Ikkinchi usul – tarkibida gossipol tutgan paxta chigitining efirli ekstrakti natriy gidroksidining suv bilan suyultirilgan eritmasi yordamida qayta ishlanadi. Gossipol fenolga o’xshab, kuchsiz kislotali xossalarga ega bo’lganligi sababli, uning natriyli tuzi yog’ kislotalarning natriyli tuzlari kabi suvli eritmaga o’tadi. Suvli qismi efir qismidan ajratib olinadi va oksidlanish jarayonini oldini olish maqsadida natriy ditioniti qo’shiladi. Eritmaga ozgina kislota qo’shish natijasida gossipol ajralib chiqadi va uni gossipolsirka kislotasi ko’rinishida cho’kmaga tushirib tozalab olinadi.
Uchinchi usul – tarkibida gossipol tutgan efir ekstraktiga 5% anilin qo’shiladi. Biroz vaqt suvli hammomda qizdirilgach, gossipolning anilinli hosilasi cho’kmaga tushiriladi, biroq uning cho’kmaga tushishi ko’p vaqtni talab etadi, ya’ni cho’kish jarayoni ikki xafta davom etadi. Cho’kma ajratib olinadi, efir bilan yuviladi va anilindan qayta kristallanib olinadi, keyin kaliy gidroksidining spirt-suvli eritmasida eritiladi, ajralib chiqqan anilin suv bug’i yordamida haydaladi. Gossipolning ishqoriy eritmasiga ozgina natriy gidrosulfit eritmasi solinadi, natijada ajralib chiqqan gossipol gossipolsirka kislota ko’rinishida tozalanadi.
I.1. Gossipolning fizik xossalari
Gossipol limonsimon sariq rangli kristall modda. U ko’pgina organik erituvchilarda yaxshi eriydi. Qutbli erituvchilarda yaxshiroq eriydi, qutbsizlarida deyarli erimaydi [ 7].
Gossipol molekulasida qutbli guruhlar soni ko’pchilikni tashkil etadi, masalan, oltita gidroksil guruhi mavjud. Lekin ikkita og’ir dialkilnaftalin guruhining bo’lishi uni suvda erimaydigan holga keltiradi. Gossipol metil, etil, izopropil, butil spirtlarida, dietilenglikolda, dioksanda, atsetonda, dietilefirda, etilatsetatda, xloroformda, uglerod to’rtxloridda, dixloretanda, fenolda, piridinda, suyultirilgan naftalinda, isitilgan o’simlik yog’ida yaxshi eriydi. Gossipol glitserinda, tsiklogeksanda, benzolda, benzinda va petroley efirda yomon eriydi, benzinda eruvchanligi esa petroley efiriga nisbatan yuqoriroq.
Gossipol sovuq suyuq yog’larda oz miqdorda eriydi, shuning uchun paxta urug’idan benzin yordamida yog’ ektraktsiya qilinganda qisman mistsellaga o’tib ketadi.
Afsuski, adabiyotlarda gossipolning ekstragentlarda eruvchanligining miqdoriy ko’rsatkichlari berilmagan. Ba’zi raqamlargina mavjud: gossipolning benzoldagi eruvchanligi – 0.5%, petroley efirida – 0.06%.
Bazi adabiyotlarda gossipolning suv-atsetonli aralashmalardagi eruvchanligi aralashmadagi atseton kontsentratsiyasiga bog’liqligi ko’rsatilgan [8], (1-jadval):
1-jadval
Do'stlaringiz bilan baham: |