Byudjet tuzilishi mamlakatning davlat byudjeti va byudjet tizimini, uning ayrim bo’g’inlari o’rtasidagi o’zaro munosabatlarni tashkil qilishni, byudjet tizimiga kiradigan byudjetlar faoliyatining huquqiy asoslarini, byudjetlar tarkibi va tuzilmasini, byudjet mablag’larini shakllantirish va sarflashdagi tartib-qoidalar va boshqalarni belgilab beradi.
O’zbekiston Respublikasining byudjetining tuzilishi O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi, O’zbekiston Respublikasinng “Byudjet tizimi to’g’risida” qonuni, O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining har yili qabul qilinadigan “O’zbeksiton Respublikasining davlat byudjeti to’g’risidagi” qarori va Vazirlar Mahkamasining “O’zbekiston Respublikasi davlat byudjetining asosiy makroiqtisodiy ko’rsatkichlari va parametrlari prognozi to’g’risida” qarorlari va boshqa qonun hujjatlari asosida belgilanadi.
Byudjet tuzilishining asosiy tarkibiy qismi byudjet tizimidir.
Byudjet tizimi turli darajadagi byudjetlar va byudjet mablag’lari oluvchilar yig’indisini, byudjetlarni tashkil etish va tuzish printsiplarini, byudjet jarayonida ular o’rtasida, shuningdek, byudjetlar hamda byudjet mablag’lari oluvchilar o’rtasida vujudga keladigan o’zaro munosabatlarni ifoda etadi.
Byudjet tizimi – davlat moliya tizimining bosh bo’g’ini hisoblanadi.
Byudjet tuzilishi asoslari mamlakatning davlat tuzumi, mamlakatda amalda bo’lgan asosiy qonun xujjatlari, byudjetning ijtimoiy takror ishlab chiqarish va ijtimoiy jarayonlardagi roli bilan belgilanadi. Shuningdek, byudjet tizimi tuzilishi mamlakatning davlat va ma’muriy tuzilishi shakliga bog’liq. Hokimiyatning markaz va ma’muriy-xududiy birliklar o’rtasida taqsimlanishi darajasiga ko’ra barcha davlatlar unitar, federativ va konfederativ davlatlarga bo’linadilar. O’zbekiston Respublikasi unitar davlatdir.
Unitar (yagona) davlat – bu ma’muriy-huquqiy birliklar (tuzilmalar) o’z davlatiga yoki muxtoriyatiga ega bo’lmaydigan davlat tuzilishidir. Mamlakatda yagona konstitutsiya, hamma uchun umumiy bo’lgan huquq tizimi va yagona hokimiyat organlari, davlatda iqtisodiy, ijtimoiy va siyosiy jarayonlarni markazlashtirilgan boshqarish amal qiladi.
Unitar davlatning byudjet tizimi ikki bo’g’indan – davlat byudjeti va mahalliy byudjetlardan tashkil topadi.
O’zbekiston Respublikasi byudjet tizimi tuzilishining asosiy printsiplari:
byudjet tasnifi tizimi, hisob-byudjet hujjatlari va byudjet jarayoni tuzilishining yagonaligi;
byudjet tuzilishining O’zbekiston Respublikasi ma’muriy-xududiy tuzilishiga muvofiqligi;
turli darajadagi byudjetlarning o’zaro bog’liqligi;
Davlat byudjetining balansliligi;
Davlat daromadlarini aniq manbalar bo’yicha va xarajatlarini yo’nalishlari (moddalari) bo’yicha rejalashtirish;
Davlat byudjeti xarajatlarini byudjetdan ajratiladigan tasdiqlangan mablag’ doirasida sarflash;
barcha darajadagi byudjetlarning mustaqilligi.
Barcha darajadagi byudjetlarni shakllantirish, ko’rib chiqish, qabul qilish va ularning ijrosi hisobini yuritish O’zbekiston Respublikasining milliy valyutasi – so’mda amalga oshiriladi.
Byudjet tizimiga rahbarlikni O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi, Vazirlar Mahkamasi, Moliya vazirligi olib boradi. O’zbekiston Respublikasida byudjet tizimini Moliya vazirligi boshqaradi. Moliya vazirligi yagona byudjet siyosatini ta’minlaydi, davlat byudjeti resurslarini davlat byudjetiga muvofiq rejalashtirishni va moliya muassasalariga uslubiy rahbarlikni olib boradi.
Byudjet tizimini boshqarishni O’zbekiston Respublikasi byudjet tizimi tuzilishining asosiy printsiplariga muvofiq moliya organlari va bank muassasari amalga oshiradilar.
Barcha darajadagi byudjetlar yagona byudjet tasnifi – daromadlar va xarajatlarni tasnif ob’ektlariga guruhlovchi xos raqam (kodlar) berish bilan guruhlash ko’rsatkichlari doirasida shakllantiriladi va ijro etiladi.
1999 yilga qadar asosan sobiq Ittifoqda qo’llanilgan tasnifdan foydalanildi. Byudjet qismlar, bo’limlar va moddalarga bo’linib, umumlashgan funktsional va iqtisodiy tasnif belgilariga ega edi. Bu tasnifning batafsil bayoni xalqaro standartlarga muvofiq hisobotlar taqdim etish yoki milliy hisob varaqlar tizimiga mos kelishi jihatidan talabga javob bermas edi. Yangi tasnifni amalga kiritish bilan bu kamchilikka barham berildi va yangi tasnif 2000 yil byudjetga nisbatan qo’llanildi. Natijada yangi tasnif tahlil imkoniyatlarini kengaytirdi va byudjet mablag’larini 4 asosiy taoifaga bo’lib, ulardan foydalanishda zaruriy moslanuvchanlikni ta’minladi. Bular ish haqi, ijtimoiy to’lovlar, kapital qo’yilmalar va boshqalar.
Do'stlaringiz bilan baham: |