So’z yasalishi
O`zbek tili so`z yasalishiga oid asosiy tushunchalar quyidagilar: 1) so`z yasash, ya`ni so`z yasalishi, 2) so`z yasash usuli, 3) yasama so`zning tarkibi, 4) so`z yasalish asosi, 5) so`z yasovchi, 6) so`z yasalish ma`nosi, 7) so`z yasalish tipi, 8) so`z yasalish imkoniyati.
Umuman olganda, so`z yasalishi sof nutqiy hodisa bo`lib, u nutqiy jarayon hisoblanadi. U derivatsiyaning asosiy qismini tashkil etadi. Biroq uning lisoniy asosi bor. Shu sababli lison va nutqqa birdek daxldor.
Yuqorida ta`kidlanganidek, so`z yasalishi lingvistik termin sifatida ikki ma`noli:
So`z yasash jarayoni atamasi;
Ushbu jarayonni o`rganuvchi soha.
So`z yasash deganda qanday usul bilan bo`lsa-da, yangi so`z hosil qilish tushunilavermaydi. Masalan, yangi ma`no kasb etish natijasida yangi so`z paydo bo`lishi mumkin. Deylik, ishbilarmon so`zi yangi ma`no kasb etdi. Biroq bu yerda yangi so`z yasalishi yo`q. Demak, so`z yasalishi, yasama va yangi ma`no kasb etgan so`zlarning leksemalashuvi hodisasini farqlash lozim.
Derevatsiya ham til taraqqiyoti natijasida tarixiylik va zamonaviylikka daxldor bo`ladi. Shu boisdan tarixiy va sinxron derevatsiyani farqlash lozim.
Tarixiy va sinxron derevatsiya. Hozirgi derevatsiyada yasama so`z bilan sinxron so`z yasash qolip orasida aloqa mavjud bo`lib, qolipning shakily va mazmuniy tomoni hosila so`zda o`z izini qoldirgan bo`ladi. Masalan, kitobchi yasama so`zida shu soha bilan shug`ullanuvchi shaxs oti tushuniladi. Ushbu qolipdagi tenglik alomatining chap (shakliy) va o`ng (mazmuniy) tomoni izlari yaqqol ko`rinib turibdi.
Tarixiy derevatsiyada yasama so`zning ma`nosi va shakliga mos qolip mavjud bo`lmaydi. Bu maxsus tekshirish natijasida aniqlanadi. Masalan, qishloq, ovloq so`zlarining ma`nosini ularni tashkil etuvchi va derevatsion qolipi asosida chiqarib bo`lmaydi. Chunki, ular tarixiy yasamalardir. Masalan, qorovul, yasovul, silliq so`zlarida ham shu hol kuzatiladi.
So`z yasash (derevatsion) qolipi haqida. Har qanday yasama so`z so`z yasash qolipi asosida hosil qilinadi. Hosila lisoniylashib, o`z qolipidan uzilib ketsa ham, unda bilinar-bilinmas qolip bilan (agar qolip yasovchan bo`lsa) bog`lanish baribir saqlanib qoladi.
So`z yasash qolipi ikki uzvdan iborat bo`ladi:
Qolipning shakily tomoni;
Qolipning mazmuniy tomoni.
Yasama so`zda ana shu ikki jihat voqelanadi. Yasalma shaklan va mazmunan ana shu qolipga muvofiq kelsa, unga shu qolip hosilasi sifatida qarash mumkin. Masalan, kitobchi so`zida mazkur qolipning izi bor. Lekin xabarchi so`zida qolipning mazmuniy tomoni aks etmagan. Demak, leksema bu qolip mahsuli emas.
So`z yasash qolipining shakily tomoni ikki qismdan tashkil topadi: yasovchi asos va yasovchi vosita. Masalan, ot+ch - shu ot bilan shug`ullanuvchi shaxs oti qolipining shakily qismi bo`lgan (ot+chi)ning ot qismi asos –chi qismi esa yasovchi vosita.
Qolipning yasovchi asosi, albatta, mustaqil so`z, yasovchi vosita qismi esa so`z ham, qo`shimcha ham bo`lishi mumkin. Masalan, qo`shma, juft so`z yasash qoliplarida asos ham, vosita ham so`z.
So`z yasalishi mustaqil lingvistik soha bo`lib, u so`zlarning yasalishini, yangi so`z hosil qilishning qonun-qoidalarini, modellarini, vositalarini, shu bilan bog`liq holda so`zlarning strukturasini tekshiradi. Demak, bu sohaning ob`ekti so`zdir.
So`z yasalishi sinxronik aspektga tayanadi. Bunda til taraqqiyotining ma'lum bir davri ko`zda tutiladi. Til hodisalarini tekshirishda sinxroniya va diaxroniya o`zaro munosabatda, bular biri boshqasini tamoman rad etmaydi, ular orasida keskin uzilish yo`q. Sinxroniya va diaxroniya til mavjudligi va taraqqiyotining ikki formasidir. "Hodisalardagi statika ulardagi dinamikaning xususiy ko`rinishidir" (Boduen dye Kurtene). Ma'lum izchillikka ega bo`lgan qonuniyatlarni aniqlashda sinxroniyaga qarab ish tutiladi - bunday hollarda diaxroniyaning ham qo`llanishi normalar belgilash imkoniyatini yo`qotadi. Masalan, o`tloq, o`tzor, toshloq, qumloq, qishloq, ovloq so`zlari shakliy ko`rinishida struktura jihatidan o`xshash, ammo qishloq, ovloq so`zlari morfemalarga ajratilmaydi.
Morfemalar vazifasiga ko`ra so`z yasalishiga ham, so`z o`zgarishiga ham aloqador. Affikslarning so`z yasovchi affikslar (derivatsion affikslar, bunday so`z yasash usuli derivatologiya deyiladi.) va so`z o`zgartiruvchilar (relyatsion affikslar) tusidagi tasnif shu holatga asoslanadi. Bu hodisa so`z yasalishi (affiksal) bilan paradigmatika orasida shaklan o`xshashlik borligini ko`rsatadi. Masalan, temir+chi affiks orqali so`z yasash, temir+ni affiks orqali shakl yasash.
Har bir yasalmaning asosida boshqa bir so`z yotadi ("falon so`z falon so`zdan yasalgan") va bu yasash ma'lum modelga ko`ra biror yo`l, usul bilan yuzaga kelgan bo`ladi. Demak, har bir yasalishda ikki elementning munosabati bor: yasashga asos bo`lgan so`z va yasalib chiqqan so`z (yasashga asos bo`lgan element mustaqil holda ayrim so`z, lekin yasalmaga asos bo`lgach - undan yangi so`z yasalgach, so`zning qismi: o`zak yoki negiz). Yasalmadagi bu ikki element tashqi va ichki tomonlardan o`zaro munosabatda bo`ladi. So`z yasalishining, yasama so`zning, binarlik (ikki qismdan iborat bo`lishi) holati, binar oppozitsiyasi tusida bo`lishi, unda ikki elementning aloqador ekanligini ko`rsatadi: yasama so`z (mahsul) va uning yasovchisi (yasalishiga asos bo`lgan element). Masalan, sutchi (sutchi so`zi sut so`zidan yasalgan, -chi morfemasi yasovchi affiks bo`lib, yasashning vositasi bo`lib kelgan). Binar konstruksiyadagi bu qismlar bir xil o`zakli, bir o`zakdan bo`ladi.
Shuni alohida ta'kidlash lozimki, so`zning ma'nosi uning tarkibidagi qismlarning semantik xususiyatlari bilan bog`liq degan fikr hamma vaqt ham shu qismlarning ma'nosi yig`ilib, o`sha so`zning ma'nosini hosil qiladi, shunga teng bo`ladi, degan mazmunni anglatavermaydi. Bunda ikki holat bor: 1) yasalmaning ma'nosi ko`pincha, qismlarning ma'nosidan tug`iladi (suvoq, suvoqchi, suvoqchilik kabilar); 2) yasalmaning ma'nosi ko`pincha qismlarning ma'no yig`indisidan boshqacha bo`ladi. Masalan, andavalamoq (andava-la) so`zining xas - po`shlash ma'nosi qismlarining asl ma'nosidan boshqa: bunda idiomativlik bor (bu hodisa yasovchi so`zda yo`q). Yana: qo`lqop, shaker, qop kabilar.
Umuman, so`z yasalish sistemasi morfemika bilan uzviy bog`langan. Chunki so`zning ma'noli qismlari - morfemalar (o`zak morfema va affiksal morfema) tilda yangi so`z hosil qilishning eng muhim elementlari hisoblanadi.
So`z yasalish strukturasi.
Til lug`at tarkibining yangi yasalgan so`zlar hisobiga boyib borishi so`z ma'nosining o`zgarishi, uni boshqa ma'noda ishlatish yo`li bilan yangi so`z hosil qilish - bular so`z yasalishining leksikologiya bilan aloqadorligini ko`rsatadi. Grammatika esa, so`z yasash jarayonini boshqaradi, yangi yasalgan so`zlarning qaysi so`z turkumiga tegishli ekanini belgilaydi.
Har bir turkum doirasida so`z yasashning shakl yasash bilan aloqada ekanligi kuzatiladi. So`z yasalishi va shakl yasalishida ko`pincha bir xil yoki bir-biriga yaqin affikslarning ishlatilishi so`z yasalishi bo`limining bevosita morfologiya bilan bog`langanligini ko`rsatadi. Har bir yasalmada ikki narsa - yasash asosi va yasovchi vosita mavjud bo`ladi. Masalan, bilim, hozirgi, yaxshilik so`zlarida bil, hozir, yaxshi qismi yasash asosi bo`lib, -im, -gi, -lik qismlari yasash vositasidir. So`z qo`shish orqali hosil bo`lgan so`zlarda esa ikki va undan ortiq yasovchi asos qatnashadi. Bu xil yangi so`zning ma'nosi bir holatda yasovchi asos vazifasida kelgan qismlari ma'nosiga asoslanadi, shularnnig birlashuvidan kelib chiqadi: oqqush, tokqaychi, molboqar, asalari, temiryo`l, belbog`, ko`zoynak kabilar.
Ikkinchi holatda esa, bunday so`zning ma'nosi uning yasovchi asos vazifasidagi qismlari ma'nosidan kelib chiqmaydi, balki har ikki qismning qo`shilishi natijasida ularning ma'nosidan farq qiladigan yangi ma'no ifodalanadi: oshqozon, tomorqa, qizilishton, bo`rikalla kabilar.
So`z yasalishi tarkibi so`zning morfema tarkibidan ham, so`zning morfologik tarkibidan ham farq qiladi. So`zning morfema tarkibida har bir ma'noli qism-morfema ajratiladi. Masalan, bilimdon so`zi uch morfemaga bo`linadi: bil-im-don. So`z yasalish tarkibida esa bu so`z yasash asosi va yasovchi affiks nuqtai nazaridan bilim/don tarzida ikki qismga ajratiladi. Shuningdek, bilimdonlik so`zi morfemalarga bil-im-don-lik tarzida ajratilsa, so`z yasalishda esa bilimdon-lik tarzida ajratiladi. So`zning morfologik tarkibida asosan shakl yasash asosi va yasovchi vosita aniqlanadi. So`z yasash tarkibida esa so`z yasash asosi va so`z yasovchi affiks ajratiladi. Masalan, adabiyotshunoslikdan so`zida adabiyotshunos - so`z yasash asosi - lik - yasovchi affiks; adabiyotshunoslik shakl yasash asosi -dan -yasovchi affiks. Demak, so`z yasalish tarkibida so`zning leksik ma'no anglatadigan qismi, so`zning morfologik tarkibida esa grammatik ma'no ifodalovchi qismi tahlil qilinadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |