Organik kimyo fani organik moddalarni tashkil qiluvchi uglerod birikmalarining kimyosini o'rganuvchi fan bo'lib, bu fan, asosan XVIII asrning oxiri va XIX asrning boshlarida shakllana boshladi.
Organik moddalar odamzodga juda qadimdan ma lum bo'lgan. Qadimgi odamlar organik bo'yoqlarni (alizarin, purpur, indigo), uzum sharbatini bijg'itib sirka olishni, o'simliklardan shakar hamda moy ajratib olishni, yog'larni ishqorlar bilan qaynatib sovun hosil qilishni bilganlar va bu moddalardan o'z ehtiyojlari uchun foydalanganlar. Biroq bu moddalarning ko'pchiligi aralashmalardan iborat bo'lgan. Sof holdagi organik moddalar dastlab arab alkimyogarlari tomonidan 800-yillardan boshlab ajratib olingan.
IX asrga kelib arab alkimyogarlari sirkadan sirka kislotani, musallas ichimligidan etil spirtini ajratib olishga muvaffaq bo'ldilar. XVI asrda etil spirtiga sulfat kislota bilan ishlov berish natijasida etil sulfo efir olindi. XVIII asrning oxiri va XIX asrning boshlariga kelib organik moddalarni sof holda ajratib olish va ularni o'rganish ancha rivojlandi. Bu davrda mochevina, vino, olma, limon, gall kislotalari sof holda ajratib olindi.
Kimyoning dastlabki rivojlanish davrida anorganik va organik moddalar bir- biridan tafovut qilinmas edi. 1675 yilda fransuz olimi Lemeri tabiatda uchraydigan moddalarni ma'lum bir tartibga soldi hamda ularni uch turga bo'ldi: o'simliklardan olinadigan moddalar, hayvonlardan olinadigan moddalar, mineral moddalar.
Keyinchalik I. Berselius tomonidan 1806 yilda o'simlik va hayvonlardan olinadigan moddalarni birlashtirib, organik moddalar deb atash ilgari surildi.
Kimyoning ana shu organik moddalarni o'rganadigan qismi esa organik kimyo deb ataldi.
Bu davrda kimyoda vitalistik (lotincha «vita»-hayot, «lis»-kuch) ta'limot hukmron edi. Bu ta'limotga ko'ra organik moddalar o'simlik va hayvonlar organizmida qandaydir «Hayotiy kuch» ta'sirida paydo bo'ladi, ularni sintetik usullar bilan olish mumkin emas, deb hisoblanar edi. Bu ta'limot organik kimyo fanining rivojlanishi uchun to'sqinlik qilib keldi. Ammo ko'p vaqt o'tmay bu ta'limot no'to'g'ri ta'limot ekanligi isbotlandi. 1824 yilda I. Berseliusning shogirdi, nemis vrachi va kimyogari F. Vyoler laboratoriya sharoitida ditsian (CN)2 gazidan o'simlik organizmida uchraydigan oksalat kislotani, 1828 yilda esa ammoniy sianatdan hayvon organizmida hosil bo'ladigan mochevinani sintez qilishga muvaffaq bo'ldi. F. Vyolerning bu kashfiyoti I. Berseliusning vitalistik ta'limotiga qaqshatqich zarba bo'lib tushdi.
Keyinroq 1845 yilda nemis kimyogari A. V. Kolbe sirka kislota, 1854 yilda fransuz kimyogari M. Bertlo yog', 1861 yilda rus olimi A. M. Butlerov shakarsimon modda sintez qildilar. Bu sintezlar natijasida «Hayotiy kuch» haqidagi reaksion ta'limotga hal qiluvchi zarba berildi va organik kimyo fanining rivojlanishiga keng yo'l ochildi. 1830 yilda Yu. Libix tomonidan organik moddalarni tahlil qilish texnikasi ham rivojlantirildi. Natijada organik birikmalarni tahlil qilish va o'rganish uchun imkon tug'ildi. Organik birikmalarning hammasida uglerod atomi borligi isbotlandi va ular tarkibida ugleroddan tashqari vodorod, kislorod, azot, oltingugurt va boshqa elementlar atomlari ham mavjudligi aniqlandi.
XIX asrning boshlarida organik kimyo fani organik moddalarni tashkil qiluvchi uglerod birikmalarining kimyosini o'rganuvchi fan sifatida vujudga keldi.
Organik kimyo organik moddalarning asosiy manbalari-toshko'mir, neft, tabiiy gaz, o'rmon va qishloq xo'jaligi mahsulotlarini qayta ishlash yo'li bilan xalq xo'jaligi uchun zarur bo'lgan yoqilg'i, bo'yoq, portlovchi modda, dori-darmon, sun'iy ipak, mineral o'g'it va boshqa mahsulotlarni yetkazib beradi. Paxta tolasini qayta ishlash, sun'iy ipak, kapron, neylon va lavsan kabi tolalarning olinishi to'qimachilik sanoatining rivojlanishi uchun organik kimyoning qo'shgan katta hissasi hisoblanadi. Organik kimyo fanining taraqqiyoti, texnika va umuman ishlab chiqarishning rivojlanishi uchun hal qiluvchi omil bo'lib hisoblanadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |