117
o‘zining shaxsiy fikr-mulohazasini bildiradi.
Bahs-munozara uchun
tanlanadigan savollar o‘qituvchi tomonidan puxta o‘ylangan bo‘lishi
lozim. Masalan, «Olinma so‘zlar» mavzusi yuzasidan bahs-
munozaraga quyidagi muammolar o‘rtaga tashlanishi mumkin:
1. Boshqa tillardan so‘z olish zarurmi?
2. Ayrim hollarda rus tili va rus tili orqali boshqa tillardan kirgan
so‘zlarni o‘zbekchalashtirish borasida urinishlar bor. Sizningcha,
hamma so‘zlarni ham o‘zbekchalashtirib bo‘ladimi? Umuman, ruscha
so‘zlarni sharqonalashtirishga sizning munosabatingiz qanday?
Hozirgi ijtimoiy-iqtisodiy sharoitda boshqa tillardan so‘z
olmaslikning iloji bormi?
Bu savollarning har biri o‘quvchilardan o‘z
nuqtayi nazarini
bayon qilishni talab etadi.
Bahs-munozara o‘quvchilarga erkinlik berishni talab qiladi.
Chunki o‘z fikr-mulohazalarining haqligini isbotlash ijodiy faoliyat
mahsulidir.
Ona tilidan seminar darsi.
Seminar darsi noan’anaviy darsning
bir turi bo‘lib, o‘quvchilarni mustaqil ishlash, ijodiy faoliyat
ko‘rsatishga undovchi mashg‘ulot shaklidir.
Bu dars shaklidan barcha sinflarda foydalanish mumkin.
Seminar
darsidan katta mavzular o‘rganilgandan so‘ng (masalan, so‘zlarning
shakl va ma’no munosabatlari, fe’llarning ma’no guruhlari va h.k.)
yoki bo‘lim o‘rganilgandan keyin foydalansa bo‘ladi.
Seminar darsining mavzusi 10–12 kun oldin e’lon qilinadi;
o‘quvchilarga reja va adabiyotlar tavsiya etiladi; darsga tayyorgarlik
ko‘rish
jarayoni tushuntiriladi, adabiyotlar ustida mustaqil ishlash
yuzasidan tavsiyalar beriladi.
Dars o‘qituvchining kirish suhbati bilan boshlanadi. Mavzuning
dolzarbligi, bu mavzuni puxta bilishning amaliy qimmati
tushuntiriladi. O‘quvchilar seminar rejasi bilan tanishtiriladi va
tayyorgarlik ko‘riladi. Seminar darsida o‘quvchilar
faolligini
ta’minlash kerak. Bu har bir muhokama etilayotgan masalani
munozaraga aylantirish bilan bog‘liq. Darsda shunday holatni yuzaga
118
keltirish lozimki, o‘quvchilar fikrini dalillar asosida isbotlasin; o‘z
nuqtayi nazarini bayon qilsin; hukm va xulosalar chiqarsin.
Darsning oxirida mashg‘ulotga yakun
yasaladi, seminarning
yutuq va kamchiliklari aytiladi va o‘quvchilarning bilimi baholanib,
ular izohlanadi. Bilimni baholashda bolalarning mashg‘ulotga
tayyorgarlik ko‘rish darajasi, masalaning mohiyatini anglashi, o‘z
fikrini
dalillar bilan asoslay olishi, javoblarni to‘ldirishdagi ishtiroki,
ijodiyligi kabilar hisobga olinadi.
Barcha sinflarda ham seminar darsidan foydalanish tavsiya
etilmaydi. Mashg‘ulotning bu shaklidan ko‘proq o‘quvchilarning
o‘zlashtirish darajasi talabga javob beradigan, mustaqil ishlashga
o‘rgatilgan sinflarda foydalanish ma’qul.
Aks holda, barcha harakatlar
zoye ketib, o‘quvchilar masalaning tub mohiyatiga yetmay qolishlari
mumkin.
К
o‘rinib turibdiki, darsning shakllari benihoya ko‘p. O‘qituvchi
bu dars shakllarini puxta bilishi, o‘rganiladigan
til materiallarining
xususiyatlaridan kelib chiqqan holda uni tanlay olmog‘i lozim. Dars
shakllari qancha tez-tez o‘zgarib tursa, o‘quvchilarning ona tili faniga
qiziqish darajasi shuncha yuqori bo‘lishini o‘qituvchi hamisha yodda
tutmog‘i lozim. Bu esa puxta bilimning asosiy garovidir.
Do'stlaringiz bilan baham: