Frazeologiya
Nutqda ikki yoki undan ortiq so‘zlarning o‘zaro ma’no va grammatik jihatdan bog‘lanishidan tuzilgan birikmalar qo‘llaniladi.
Bunday birikmalarning ayrimlari nutq jarayonida tuziladi, ayrimlari esa tilda tayyor birikma shaklida mavjud bo‘ladi. Ular bir-biridan o‘ziga xos belgilari bilan farq qiladi.
Nutq jarayonida tuzilgan birikma kamida ikkita mustaqil so‘zdan tashkil topadi va murakkab tushuncha ifodalaydi. Bunday so‘z birikmasi ifodalaydigan tushuncha tarkibidagi so‘zlarning ma’nosi asosida yuzaga keladi: qiziqarli asar. Bunday so‘z birikmasi tarkibidagi so‘zlar ayrim-ayrim so‘zlarga ajrala oladi: qiziqarli asar – zerikarli asar. SHuning uchun ular erkin so‘z birikmasi deb yuritiladi.
Tilda ko‘p vaqt bir qolipda qo‘llanaverib, bo‘linmaydigan holga kelib qolgan birikmalar mavjud: og‘zi qulog‘ida. Demak, so‘z birikmalari ikki xil: a) erkin so‘z birikmasi;b) turg‘un so‘z birikmasi. Turg‘un birikmalar ikki xil: a) birikmali atamalar; b) iboralar.
Tilda ikki yoki undan ortiq so‘zdan tarkib topib, ko‘chma ma’no ifodalaydigan, ma’nosi bir so‘zga teng keladigan turg‘un birikmalar ibora (frazeologik birlik) deyiladi.
Birikmalargina emas, ayrim gaplar ham ibora holiga kelib qolishi mumkin: Ishtahasi ochildi. Dili siyoh bo‘ldi.
Iboralarning barchasi ko‘chma ma’no ifodalaydi va ularda emotsionallik so‘zga nisbatan kuchli bo‘ladi. SHuning uchun iboralar nutqning ifodalaligini va ta’sirchanligini oshiradi.
Tilning iboralarni o‘rganadigan bo‘limi frazeologiya, iboralar yig‘indisi esa frazeologizm deb yuritiladi.
Iboralar o‘rtasida ham o‘zaro sinonimlik, antonimlik, omonimlik hodisasi bo‘lishi mumkin.
Leksikografiya
Tilshunoslikning lug‘at tuzish ishi bilan shug‘ullanadigan bo‘limi leksikografiya deyiladi. Lug‘atlar tilning lug‘aviy boyligini to‘plovchi kitobdir. Lug‘atlar muayyan mavzularda tuzilib, unda so‘zlar alfavit tartibida joylashtiriladi. Lug‘at tuzish ishi bilan lug‘atshunoslar qadimdan shug‘ullanib kelishgan. Masalan, XVI asarda usmonli turk tilida «Abushqa» lug‘ati yaratilgan.
Lug‘atlar xarakteriga ko‘ra ikki turga bo‘linadi:
1) qomusiy (entsiklopedik lug‘at) lug‘atlar; 2) lingvistik lug‘atlar.
Qomusiy lug‘atlar ilmiy, siyosiy, adabiy va ishlab chiqarishga xos tushunchalar, borliqdagi predmetlar va voqea-hodisalar haqida ma’lumot beradi.
«O‘zbek milliy entsiklopediyasi», «Uy-ro‘zg‘ or entsiklopediyasi», «Salomatlik entsiklopediyasi», «U kim, bu nima?» kabi lug‘atlar qomusiy lug‘atlar sirasiga kiradi.
So‘zlarni tilshunoslik nuqtai nazardan izohlaydigan lug‘atlar lingvistik lug‘at deb yuritiladi. Lingvistik lug‘atlar bir tilli, ikki tilli va ko‘p tilli bo‘ladi.
Bir tilli lingvistik lug‘atlarda lug‘aviy birliklar bir tilning - o‘zbek tilining o‘zida izohlanadi. Bunday lug‘atlarga «Imlo lug‘ati», «Orfoepik lug‘at», «O‘zbek tilining morfem lug‘ati», «O‘zbek tilining sinonim so‘zlar lug‘ati», «O‘zbek tilining omonim so‘zlar lug‘ati», «O‘zbek tilining antonim so‘zlar lug‘ati», «O‘zbek tilining frazeologik lug‘ati», «Etimologik lug‘ati», 1981 yilda yaratilgan «O‘zbek tilining izohli lug‘ati» (2 jild) kabilar. «O‘zbek tilining izohli lug‘ati»da so‘z va iboralarning o‘z va ko‘chma ma’nolari haqida to‘la ma’lumot beriladi.
Ikki tilli va ko‘p tilli lug‘atlar tarjima lug‘atlari bo‘lib, ular boshqa tilning lug‘at tarkibini o‘zbek tiliga yoki aksincha o‘zbek tilining lug‘at tarkibini boshqa tilga tarjima qilish uchun xizmat qiladi. Ikki tilli va ko‘p tilli lug‘atlarga o‘zbekcha-ruscha, ruscha-o‘zbekcha, o‘zbekcha-inglizcha, inglizcha-o‘zbekcha, o‘zbekcha-inglizcha-nemischa kabi lug‘atlar kiradi.
Ko‘p tilli lug‘atlar o‘tmishda ham tuzilganligi arabcha-forscha-turkcha lug‘atlardan ma’lum. Hozirgi kunga kelib ko‘p tilli lug‘atlar tuzish ancha jadallashdi. CHunki ko‘p tilli lug‘atlar hozirgi tillarni qiyosiy o‘rganishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Lug‘at fan va texnika, madaniyat, umuman jamiyatning taraqqiy etib borayotganini o‘zida aks ettiradi. Lug‘atlar muhim madaniy boylikdir, chunki lug‘at nutq madaniyati, so‘zlarning ma’nolarini aniq tushunish va ularni nutqda to‘g‘ ri qo‘llash, savodxonlikka erishishning asosidir.
Do'stlaringiz bilan baham: |