De-sa-lar-kim,/ be-sha-yi Mo-/ zan-da-ron-g`a / tush-ti o`t.
– V – – / – V – – / – V – – / – V –
Ushbu baytdagi “beixtiyor” so`zidagi “be”, “desalarkim” so`zidagi “de”, “beshayi” so`zidagi “be” hijolaridagi qisqa unlilar istihlofga uchragan, ya’ni qisqa unlilar vazn talabi bilan cho`ziq qilib aytilgan. Bunday hijo urg`u olgan hisoblanadi. Ammo cho`ziq hijolarning barchasi ham urg`u olavermaydi. Negaki bir so`zda bir nechta cho`ziq hijo bo`lishi mumkin.
III. O`ta cho`ziq hijo. Belgisi. Misra oxirida: “ ~ ”. Qolgan o`rinlarda vazn talabi bilan yo bunday: “ – V ”, yo mana bunday: “ V – ”.
A. Tarkibida “o”, “u”, “o`” unlisi bo`lgan yopiq bo`g`in o`ta cho`ziq hijo sanalishi mumkin:
O-ra-zing-ning lam’-a-si kuy-dur-di sab-rim xay-li-ni, (15 bo`g`in )
– V – – / – V – – / – V – – / – V –
Bar-qi o-fat cha-qi-lib ul kor-von-g`a tush-ti o`t8. (14 bo`g`in )
– V – – / – V – – / – V – – / – V –
Yuqoridagi baytda “chaqilib” so`zi xato berilgan, “choqilib” tarzida berilganda g`azal vazniga mos keladi, ayni damda mazmunga putur yetmaydi. “Korvong`a” so`zidagi “kor” bo`g`ini o`ta cho`ziq hijo bo`lib, vazn talabiga ko`ra “– V” tarzida belgilanadi.
B. Ketma-ket undosh bilan tugagan bo`g`in o`ta cho`ziq hijo sanalishi mumkin.
Ey na-si-mi subh, ah-vo-lim di-lo-ro-mim-g`a ayt, 14 bo`g`in.
– V – – / – V – – / – V – – / – V –
Zul-fi sun-bul, yu-zi gul, sar-vi gu-lan-do-mim-g`a ayt. 15 bo`g`in.
– V – – / – V – – / – V – – / – V –
Bo`g`in va hijoni, hijoning ko`rinishlarini farqlay olgan o`quvchi asl ruknlarni, ular orqali bahrlarni o`rgana oladi.
Rukn tushunchasi. Rukn misraning ritmik bo`lagi sifatida. Ruknlarning vujudga kelishi. Asliy ruknlar: fauvlun, foilun, mafoiylun, foilotun, mustaf’ilun, maf’uvlotu, mafoilatun va mutafoilun. Tarmoq ruknlar. Ruknlardan bahrlarning hosil bo`lishi. Rukn va bahr munosabati. Bahrlar va ularning tarkibiy tuzilishi.
“Rukn” arabcha so`z bo`lib, “ustun”, “tayanchiq” degani.9 “Rukn aruzda juzv (turkiy aruzda hijo)larning muayyan tartibda birikishidan hosil bo`luvchi ritmik bo`lak, juzv bilan bahr orasidagi ritmik birlik”10. Rukn va turoqning o`xshashligi aynan hijolarning guruhlanib kelishida, farqlari quyidagilar:
1.Rukn aruz, turoq barmoq vazniga daxldor ritmik birlik.
2. a) ruknda so`zlarni bo`lib, ikki ruknga daxldor qilish imkoniyati bor. Masalan, quyidagi baytda beshta so`z bo`lib, ikki ruknga daxldor qilingan:
Xasta ko`nglum / o`rtanur, go`/yo sevar jo/nim borur,
fo`ilotun / fo`ilotun / fo`ilotun / fo`ilun,
Yig`lag`um ke/lur, magar gul/bargi xando/nim borur11.
Fo`ilotun / fo`ilotun / fo`ilotun / fo`ilun.
b) turoqda so`zlar bo`linmaydi, yaxlit holida bir turoqqa tegishli bo`ladi.
Misol: 6 5
Mensiz yasholmaydi / mana bu qalam,
6 5
Mensiz yasholmaydi / bu oppoq daftar12.
3. a) rukn soni bir baytda sakkiztagacha, mustazod janrida undan ham ortiq bo`ladi va rukn soni vazn nomida o`z ifodasini topadi. Ayni damda, rukn soni hisoblanar ekan, bayt inobatga olinadi. Masalan, yuqoridagi birinchi misolda rukn soni sakkizta bo`lib, vazni hazaji musammani mahzuf.
b) turoq bir misrada, ko`pincha, ikkita, ba’zan uchta bo`ladi. Ammo rukn kabi vazn nomida aks etmaydi.
XX asrgacha adabiyotshunosligimizning “ilmi aruz” qismida ruknlar o`rganilar ekan, hazrat Navoiy yozganlaridek “nazm avzoni usulining binosin uch ruknga qo`yubturlarkim, alarni sabab va vatad va fosila debdurlar”13. Bugun asl ruknlar nomini yodlash va ular yordamida paradigmasini chizishni o`rgansa bo`ladi. Paradigma orqali esa aruz vaznida yozilgan ma’lum she’r vaznini aniqlash imkoni tug`iladi. “Mezon ul-avzon”ga tayanib, sakkiz asl rukn nomini va uning paradigmasini keltirish mumkin. Ruknlar paradigmasini chizishda yopiq va “o” unlisi bilan tugagan bo`g`inni cho`ziq, qolgan unlilar bilan tugagan ochiq bo`g`inni qisqa hijo hisoblab ish ko`rish zarur. Bu qoida faqat ruknlar nomiga qarab, ular paradigmasini belgilash jarayonida muhimdir. She’rning vaznini aniqlash chog`ida aynan shu qoida o`z kuchida qolmaydi.
Sakkiz asl rukn nomi to`g`ri yozilmas ekan, paradigmasini chizishda xatoliklar paydo bo`ladi. Aytaylik, ayrim ilmiy manbalarda “mafo`ilun” deb berilar ekan, asl rukn nomi emas, zihofi berilgan hisoblanadi va bunday ruknning paradigmasi quyidagicha bo`ladi: ma-fo`-i-lun V – V – Shu sabab asl ruknlar nomini to`g`ri yodlash lozim. Buning uchun ruknlar nomi to`g`ri yozilishi shart. Asl ruknlar nomida tutuq belgisining berilishi ham muhim. Zero, tutuq belgisi bo`lmasa, mustaf’ilun rukni mus-ta-fi-lun, maf’uvlotu rukni ma-fuv-lo-tu tarzida bo`g`inga ajratilishi, oqibatda bu ruknlarning paradigmasi quyidagicha bo`lishi mumkin:
mus-ta - fi-lun, ma-fuv-lo-tu
– V V – V – – V
Tutuq belgisi muhim ekan, uni ayrim ruknlarda emas, barcha ruknlarning zarur o`rinlarida qo`llash kerak. Sakkiz asl rukn asl bahrlarni hosil qilishi bilan ahamiyatlidir.
Do'stlaringiz bilan baham: |