Tashqi ta’sirlar (havo, turli xil gazlar, suv, kislota, ishqor va tuzlar eritmalari) natijasida metallar emirlishga uchraydi. Metallarning kimyoviy va elektrokimyoviy emirilishiga korroziya deyiladi. Metallarning kimyoviy korroziyasida ular turli gazlar, suv bug‘lari (yuqori haroratda) va elektr tokini o‘tkazmaydigan suyuqliklar bilan ta’sirlashadi. Elektrokimyoviy korroziya esa turli elektrolit eritmalari ta’sirida boradi.
Himoya oksid pardalari va ularni sinash
Bir qancha metallarda korroziya natijasida hosil bo‘lgan oksid pardalari metallni keyingi emirilishdan saqlaydi. Ular metallarni qizdirish va maxsus ishlov berish orqali olinadi. Metallardagi sun’iy ravishda hosil qilingan oksid qavati faqat korroziyadan himoya qilibgina qolmay, balki, buyumlarga chiroyli rang (bo‘yoq) ham beradi. Bu jarayondan po‘lat, alyuminiy, rux va ularning qotishmalarini himoyalashda foydalaniladi.
Tajriba. Uzunligi 25-30 sm, eni 1,5-2 sm bo‘lgan po‘lat plastinka jilvir qog‘oz bilan yaxshilab tozalanadi va bir uchi shtativga mahkamlanadi. Ikkinchi tomonidan gaz gorelkasi alangasida rangi o‘zgarguncha qizdiriladi. So‘ngra plastinka olovdan olinib, sovutiladi. Plastinkaning uzunligi bo‘ylab har 2 sm masofaga bir tomchidan 0,1 N li mis kuporosi eritmasidan tomiziladi. Mis dog‘ining hosil bo‘lish tezligi oksid qavatlarining himoyalash xususiyatini belgilaydi.
Kerakli asbob va reaktivlar: Alyuminiy yoki uning qotishmasining plastinkasi, kimyoviy yog‘sizlantirish uchun (1 litrida 50 g Na3PO4, 10 g NaOH,
30 g suyuq shisha bo‘lgan) eritma, oksidlash uchun 1 litrida 50 g Na2CO3, 15 g K2Cr2O7, 2 g NaOH saqlagan eritma.
Tajriba. Alyuminiy plastinkani 50-60 oC da yog‘sizlantirish uchun tayyorlangan eritmaga 3-5 min davomida botirib qo‘yiladi va avval issiq, keyin sovuq suv bilan chayiladi. Yuvilgan plastinka 85-100 oC gacha qizdirilgan oksidlovchi eritmaga 5-30 min davomida solib qo‘yiladi. So‘ngra yaxshilab yuviladi va quritiladi. Bunda Plastinka yuzasida oksid qavati hosil bo‘ladi.
Metallarni korroziyadan elektrokimyoviy himoyalash
Metallarni korroziyadan elektrokimyoviy himoyalash(protektorli himoya) dan texnikada keng ko‘lamda foydalaniladi. Bunda ikkita turli xil faollikka ega bo‘lgan metallar olinadi. Bir metall katod, ikkinchisi esa anod vazifasini o‘taydi. Masalan, temir plastinka 10 %li sulfat kislota eritmasiga botirilganda, plastinkaning ba’zi qismlarida vodorod gazi pufakchalari hosil bo‘lganini kuzatamiz. Temir plastinkaga mis sim o‘ralsa va shu eritmaga tushirilsa, vodorodning ajralishi tezlashadi vat emir eriy boshlaydi. Agar temir plastinka rux sim bilan o‘ralsa, temir yuzasiga vodorod ajralib chiqa boshlaydi va rux sim eriydi. Bu hodisani temirning normal elektrod potensiali- – 0,44 V, ruxniki- – 76 V, misniki- + 0,34 V bo‘lishi bilan tushuntirish mumkin. Bu jarayonda temir mis bilan birgalikda anod, rux bilan esa katod sifatida qatnashadi, shuningdek, birinchi holatda temir, ikkinchi holatda rux eriydi vat emir rux metali yordamida koroziyadan himoyalanadi. Metallarni himoyalashning bu usuliga protektorli himoya, metallga birikkan anodga esa protektor deyiladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |