To‘g‘rilik
Aytishlaricha, qadim-qadim zamonda bir podsho koshona qurdirishni ixtiyor etibdi. U mashhur hunarmand ustalarni huzuriga chaqirib, maqsadini aytibdi. Ustalar reja tuzib, eng to‘g‘ri, kam-ko‘sti yo‘q, baland ustun axtarishib, shahar-u qishloqlarni kezib chiqishibdi. Nihoyat, yolg‘iz yashovchi keksa ayol hovlisidagi azim terakni tanlashibdi. Ular kampirga tilla tangalar berib, terakni kesib olib ketibdilar.
Uni saroyning o‘rtasiga o‘rnatibdilar, zarhal naqshlar bilan-ishlov beribdilar. Ustun esa saroy chiroyini yana ham ochib yuboribdi. Saroy bitgach, odamlar uni tomosha qilgani kelishibdi. Saroyni ko‘rish uchun kelgan kampir ham ustunga qarab: «To‘g‘ri o‘sganing uchun mana shunday bezanib, el e'tiborini tortib turibsan. Egri bo‘lib o‘sganingda o‘tin bo‘lib, yonib kul bo‘larding. To‘g‘rilik senga shunchalar izzat-ikrom baxsh etdi. Shu tufayli men ham yo‘qchilikdan qutulib, turmushim yaxshilanib ketdi», - degan ekan.
Demak, to‘g‘rilik, halollik insonni kamolot sari yetaklaydi.
Maktab-ulug‘ dargoh
Barchamizga ayonki, inson qalbiga yo‘l avvalo ta`lim-tarbiyadan boshlanadi. Shuning uchun qachonki bu haqida gap ketsa, ajdodlarimiz qoldirgan bebaho merosni eslash bilan birga, ota-onalarimiz qatori biz uchun eng yaqin bo‘lgan yana bir buyuk zot- o‘qituvchi va murabbiylarning olijanob mehnatini hurmat bilan tilga olamiz.
Biz yurtimizda yangi avlod, yangi tafakkur sohiblarini tarbiyalashdek mas`uliyatli vazifani ado etishda birinchi galda ana shu mashaqqatli kasb egalariga suyanamiz, ertaga o‘rnimizga keladigan yoshlarning ma`naviy dunyosini shakllantirishda ularning xizmati naqadar beqiyos ekanini yaxshi tasavvur qilamiz.
Bu yorug‘ olamda har bir odam o‘zining mehribon ota-onasiga, ustoz va muallimiga nisbatan hamisha minnatdorlik tuyg‘usi bilan yashaydi. Inson o‘z umri davomida qanday yutuq va natijalarga erishmasin, qayerda, qanday lavozimda ishlamasin, maktab dargohida olgan ta’lim-tarbiyasi uning yetuk shaxs va malakali mutaxassis bo‘lib shakllanishida ulkan ahamiyatga ega ekani shubhasiz.
Muxtasar aytganda, maktab degan ulug‘ dargohning inson va jamiyat taraqqiyotidagi hissasi va ta’sirini, nafaqat yoshlarimiz, balki butun xalqimiz kelajagini hal qiladigan o‘qituvchi va murabbiylar mehnatini hech narsa bilan o‘lchab, qiyoslab bo‘lmaydi.
Shu nuqtayi nazardan qaraganda, ma’rifatparvar bobolarimizning fikrini davom ettirib, agarki dunyo imoratlari ichida eng ulug‘i maktab bo‘lsa, kasblarning ichida eng sharaflisi o‘qituvchilik va murabbiylikdir, desak, o‘ylaymanki , ayni haqiqatni aytgan bo‘lamiz. Chindan ham, o‘qituvchi nainki sinf xonasiga fayz va ziyo olib kiradigan, balki ming-minglab murg‘ak qalblarga ezgulik yog‘dusini baxsh etadigan, o‘z o‘quvchilariga haqiqatdan ham hayot maktabini beradigan mo‘tabar zotdir. Ona tilimizda “maktab ko‘rgan”, “maktab yaratgan” degan chuqur ma’noli iboralarning mavjudligi ham bu muqaddas dargohning , zahmatkash o‘qituvchi mehnatining davlat va jamiyat hayotida qanchalik muhim o‘rin tutishidan dalolat beradi.
(I.A.Karimov “Yuksak ma’naviyat-yengilmas kuch” asaridan)
Do'stlaringiz bilan baham: |