Ko’krak nervlari
Hayvonlarning ko’krak umurtqasi qancha bo’lsa, shuncha juft ko’krak nervi bo’ladi. Har qaysi nerv biriktiruvchi oq tarmog’i – ramus communicans albus bilan simpatik nerf o’qiga qo’shiladi.
Simpatik nerv stvolidan 1-2 ta kulrang tarmoqcha - ramus communicans griseus chiqadi. Ko’krak nervlari ham yuqorigi va pastki tarmoqlarga bo’linadi. Yuqorigi tarmog’i umurtqa pog’onasi muskullariga boradi, pastki tarmog’idan qovurg’alararo nerv- n. Intercostalis hosil bo’lib, u qovurg’alararo muskullarni harakatga keltiradi. Uning o’rta tarmog’i plevra oralig’iga, to’sh va qorin muskullariga taqaladi. Yon tarmog’i oldingi oyoqning tanaga biriktiruvchi muskullariga va terisiga tarqaladi. Qorako’l qo’ylarda birinchi ko’krak nervi sakkizinchi bo’yin nervi bilan bog’lanadi.
Bel nervlari
Bel atrofidan chiqadigan nervlar ham bel umurtqalari soniga teng bo’ladi. Belning ikkinchi, to’rtinchi umurtqasidan chiqadigan nervlar simpatik nervlarga oq tarmoqlar beradi, belning hamma nervlariga biriktiruvchi kulrang tarmoq keladi. Bel nervlarining har qaysisi yuqorigi va pastki tarmoqlarga bo’linadi. Yuqorigi tarmoqlar belning yozuvchi muskullariga, teriga tarqaladi. Pastki tarmoqlar belning nerv chigalini hosil qiladi, undan quyidagi nervlar chiqadi:
Yonbosh-qorin devori nervi – n. Ilihypogastericus belning birinchi juft nervidan hosil bo’lib, belning kichik kvadrat va qorin muskullariga hamda terisiga, urg’ochi hayvonlarda sut bezlariga, erkak hayvonlarda jinsiy a’zoga tarqaladi. Qorako’l qo’larda nerv stvoli tarmoqlarga avval bo’linmay, keyin bo’linib ketadi.
Yonbosh – chov nervi - n. ilioiguinalis belning ikkinchi, uchinchi juft nervidan hosil bo’lib, bel va qorin muskullariga, tashqi jinsiy organ va sut bezlariga tarqaladi. Qorakqo’l qo’ylarda yon va o’rta tarmoqlarga bo’linadi.
Urug’donning tashqi nervi - n. spermaticus externa belning ikkinchi, uchinchi va to’rtinchi juft nervlaridan hosil bo’lib,bel va qorin muskullariga, sonning ichki yuzasi terisiga, tashqi jinsiy azoga va urg’ochi hayvonlarda yelinning parenximasiga boradi. Bu nerv hamma hayvonlarda deyarli bir xil tarqaladi.
Bel-teri nervi- n. psoadica cutaneus belning uchinchi, to’rtinchi, beshinchi juft nervlarida hosil bo’lib, ikki tarmoqqa bo’linadi, ularning biri belning katta muskuliga, ikkinchisi esa sonning yon qismi terisi - n. cutaneus femoris lateralis ga bo’linib, tizza kosasining ustigacha tarqaladi.
Son nervi- n. femoralis belning beshinchi (uchinchi), to’rtinchi va oltinchi juft nervlarida chiqib, sonning to’rt boshli muskullariga va teri ostiga tarmoqlanib kiradi.
Teri osti nervi- n. saphenus anchagina yo’g’on bo’lib, keyingi oyoqning ichki yuza qismidagi teri nervidir. Bu nerv boldir va barmoq qismlariga tarqaladi. Qorako’l qo’ylarida teri osti nervi uch tarmoqchaga bo’linib, teri, bo’g’im va muskullarga tarqaladi.
Yopuvchi nerv- n. obturatorius belning beshinchi, to’rtinchi va oltinchi juft nervlaridan chiqadi va son nervidan bir oz kichikroq bo’ladi. Bu nerv to’g’ri tosning yopiqteshigiga borib, yopuvchi va tos-son bo’g’imi muskullariga tarqaladi. Yopuvchi nervning tarmoqlari bel-dumg’aza chigali nervlariga qo’shtladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |