Ona tilidan konferensiya darsi. Ona tilidan konferensiya darsi ko`proq 7-9-sinflarda o`tkaziladi. Darsning bu shakli ma`lum bir til sathi yoki katta mavzu o`rganilgandan keyin uyushtiriladi va yakunlovchi dars vazifasini o`taydi.
Konferenciya darsini bitta sinf doirasida yoki ikkita parallel sinf bilan birgalikda o`tkazish mumkin. Bu darsda o`quvchilarning ona tilidan tayyorlab kelgan kichik ilmiy ma`ruzalari tinglanadi, ular birgalikda muhokama qilinadi.
Konferenciya darsiga tayyorgarlik kamida bir oy oldin boshlanadi. O`qituvchi ma`ruza mavzularini belgilaydi; ularni o`quvchilarga topshiradi; zarur adabiyotlarni tavsiya qiladi va vaqt-vaqti bilan unga tayyorgarlikning borishini nazorat qilib turadi. O`quvchi esa avval adabiyotlar bilan puxta tanishib chiqadi; ma`ruza rejasini belgilaydi; har bir masala yuzasidan material yig`adi va uni yozadi.
O`quvchilar ilmiy ma`ruza uchun material yig`ish tartibini bilishlari kerak. Avval tadqiqot mavzusi bilan bog`liq til hodisasi puxta va asosli o`rganiladi, o`quvchi bilim bilan material yig`ish yuzasidan suhbat o`tkaziladi., tahlil qilinayotgan badiiy asar o`qib chiqiladi, misollar alohida-alohida yozib boriladi va nihoyat; ular saralanib, matnni yozishga kirishiladi.
Konferenciya darsining murakkab tomonlaridan biri barcha o`quvchilarning faolligini ta`minlashdir. Ko`p hollarda ma`ruzachi faol bo`lib, qolgan o`quvchilar shunchaki tinglovchiga aylanib qolishi mumkin. Shuning uchun o`qituvchi barcha o`quvchilarni muzokara ishtirokchisiga aylantirishi, ularning o`z fikr-mulohazasi bilan ishtirok etishini ta`minlashi zarur.
Ona tilidan bahs-munozara darslari. Ona tili darslarining samaradorligi ko`p jihatdan o`quvchilarning mustaqil ijodiy fikrlashi bilan bog`liq. Ijodiy fikrlashga o`rgatishda bahs-munozara muhim ahamiyatga ega. Bu narsalarning o`ziga xos xususiyati shundaki, o`rganiladigan material o`quvchilarga oldindan ma`lum qilinadi, muhokama tashlanayotgan masala xususida har bir o`quvchi o`zining shaxsiy fikr-mulohazasini bildiradi. Bahs-munozara uchun tanlanadigan savollar o`qituvchi tomonidan puxta o`ylangan bo`lishi lozim. Masalan, “olinma so`zlar” mavzu yuzasidan bahs-munozaraga quyidagi muammolar o`rtaga tashlanishi mumkin:
Boshqa tillardan so`z olish zarurmi?
Ayrim hollarda rus tili va rus tili orqali boshqa tillardan kirgan so`zlarni o`zbekchalashtirish borasida o`rinishlar bor. Sizningcha hamma so`zlarning ham o`zbekchalashtirib bo`ladimi? Umuman, ruscha so`zlarni sharqonalashtirishga sizning munosabatingiz qanday?
Hozirgi ijtimoiy-iqtisodiy sharoitda boshqa tillardan so`z olmaslikning iloji bormi?
Bu savollarning har biri o`quvchilardan o`z nuqtai nazarini bayon qilishi talab etadi.
Bahs-munozara o`quvchilarga erkinlik berishni talab qiladi. Chunki o`z fikr-mulohazalarining haqligini isbotlash ijodiy faoliyat mahsulidir.
Ona tilidan seminar darsi. Seminar darsi noan`anaviy darsning bir turi bo`lib, o`quvchilarni mustaqil ishlash, ijodiy faoliyat ko`rsatishga undovchi mashg`ulot shaklidir.
Bu dars shaklidan barcha sinflarda foydalanish mumkin. Seminar darslaridan katta mavzular o`rganilgandan keyin (mas., so`zlarning shakl va ma`no munosabatlari, fe`llarning ma`no guruhlari v.h.) yoki bo`lim o`rganilgndan keyin foydalansa bo`ladi.
Seminar darsning mavzusi 10-12 kun oldin e`lon qilinadi; o`quvchilarga reja va dasturlar tavsiya etiladi; darsga tayyorgarlik ko`rish jarayoni tushuntiriladi, adabiyotlar ustida mustaqil ishlash yuzasidan tavsiyalar beriladi.
Dars o`qituvchining kirish suhbati bilan boshlanadi. Mavzuning dolzarbligi, bu mavzuni puxta bilishning amaliy qimmati tushuntiriladi. O`quvchilar seminar rejasi bilan tanishtiriladi va tayyorgarlik ko`riladi. Seminar darsida o`quvchilar faolligini ta`minlash kerak. Bu ha
r bir muhokama etilayotgan masalani munozaraga aylantirish bilan bog`liq. Darsda shunday holatni yuzaga keltirish lozimki, o`quvchilar fikrini dalillar asosida isbotlasin; o`z nuqtai nazarini bayon qilsin; hukm va xulosalar chiqarsin.
Darsning oxirida mashg`ulotga yakun yasaladi, seminarning yutuq va kamchiliklari aytiladi va o`quvchilarning bilimi baholanib, ular izohlanadi. Bilimni baholashga bolalarning mashg`ulotga tayyorgarlik ko`rish darajasi, masalaning mohiyatini anglashi, o`z fikrini dalillar bilan asoslay olshi, javoblarni to`ldirishdagi ishtiroki, ijodiyligi kabilar hisobga olinadi.
Barcha sinflarda ham seminar darsidan foydalnish tavsiya etilmaydi. Mashg`ulotning bu shaklidan ko`proq o`quvchilarning o`zlashtirish darajasi talabga javob beradigan, mustaqil ishlashga o`rgatilgan sinflarda foydalanish ma`qul. Aks holda barcha harakatlar zoya ketib, o`quvchilar masalaning tub mohiyatiga etmay qolishlari mumkin.
Ko`rinib turibdiki, darsning shakli benihoya ko`p. O`qituvchi bu dars shakllarini puxta bilishi, o`rganiladigan til materiallarining xususiyatlaridan kelib chiqqan holda uni tanlay olmog`i lozim. Dars shakllari qancha tez-tez o`zgarib tursa, o`quvchilarning ona tili faniga qiziqish darajasi shuncha yuqori bo`lishini o`qituvchi hamisha yodda tutmog`i lozim. Bu esa puxta bilimning asosiy garovidir.
Do'stlaringiz bilan baham: |