kasb bayrami, chin yurakdan, muborakbod etmoq, ravon yo‘llar, bayram tuhfasi, istiqlol egalari, shogirdlar, vatanparvar, mehnatsevar
Tarjima mashqi.
Deyarli barcha maxluqotda til bor. U issiq-sovuqni, ta’m-mazani biluvchi, ovqatlanishda ishtirok etuvchi a’zo. Bulardan tashqari nutq tovushlarini hosil qiladi, ya’ni insonning so‘zlash qobiliyati til orqali amalga oshadi.
Yer yuzida qancha millat, elat, qabila bo‘lsa, shuncha til bor. Tilsiz xalq yo‘q. Xalqsiz esa til ham bo‘lmaydi. Ular ayirib qo‘yilsa, ikkisi ham o‘zligini yo‘qotadi.Yer yuzidagi barcha xalqlarning tillari, ularda millionlab odam gaplashadimi yoki atigi bir-ikki ming kishi so‘zlashadimi, bundan qat’iy nazar, o‘zlari uchun aziz va keraklidir.
Grammatik ma’lumot. Matn mazmunining qisqacha bayoni (rezyume )
Rezyume fransuzcha “résumé” so‘zidan kelib chiqqan va sodda qilib aytganda “qisqacha izoh” ma’nosini bildiradi. Rezyume ikki o‘rinda qo‘llaniladi:
Iishga topshirayotgan inson to‘g‘risidagi qisqacha ma’lumot.
Nashr qilinadigan asar yoki himoyaga tavsiya etiladigan ishning g‘oyatda qisqa mazmuni.
Rezyume hozirgi kunda ish qidirishda eng muhim hujjat hisoblanadi. O‘zbek tilida bunday hujjat “tarjimayi hol” va “shaxsiy ma’lumotnoma” deb ham atalishi mumkin, lekin rezyumening shakli bu hujjatlardan biroz farqlidir. Rezyume, asosan, ish izlovchilar tomonidan ishga topshirayotganda yuboriladigan hujjat hisoblanadi, lekin u boshqa maqsadlarda ham ishlatilishi mumkin. Rezyumeda ish izlovchi shaxs haqida qisqacha ma’lumot yoziladi. Ish beruvchi eng birinchilardan bo‘lib aynan rezyumega e’tibor qaratadi. Ya’ni ishga topshirgan insonni ko‘rmasdan va bilmasdan turib rezyume orqali u bilan tanishadi. Shuning uchun, rezyume ishga topshiruvchi shaxs haqida bexato, aniq va eng asosiysi topshirilayotgan ishga tegishli bo‘lgan ma’lumotlarni qamrab olishi kerak. Yaxshi tuzilgan rezyume ishni qo‘lga kiritishning birinchi va eng muhim poyqadami hisoblanadi. Agar rezyumeingiz orqali ish beruvchini ishontira olmasangiz, keyingi bosqichga o‘tish imkoni bo‘lmaydi!
Rezyumening asosiy qismlari quyidagilardan iborat:
Shaxsiy ma’lumot
Ism-sharif (talab qilinadi)
Murojaat manzillari: telefon, email, yashash joyi (talab qilinadi)
s. Jins (majburiy emas)
Millat (majburiy emas)
Tug‘ilgan sana (majburiy emas)
Qisqacha mazmun va professional maqsad (ixtiyoriy)
Bir yoki ikki gap bilan qisqacha eng muhim jihatlarini sanab o‘tish.
Ma’lumot
Ilmiy daraja/diplom, mutaxassislik, o‘qigan yili (yoki daraja berilgan yil), o‘quv yurtining nomi, manzili (shart)
Topshirilayotgan ishga taaluqli fanlar nomi va soati (shart emas)
s. Agar a’lo darajada bitirgan bo‘lsa, shuni ham bildirib o‘tish kerak
Tajriba
Ishlagan sana, lavozim, tashkilot nomi, manzili, qisqacha vazifalari va yutuqlari
Eng oxirgi ish joyidan boshlab yoziladi
2. Rezyume nashr qilinadigan asar yoki himoyaga tavsiya etiladigan dissertatsiyaning g‘oyatda qisqa mazmuni bo‘lib, odatda ishning oxirida boshqa tillarda, masalan, hozirda rus va ingliz tillarida beriladi. Ana shu qisqa rezyume orqali asosiy matnni o‘qimagan kishi ham tadqiqot haqida ayrim xulosalarga kelishi mumkin.
Namuna:
Abdusaidov Abduvalining «Matbuot tili madaniyatining lisoniy muammolari» mavzuidagi 10.02.02 – o‘zbek tili mutaxassisligi bo‘yicha filologiya fanlari doktori ilmiy darajasini olish uchun
tayyorlagan dissertasiyasining qisqacha mazmuni
(REZYUMESI )
Mustaqillik yillarida ommaviy axborot vositalari, jumladan matbuotga e’tibor nihoyatda oshdi. Matbuotning davr talabiga javob berishi, dolzarb muammolarni aks ettirishi, ularning yechimini ko‘rsatishi, ommani operativ axborot bilan ta’minlashi, o‘z zimmasidagi vazifalarni munosib bajarishi, umuman, «to‘rtinchi hokimiyat» darajasiga ko‘tarilishi jurnalistlarning tildan foydalanish mahoratiga ham bog‘liq. Shuni hisobga olgan holda tadqiqotda matubot tili madaniyatining lisoniy muammolari gazeta janrlarining tili va uslubi, mustaqillik yillaridagi leksik jarayon va adabiy normaga rioya etish holatlari bilan bog‘liq holda nazariy hamda amaliy jihatdan ko‘rib chiqilgan.
Ishning ilmiy yangiligi:
gazeta tili ekspressiv-stilistik, normativlik nuqtai nazaridan janrlari bo‘yicha alohida-alohida birinchi marta atroflicha tadqiq etilgan;
gazeta tilini o‘rganish sohasidagi muammolar, o‘zbek adabiy tili taraqqiyotida matbuotning roli va matbuot tili madaniyatini yanada ko‘tarish bilan bog‘liq masalalar ilk bor umumlashtirilgan;
umumxalq tilida qo‘llanilgan frazeologik birliklar (FB) va ularning variantlari, frazeologik neologizmlar, okkazional FBlarning xususiyatlari hamda ekspressivlikni ifodalashdagi roli gazeta materiallari asosida ilk bor to‘la yoritilgan;
gazeta sarlavhalari to‘la va atroflicha umumlashgan tarzda tadqiq qilingan, gazeta ruknlari birinchi marta keng yoritilgan;
Mustaqillik davri matbuotida adabiy normaga rioya qilish holatlari o‘rganilgan.
Dissertasiya ishning umumiy tavsifi, kirish, 3 bo‘limga ajratilgan
7 bob, xulosa, foydalanilgan adabiyotlar va manbalar ro‘yxatidan iborat.
Ishning mazmuni 9 ta alohida nashr va 31 ta ilmiy maqolada o‘z aksini topgan.
Topshiriq. O‘zingiz haqingizda rezyume tayyorlang.
Mavzuni mustahkamlash uchun savollar:
Davlatimiz tomonidan e’tirof etilgan kasb bayramlari haqida ma’lumot bering.
Ota-onangizni ularning kasb bayramlari munosabati bilan tabriklaysizmi?
Rezyume ishga topshirayotgan inson to‘g‘risida qanday ma’lumotlarni beradi?
Rezyumening asosiy qismlari nimalardan iborat?
O‘z kasb bayramingizni qanday nishonlaysiz?
Uyga vazifa. “ 1-oktabr – Ustoz va murabbiylar kuni” mavzusida matn tuzing.
Do'stlaringiz bilan baham: |