Byudjet tasnifi – Davlat byudjeti tuzilmasiga kiruvchi byudjetlar daromadlari va xarajatlarini, shuningdek, uning taqchilligini moliyalashtirish manbalarini guruhlashdir.
Byudjet tasnifi Davlat byudjetini tuzish, ko’rib chiqish, qabul qilish hamda ijro etish maqsadida byudjet ma’lumotlarini tizimga solish uchun foydalaniladi va u byudjet ma’lumotlarini xalqaro tasnif tizimlarining aynan shunday ma’lumotlari bilan qiyoslanishini ta’minlaydi.
Byudjet tasnifi:
Davlat byudjeti daromadlari tasnifini;
Davlat byudjeti xarajatlarining vazifa jihatidan (funktsional), tashkiliy va iqtisodiy tasnifini;
Davlat byudjeti taqchilligini moliyalashtirish manbalari tasnifini o’z ichiga oladi.
Davlat byudjeti daromadlarining tasnifi qonun xujjatlariga muvofiq daromadlarni turlari va manbalari bo’yicha guruhlashdan iborat.
Davlat byudjeti xarajatlarining vazifa jihatidan tasnifi xarajatlarni davlat boshqaruvi organlari, mahalliy davlat xokimiyati organlari, shuningdek, boshqa byudjet tashkilotlari tomonidan ijro etiladigan asosiy vozifalar bo’yicha guruhlashdan iborat bo’ladi.
Davlat byudjeti xarajatlarining tashkiliy tasnifi xarajatlarni xo’jalik yurituvchi sub’ektlar turlari va byudjetdan ajratiladigan mablag’lar ularni bevosita oluvchilar o’rtasida taqsimlanishni aks ettiruvchi tadbirlar bo’yicha guruhlashdan iborat bo’ladi.
Davlat byudjeti xarajatlarining iqtisodiy tasnifi xarajatlarni to’lovlarning iqtisodiy vazifasi va turlari bo’yicha guruhlashdan iborat bo’ladi.
Davlat byudjeti taqchilligini moliyalashtirish manbalari tasnifi taqchillikni moliyalashtirishning ichki va tashqi manbalari bo’yicha guruhlashdan iborat.
Byudjet tasnifi qonun hujjatlarida belgilangan tartibda O’zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi tomonidan ishlab chiqiladi va tasdiqlanadi.
Byudjetni rejalashtirish – davlatning moliya siyosati talablariga muvofiqlashtirilgan moliyaviy rejalashtirishning muhim tarkibiy qismini tashkil qiladi.
Bunday rejalashtirishning iqtisodiy vazifasi turli darajadagi byudjetlar va nobyudjet jamg’armalarini tuzish va ijrosi jarayonida mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning umummilliy dasturlari asosida ijtimoiy mahsulot va milliy daromad qiymatini moliyaviy tizim bo’g’inlari o’rtasida markazlashtirilgan rejalashtirishdan iboratdir. Byudjetni rejalashtirish davomida moliya mamlakatni rivojlantirish davlat dasturlarining asosiy iqtisodi va sifat ko’rsatkichlariga hamda tabiiy, moddiy, mehnat, moliya resurslaridan samarali foydalanish rezervlarini topishga faol ta’sir ko’rsatadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |