So‘zning leksik va grammatik ma’nolari
So‘z nutq tovushlarining muayyan tartibda birikishidan hosil bo‘lib, ma’no anglatuvchi til birligidir.
So‘zning tovush tomoni fonetikada, grammatik tomoni grammatikada, ma’no tomoni leksikologiyada o‘rganiladi. So‘zning barcha tomonlari nazarda tutilsa, u til va nutqning eng muhim elementlaridan biri ekanligi anglashiladi.
So‘z til birligi sifatida ma’no ifodalash xususiyatiga ega. So‘zning ma’nosi narsa-hodisalar bilan bog‘lanishidan kelib chiqadi, bu bevosita bog‘lanish bo‘lmay, borliqning inson ongida aks etishi orqali yuzaga keladi. Insonning borliqni anglashi, ongida aks ettirishi so‘z ma’nosida o‘z aksini topadi. Borliqni bilish narsa-hodisa haqida tushunchaga ega bo‘lishdir. Tushunchada so‘zning umumiy va muhim belgilari mujassamlashadi. Bu belgilar uni boshqa predmetlardan ajratib turadi.
Inson ma’lum bir predmet, belgi, harakat, holat kabilarning umumiy va o‘ziga xos muhim xususiyati asosida ularni boshqa shu kabi predmet, belgi, harakatlardan ajratadi. Demak, so‘z tushunchaning nomi, tushunchaga ega so‘z ma’nosining asosini tashkil etadi. So‘z asosida yotgan tushuncha so‘zning leksik ma’nosi sanaladi. Demak, so‘zning leksik ma’nosi uning material ma’nosi bo‘lib, so‘z ifoda etgan aniq bir predmet belgi, harakat, miqdor kabilardan iborat bo‘ladi: anor, daraxt – predmet tushunchasini, ekdi - harakat, qizil – belgi, o‘nta, ko‘p - miqdorga ko‘ra belgi, men, sen – shaxs tushunchasini ifodalaydi.
Demak, ot, sifat, son, olmosh, fe’l, ravish so‘z turkumlari lug‘aviy ma’no bildiradi. So‘zlarning lug‘aviy ma’nodan tashqari, grammatik ma’nolarga ham ega bo‘ladi. So‘zning lug‘aviy ma’nosi leksikologiyada o‘rganiladi. Grammatik ma’no grammatikada o‘rganiladi. Yordamchi so‘z turkumlari lug‘aviy ma’no ifodalamaydi, ular grammatik ma’no ifodalashga xizmat qiladi.
So‘z lug‘aviy ma’no-tushunchadan tashqari, insonning narsa va hodisaga bo‘lgan ijobiy yoki salbiy munosabatini ham bildiradi. Insonning ijobiy va salbiy munosabati so‘z hissiy-ta’siriy bo‘yog‘i deb yuritiladi. Masalan, yuz, aft, bashara, turq, chehra, oraz, chiroy kabi sinonimlar qatorida yuz so‘zi odam a’zosining biri haqidagi tushunchani anglatadi, bu ijobiy yoki salbiy ma’no ottenkasiga ega bo‘lmagan betaraf so‘z. Aft, bashara, turq so‘zlarida so‘zlovchining asosiy-bosh tushunchaga qo‘shimcha salbiy munosabatini ifoda etuvchi ma’no ham mavjud. CHiroy, chehra, oraz, ruxsor so‘zlariga so‘zlovchining ijobiy (hayrixoxligi, yoqimli, go‘zal kabi ma’no) munosabati ham yuklatilgan. Bunday qo‘shimcha ma’no ottenkalar kishilarning hissiyotiga o‘z ta’sirini o‘tkazadi. So‘zdagi salbiy hissiy-ta’siriy bo‘yoq muayyan matn tarkibida oydinlashadi. Bet so‘zi «Beti qursin» gapida salbiy ma’no, «Beti-betiga tushsa nima deydi» gapida bu salbiy ma’no kuchsizlanadi. Kitobning beti birikmasidagi beti so‘zida salbiy ma’no umuman yo‘q.
Hissiy-ta’siriy bo‘yoq tildagi hamma so‘zlarda bo‘lavermaydi. Masalan, ilm-fan, texnikaga oid atamalarda hissiy-ta’siriy bo‘yoq bo‘lmaydi.
So‘zlar og‘zaki va yozma nutqda qo‘llanishiga ko‘ra ham farq qiladi. Aft, bashara, turq so‘zlari ko‘proq og‘zaki nutqda, chiroy, oraz, ruxsor ko‘proq yozma nutqda, yuz so‘zi har ikkala nutqda qo‘llanadi. Ko‘rinib turibdiki, so‘zlar biror nutq uslubida qo‘llanishga moslashgan bo‘ladi, bu ulardagi uslubiy belgi deb yuritiladi. Uslubiy belgi-so‘zning ma’lum uslubga mansubligini ko‘rsatuvchi belgi. Masalan, metro – so‘zlashuv uslubida metropoliten kitobiy uslubda qo‘llaniladi.
Leksik ma’no deganda so‘z ifoda etadigan tushuncha, hissiy-ta’siriy bo‘yoq va uslubiy belgilar yig‘indisi tushuniladi. Demak, tushuncha, hissiy-ta’siriy bo‘yoq, uslubiy belgi leksik ma’no komponentlari deyiladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |