaga kirishmaydigan bo‘laklarni toping. Nima uchun aloqaga kirishmayotganini izohlang.
1. Umrzoq ota qog‘ozlardan birini — qora hoshiyali pushti rang qog‘ozini Xolbibining qo‘lidan yulqib oldi. 2. Darhaqiqat, tepa ustidan diqqat bilan qaralsa, hali ham odamzod qo‘li bilan qurilgan kanalning izlari ko‘rinadi. 3. Yo‘q, og‘aynilar, biz bu yerda qancha tortishmaylik, oramizda har qancha gap qochmasin, bu mehnat sarf qilsa arziydigan ish ekanligi ravshan ko‘rinib turibdi. 4. Avvalo, rosmana ilmiy loyiha kerak. Тushundingmi? Bunday loyiha uchun pul to‘lanadi. Ikkinchidan, portlatish ishlari talab qilinadi. 5. Ayting-chi, Oyqiz, barcha ishlar qo‘l kuchi bilan ado qilinadimi? 6. Darhaqiqat, o‘g‘lim, bizdan ko‘nglingiz to‘q bo‘lsin, xalqimiz inoq va serg‘ayrat, yuzlaringizni shuvut qilmaydigan xalq. 7. Keling, shu yerda ozgina o‘tiraylik. «Yuring, yaxshisi, uyga kiraylik, Oyqiz», — dedi Olimjon Oyqizni qistab, uning rozi bo‘lishiga judayam ishonqiramay. 8. Ulug‘larning ta’biri bilan aytganda, tutunsiz o‘tin yo‘q, xatosiz odam. 9. Ehtimol, u ham kun bo‘yi jon-jahdi bilan ishlab, haddan tashqari charchagandir. 10. Qisqa qilib aytganda, Jalolov bilan birga xatoning oldini oldik, menimcha.
(Sh. Rashidov)
142-mashq. O‘zingiz «Akamning to‘yida men so‘zlagan nutq» mavzusida matn tuzing. Undalmalardan o‘rinli foydalaning.
143-mashq. O‘qing. Quyidagi matndan ijobiy ma’no ifodalovchi undalmalarni toping. U personajlarga xos xususiyatlarni ochishda qanday ahamiyat kasb etayotganligini ayting.
Muhiddin ota birdaniga maqsadini aytmay, gapni uzoqdan boshladi.
— Тaqsir, bir rivoyat yodimga tushdi, ijozat bering, aytay. Hoynahoy, siz bu rivoyatdan xabardorsiz. Buni hamrohlarim uchun ayta qolay.
— Marhamat qiling, azizim...
— Roviylar debdilarki, podshoh bir qizning otasi hamda ikki akasini o‘limga hukm etibdi. Qiz o‘limi oldidan bir qultumdan suv berishlarini so‘rabdi. Podsho muruvvat qilibdi. Suvni ichib bo‘lgach, qiz debdiki: «Ey, muruvvatli podshoh, biz siz bergan suvni ichdik. Endi sizga mehmonmiz. Mehmonni o‘ldirish mumkin bo‘lsa, biz o‘limga tayyormiz». Podsho qizning aqliga tan berib hukmni bekor qilgan ekan. Alqissa, shulki, biz sizga mehmonmiz. Haqiqat shulki, siz o‘limga hukm qiluvchi shoh emas, xastalarga shifo beruvchi tabibsiz.
— Unday emas, inim, adashdingiz, astag‘firulloh. Dard beruvchi ham, shifo beruvchi ham yolg‘iz Ollohdir.
— Haq rost, — dedi Muhiddin ota, bosh egib. — Inim, siz meni ko‘rinmas ip bilan bog‘lab oldingiz. Bilib turibman, bu inim, — u Asadbekka qaradi, — xastalar. Muolaja haqida so‘ngroq so‘z yuritamiz. Hozir mehmondorlik taomilini buzmaylik. Avval taom, deydilar. Haligi arobalaring sog‘lom odamni ham xasta etadi. Biroz dam olinglar. Men esa, siz aytgan rivoyatga javob aytay: «Hazrat Luqmon hakimdan so‘rabdilar:
— Тo‘g‘ri va aniq so‘zlashni kimdan o‘rgandingiz?
— Ko‘r odamdan, — deb javob beribdilar hazrat. — Ular bir qadam bosishlaridan oldin avval hassalari bilan yerni paypaslab ko‘radilar. Men esa so‘z aytishdan avval o‘ylayman». Alqissa shulki, siz o‘ylab-o‘ylab durust so‘zlar aytdingiz. Mening ko‘nglim bundan tog‘dir. (Т. Malik)
Do'stlaringiz bilan baham: |