Gul shaydosi Orif otaning-ku, ertayu kech chakkasida rayhon. Tong pallasida bir dastasini do‘ppi tagidan qistirib olganicha, yostiqqa bosh qo‘yadi-yu, rayhonni yoniga tashlaydi. Hidi kelib turmasa ishidan yanglisharmish, uyqusi qocharmish. Orif ota gullar ta’rifini hikoya qilguday bo‘lsa, hamsuhbatining og‘zini ochirib qo‘yadi. Bitta rayhonning necha turini sanab, biridan-birining farqini aytib beradi. Uning nazarida, gullar ichida, nainki gullar, jamiki nabotot olamida rayhondek xushbo‘yi yo‘qmish. Huda-behudaga so‘lib, qurimaydi. Dimog‘ingni chog‘ qilsa, oshingni xushta’m qiladi. (115 сўз, Rahmat Fayziy)
Vijdon
Vijdon – bu kishining kundalik faoliyati,qilmishi,fe`l-atvori uchun oila,jamoat ,jamiyat va Vatan oldida ma`naviy mas`uliyat his etishidir. Shu yuksak axloqiy tushuncha shaxsni ijobiy xatti –harakatlarga undab va shunga moyil qilib,o‘z faoliyatiga o‘zi baho berishga olib keladi. Vijdonli kishi nohaq , adolatsiz ishlardan g‘azabga keladi, bularga qarshilik bildiradi; o‘z faoliyatining yaxshi tomonlaridan qanoatlanib, xursand bo‘lsa, yomon tomonlaridan norozi bo‘lib, ruhan eziladi, ya`ni vijdon azobiga uchraydi. Vijdon- tug‘ma xislat deyuvchilar ham bor. Vijdon – kishilarning yashab turgan sharoitiga, olgan ta`lim – tarbiyasiga bog‘liq , deb hisoblovchilar ham mavjud. Biz o‘zimizning turmush tajribamizda aslida vijdonsiz kimsaning voyaga yetib, o‘qimishli, katta odam bo‘lib yetishganidan keyin vijdonli bo‘lib qolganini uchratmadik. Vijdon ko‘p yoki oz bilimlilikka , boy yoki kambag‘al bo‘lishlikka, oddiy yoki mashhurlikka bog‘liq emas.
(120 ta so‘z)
Ota-ona – oltin qanot
Jahonning hamma xalqlari kabi o‘zbek xalqi ham qadim-qadimdan ota-onani olamda eng ulug‘, eng mo‘tabar, eng muqaddas zot deb biladi va o‘z dunyoqarashida, yozma va og‘zaki adabiyotida, san`atda, kundalik muomalasida, ibratli so‘zlarida ota-onaning farzand uchun qanchalar qadr-qimmatli, mehribon, madadkor, ma`naviy tayanch ekanligini qayd etadi.
Ularni umrbod e`zozlash, izzat-hurmat qilish, qadriga yetish, boshiga ko‘tarib yurish, ularning gapini yerda qoldirmaslik, aytganini qilish, nasihatlariga quloq solish, dilini og‘ritmaslik, la`nat-u qarg‘ishiga qolmaslik, aksincha, yaxshilik qilib, oq sutini oqlab, ularni rozi qilib, olqish-u duosiga sazovor bo‘lish, ularning boshlagan ishlarini, an`analarini davom ettirish nihoyatda zarur, eng muqaddas burch ekanligi qayta-qayta uqtiriladi. Buyuk shoirimiz Navoiy bu haqda shunday deganlar:
Boshni fido ayla ato qoshig‘a,
Jismni qil sadqa ano boshig‘a.
Tun-kuningg‘a ylagali nur fosh,
Birisin oy ayla, birisin quyosh.
(127 ta so‘z. “Hikmatnoma” kitobidan)
Do'stlaringiz bilan baham: |