Trener uchun ko‘rsatma: ishtirokchilar tomonidan shovqin-suron ko‘tarilmasligiga e’tibor qaratish lozim. Shuningdek, vaziyatni ko‘rsatib berish uchun 5 daqiqa vaqt berilganligini eslatib turishi lozim.
Barcha ishtirokchilar vaziyatlarni ko‘rsatib berganlaridan so‘ng, muhokamaga o‘tiladi va quyidagi savollarga javob beradi.
Nizo vaqtida aralashib, ikki tomonni yarashtirib qo‘yish kerakmi yoki indamay tomosha qilish yaxshimi?
Sizningcha, nizolarni hal etishning boshqa yo‘llaridan yarashtirib qo‘yish usulining farqi nimada? Afzalliklari va salbiy jihatlari.
Yarashtirib qo‘yuvchi, ya’ni o‘rtada turuvchi odam nizo paytida nimalar qilishi kerak?
Yarashtiruvchi, ya’ni o‘rtada turuvchi inson qanday bo‘lishi kerak?
Guruhlar o‘zlarining javoblarini beradi, taqdim etilgan material bo‘yicha muhokama bo‘ladi. Trener ishtirokchilarning fikr-mulohazalarini to‘ldiradi, vaziyatdagi holatlarni izohlab o‘tadi va xulosa qilib, yakun yasaydi.
“Nizo paytida yordam berish” mashqi.
Maqsad: nizo paytida uchinchi tomonning roli va amalga oshiriladigan vazifalarini ishtirokchilarga ko‘rsatib berish.
Trener uchun ko‘rsatma: trener ishtirokchilarga quyidagi vaziyatlarni o‘qib beradi.
1. Maftuna va Alisher bir sinfda o‘qiydi. Bir oy oldin Alisher Maftunaning matematika daftarini olgan. Kecha Maftuna Alisherdan daftarini qaytarishini so‘radi. Lekin, u rad etdi.
2. Nasibaning dugonalaridan biri doim uning ingliz tili bo‘yicha lug‘atini foydalanish uchun oladi, lekin qaytarishni esidan chiqarib qo‘yadi. Kecha kechqurun u ingliz tilidan berilgan uyga vazifani bajarmoqchi bo‘lib, sumkasidan lug‘atni qidirdi, ammo topolmadi. Nasiba lug‘atni dugonasi olib qaytarib bermagan deb hisoblaydi.
Guruhdagi ishtirokchilar soniga qarab ikki yoki uch kishidan iborat guruhlarga bo‘linadi. Guruhlar bunday vaziyatda qanday yo‘l tutsa bo‘ladi, vaziyatni qanday hal qilish kerak, degan savollarga javob beradi va zarur tavsiyalar ishlab chiqadi.
Har bir guruh o‘z fikr-mulohazalari va ishlab chiqqan tavsiyalarini ishtirokchilarga aytib o‘tadi.Trener esa bildirilgan fikrlarni izohlaydi va bu vaziyatda ular qanday rol, vazifalarni bajarganliklarini tushuntirib beradi. Bunda bajargan rollarni quyidagicha nomlash mumkin.
maslahatchi (guruhdagi a’zolarning biri bilan yaqin munosabatda bo‘lib, balki, vaziyatni birgalikda muhokama qilgan va maslahat bergan);
advokat (bir tomon kuchlilik qilsa, kuchsiz tomonni himoya qilishi mumkin);
sudya (har biriga javobgarlik chorasini belgilaydi, qaror qabul qiladi va uni bajaradi);
psixolog (eshitadi,tinchlantiradi, qo‘llab-quvatlaydi);
o‘rtada turuvchi yoki yarashtiruvchi shaxs (tomonlarning o‘zaro til topishishiga va masalani ijobiy hal etishga yordam beradi).
Trenerning vazifasi ko‘rilgan vaziyatda ishtirokchilar tomonlarning boshqa yana qanday vazifa va funksiyalarni tasvirlaganlarini hamda ular o‘rtasidagi farqlarni aniqlashdan iborat.
Do'stlaringiz bilan baham: |