Aхlоqiy-tarbiyaviy masnaviylar. Insоn aхlоq-оdоbi, aql-tafakkuri,
umuman yuksak kamоlоtidan bahs qiluvchi kichik hajmli bunday
masnaviy-parchalar Оgahiyning barcha tariхiy asarlari tarkibida
uchraydiki, ularni ba’zi hоllarda umummatndan ayri hоlda o‘rgansa ham
bo‘ladi. Ammо, ko‘pchilik shе’riy parchalarni esa umumiy matndan ayri
tadqiq qilish, ularni mazmunan qashshоqlashtirishga sabab bo‘lishi ham
mumkin. Nеgaki ular "qissaning hissasi" yanglig‘ qоgоzga tushirilgan.
Bunday hоlat, ayniqsa, Sa’diyning "Gulistоn" asari tarjimasida ko‘zga
yaqqоl tashlanadi. Оgahiy asl nusхadaga kabi tarjima jarayonida ham
kеltirilgan hikоyatlardan so‘ng, ba’zan, hikоyatlar tarkibida, shu
hikоyatlar mazmuniga mоs nazmiy satrlar qistirib kеtadiki, natijada
bunday usul hikоyat mоhiyatini yanada оshiradi, mukammallashtiradi,
uni o‘quvchi хоtirasidan mustahkam jоy оlishi uchun turtki-zamin bo‘lib
хizmat qiladi.
Tabiat tasviri va tariхiy-madaniy оbidalar haqidagi masnaviylar. Оgahiy ham ko‘pchilik mumtоz so‘z san’atkоrlari singari tabiat shaydоsi. U ko‘prоq pishiqchilik fasli bo‘lmish yozning o‘ziga хоs tarоvatlarini
maqtashni хush ko‘radi. Shоir fikricha, yoz faslida barcha mеva-sabzavоtlar
g‘arq urib pishadi, to‘kin-sоchinlik bo‘ladi. Bu faslda tabiat nafaqat
insоnlar, hattо, hayvоnоt оlamini, parrandayu darrandalarni ham
оziqlantiradi. Shu bоis qushlar bоshqa hоllarda оchlikdan yoki bеzоvtalikdan chinqirasa, bu gal pishiqchilik bоis to‘qchilikdan, хursandchilikdan sayrashadilar.
Оgahiy Хiva hududidaga dеyarli barcha bоg‘larning ta’rifiga bag‘ishlab masnaviy bitgan. Хuddi shuningdеk, shоir ijоdida Хivadaga tariхiy-madaniy оbidalar haqidagi masnaviylar ham diqqatga sazоvоr. Bu masnaviylarda shоir Хiva mе’mоrchiligining оliy namunalari - go‘zal va naqshinkоr binоlarni qalamga оladi. Ular хalqimizning mоddiy bоyliga ekanligini, asrlarga guvоh bu binоlarni asrash-avaylash, kеlgusi avlоdlarga mеrоs qоldirish zaruriyatini ta’kidlaydi. Mazkur binоlarning insоn qo‘li bilan barpо etilganiga tahsinu tasannоlar o‘qiydi.
Оgahiyning tabiat haqidagi masnaviylarida Хivadagi birоrta bоg‘ shоir nazaridan chеtda qоlmaganidеk, tariхiy-madaniy imоratlar haqidagi masnaviylarda Хоrazmdagi birоrta mе’mоriy binо muallif diqqatidan fоrig‘ bo‘lgan emas. Bu turkum masnaviylar ko‘prоq "Riyoz ud-davla" va "Jоmе’ ul-vоqеоti sultоniy" singari tariхiy asarlari tarkibida uchraydi.
Yuqоrida tasnif va tavsif qilingan masnaviylardan tashqari yana Оgahiy shе’riy mеrоsida sоqiyga murоjaat tipida yozilgan ba’zi tasavvufоna ma’nоlar bilan uyg‘unlashgan ayrim masnaviylar ham mavjud. Ularda shоir sоqiy misоlida Allоhga, ilhоm parisiga, ba’zan esa o‘ziga murоjaat qilib, shaхsiy o‘y-kеchinmasini, оrzu-intilishlarini ifоdalaydi. Bunday masnaviy-parchalar hajman kichik bo‘lganligi bоis, ularni alоhida turkum sifatida tasnif va tavsif qilishga hоjat yo‘q, dеb hisоblaymiz.
Хulоsa qilib aytganda, Оgahiy masnaviylarining mavzu ko‘lami rang-barang, g‘оyaviy оlami nihоyatda kеng.
Chiston Ogahiy she’riy merosining tarkibiy qismi sifatida atroflicha ilmiy tadqiq etishni talab qiladi. Shoir chistonlari bu janr rivojining yangi bir bosqichi hisoblanadi.
Chiston lug‘aviy jihatdan forscha “chist on?” (“u nimadir?”) bo‘lib, adabiy terminologiyada topishmoq she’rga aytiladi. Bu she’r nav’i o‘tmish badiiyot ilmida lug‘z, lug‘az, log‘az iboralari bilan yuritilib kelgan33. Turkiy adabiyotda ilk chistonlar XV asrda Navoiy tomonidan yaratilgan. Fors-tojik adabiyotida undan bir necha asr ilgari ham mavjud bo‘lgan hamda lug‘z deb atalgan. Keyinchalik lug‘z va chiston atamalari turkiy va forsiy adabiyotda baravar qo‘llanavergan. Chiston hajmi cheklanmagan. Lekin ko‘pincha 1 yoki 2 baytdan oshmaydi.
Chiston ma’rifiy, ijtimoiy, siyosiy mazmunga ega bo‘ladi. Bu janrda yaratilgan chistonlar 2 turli bo‘ladi:
Majoziy chistonlar.
Oddiy chistonlar.
Ogahiy 4 chiston yaratgan bo‘lib, ular sarlavhalangan. Chistonlar shoirning “Ta’vizu-l-oshiqin” devoniga kiritilgan34.
Devondagi birinchi chiston “Davlat” deb nomlanadi. Shoir quyidagicha yozadi:
Ul nechuk farrux humokim, boshi oning to‘rtdur,
Bo‘ynidur olti, tani o‘ttuz, ayoqi to‘rt yuz.
Soya har kim boshig‘a solsa topib iqbolu joh,
Guliston o‘lg‘ay oning olida jumla tog‘u tuz.
Topmog‘ong‘a soyasin bazmu tarab zindon o‘lub,
Xam qad ila nola aylar har tun andoqkim qo‘buz (517-bet).
Chiston 3 baytdan iborat bo‘lib, betakror o‘xshatishlarga boy. SHoir davlatni humo qushiga o‘xshatadi. Biroq uning boshi to‘rt, bo‘yni olti, tani o‘ttiz, oyog‘i esa to‘rt deya ta’riflaydi. Bu qushning soyasi kimning boshiga tushsa, uning oldida jumla tog‘-adirlar gulistonga aylanadi, – deydi shoir. Aksincha bo‘lsa, shodlik bazmlari zimistonga aylanib, egik qad bilan har tun nola aylaydi bunday inson, – deya bong uradi. SHoir fikr ifodasida go‘zal badiiy tasviriy vositalardan foydalangan.
Ogahiy ushbu chistonda abjad hisobi orqali she’riy topishmoq javobiga e’tibor qaratgan. Bunday muammo-chistonlar ko‘pgina mumtoz shoirlarimiz ijodida uchraydi. Shayboniy, Huvaydo, Shavqiy Kattaqo‘rg‘oniylar bunday chistonlarning go‘zal namunalarini yaratgan. Ogahiy chistoniga qaytadigan bo‘lsak, she’rlardagi raqamlar chistonni javobini keltirib chiqaradi. Shoir humo qushining boshi to‘rtdur, deyish bilan abjad hisobi bo‘yicha “dol” harfi 4 raqamini, “bo‘ynidur olti” tasvirida “vov” harfi 6, “tani o‘ttuz” ifodasida “lom” harfi 30, “ayoqi to‘rt yuz” birikmasida “te” harfi 400 raqamlarini ifodalashiga diqqat qaratib, “d”, “v”, “l”, “t” bo‘lishini arab imlosida qisqa unlilar tushib qolishiga ishora qiladi. Yakunda “Davlat” so‘zi kelib chiqadi35. Darhaqiqat, ushbu fikrlardan xulosa qilish o‘rinliki, Ogahiy ham shakl, ham mazmun uyg‘unligiga erisha olgan.
Ogahiy “Vafo” deb nomlangan ikkinchi chistonida ham qush timsolidan foydalangan. Shoir vafoni ham qushga o‘xshatib, quyidagicha tasvir yaratgan:
Ul na yanglig‘ turfa qushkim, oltidur oning boshi,
Turfaroq bukim, ayoq birdur, qanot sakson ango.
Garchi oning bu zamon ahli aro bordur oti,
Lek yo‘qluk oshyoni ichradur maskan ango (517-bet).
Chistondagi falsafiy ruh diqqatni tortadi. Bu misralarda majoziylik ustun.
Shoir olti bosh, bir oyoq, sakson qanotli, – deya mubolag‘a san’atidan foydalangan. Shuningdek, raqamlarni keltirish, qush a’zolarini sanash bilan tanosub, raqamlar qatiga yashiringan harflar asosida kitobat she’riy san’atini shuningdek, birinchi baytda yanglig‘ so‘zi tashbeh she’riy san’atini, bor, yo‘q so‘zlari tazodni vujudga keltirgan.
Ikkinchi baytda vafoning bu zamon ahli orasida o‘z nomi bor, lekin o‘zi yo‘q degan holda davrning bu illatidan noliydi shoir. Bu turfa – o‘zgacha, olti boshli, bir oyoqli, sakson qanotli “qush” doimo kamnamoligi go‘zal badiiy tasvirlarda ifoda etilgan.
Bu chistonda ham abjad hisobiga murojaat qilishga to‘g‘ri keladi. Misralardagi olti soni “vov”, bir raqami “alif”, sakson raqami “fe”ni ifodalaydi. Natijada “Vafo” so‘zi kelib chiqadi.
Ogahiy chistonlari barchaga birdek ta’sir ko‘rsata oluvchi she’riy topishmoqlardir. U Alisher Navoiy ijodidan, uning lug‘z-chistonlaridan ta’sirlangan. Ma’lumki, Navoiy o‘zbek tilida o‘nta, fors-tojik tilida to‘qqizta qit’a shaklidagi lug‘z-chistonlar yozgan. Bu chistonlar orasida abjad yo‘li bilan nomi yashiringanlari emas, balki oddiy topqirlik, o‘ylash, fikrlash yo‘li bilan topiluvchi chistonlar mashhur edi. Ogahiyning “Tanga” chistoni Navoiyning shu nomdagi she’riy topishmog‘i ta’sirida bitilgan:
U na dilbarkim, tani simin o‘lub,
Badr yanglig‘ suratu siymosidur.
Xat butub ikki yuzida sarbasar,
Ziynat afzoyin ruhi zebosidur.
Jussai tirnog‘ yuzi yanglig‘ kichik,
Lek ulug‘lar ishqining rasvosidur (517-bet).
SHoir baytlarda tanganing tashqi ko‘rinishi tasvirini chizadi. Uning ikki yuziga xatlar, raqamlar bitilib zebolangani, bu kichik jussa bilan ulug‘larni ham ishqida rasvo, devona qilgani tashbeh va tazod san’ati orqali gavdalantirilgan. Keyingi misralarda tasvir yana-da kuchayadi. SHoir ifodaga hajviy ruh berib, katta ijtimoiy muammoni qalamga oladi. Barcha olam ahli uning savdosida ekanligi, boy, kambag‘al, qariyu yigit devonayu shaydoligi, uning visoliga etishgan adnolar el ichida e’tibor qozonishi, agar donoda u bo‘lmasa, xor bo‘lishi donishmandlik bilan ifoda etilgan:
Vaslini istab jahon bozorida.
Olam ahli boshida savdosidur.
Ham faqiru, ham g‘ani devonasi,
Ham qariyu, ham yigit shaydosidur.
Topsa ham adno visolin nogahon,
E’tibor ichra ulus a’losidur.
Etsa har a’log‘a gar hajri oning,
Jumla adno xalqning adnosidur.
Topmasa gar iltifotin har kishi,
Xordur, garchi jahon donosidur (517-bet).
Ushbu “Tanga” chistoni oddiy chistonlar sirasiga kiradi. Shoir bu chistonda tangaga xos belgilar, sifatlarni keltiradi. Badr, ya’ni oy, jussasi tirnoq kabi dumaloq, kichik, ikki yuziga xat bitilgan kabi sifatlarni keltirib, o‘quvchini chiston javobini topishga undaydi. O‘quvchi shu kabi mulohazalar orqali chistonning javobini topa oladi. Shu bois ham bu oddiy chistondir.
Shoir devonidagi to‘rtinchi chiston ham oddiy chistonlar sirasiga kiradi. Qizig‘i, shoir bu chistonda ham qush timsolidan foydalangan.
Ogahiy yozadi:
Ul na qushkim, jismi ikki sho‘‘badur boshdin ayoq,
Ul ikav ikki qanoti ham iki minqoridur,
Bir kishi barmoqlari tahrikidin qoqg‘ay qanot,
Dona termoqlikka parvozi agar har soridur.
Shoir go‘zal o‘xshatishlar vositasida, mantiqiy izchillikni unutmagan holda tasvir yaratadi. Bu qushning jismi, tanasi boshdan oyog‘igacha ikki bo‘lakdan iborat. Ikki qanoti va ikki badani uni qo‘lga oluvchinining barmoqlari harakatidan qanot qoqadi va don terish uchun parvoz qiladi. Keyingi baytlarda shoirning tasvirlari yanada jozibalashadi:
Donasi axgar, makoni go‘shai otashkada,
Ko‘zi birdur, ko‘zdin osilg‘on pilik tashqoridur.
Qishda doim jilvagardur xalq ollida, vale,
YOzda mutavori o‘lmoqlik oning otvoridur (518-bet).
Olov ichida makon tutadigan, bir ko‘zli, ko‘zidan pilik osilgan, qishda e’zoz topadigan, yozda esa aksincha holga tushadigan bu narsa nima degan savol kitobxonni o‘ylantiradi.
Bu holat chistonni oddiy she’riy topishmoqlar sirasiga kirishini ta’minlaydi. Darhaqiqat, Ogahiy bu jumboq orqali otashgirning belgi, xususiyat, vazifalarini to‘g‘ri va aniq ko‘rsata olgan.
Adabiyotshunos R. Orzibekov chiston yaratishdagi Ogahiy mahoratini shunday baholaydi: “CHiston yaratishdagi Uvaysiyga xos mohirlik, o‘tkir mushohadalik kishilarni topqirlikka, hozirjavoblikka da’vat etish shoir Ogahiy ijodi uchun ham xosdir. Ogahiy klassiklar an’anasini davom ettirib. chiston aytish san’atida o‘ziga xos mahorat ko‘rsata oldi”36.
Xullas, Ogahiyning “Davlat”, “Vafo”, “Tanga”, “Otashgir” chistonlari bu janrning mukammal namunalaridir. Bulardan dastlabgi ikkitasi majoziy chistonlar bo‘lsa, “Tanga” va “Otashgir” oddiy chistonlardir. Shoirning bu she’riy topishmoqlari ijtimoiy-siyosiy mazmun-mohiyat ham kasb etadi. Chistonlar ulkan g‘oyaviy o‘ziga xoslikka ham ega. Ularda tasvir va ifoda turli she’riy san’atlar orqali namoyon bo‘lgan. Ogahiy chistonlari ham yuksak badiiy mahorat mahsulidir.
Tuyuq turkiy she’riyatning jozibador janrlaridan hisoblanadi. Ilk tuyuqlar Burhoniddan Ahmad Sivasiy tomonidan yozilgan. O‘zbek mumtoz adabiyotida YUsuf Amiriy, Gadoiy, Lutfiy, Navoiy, Bobur, Ubaydiy, Munis, Rojiy, Ogahiylar ijodida tuyuqning sara namunalari uchraydi.
Alisher Navoiy, Bobur o‘z asarlarida tuyuq tarixi, janr xususiyatlari haqida ma’lumot berganlar.SHuningdek, rus sharqshunosligida A.N.Samoylovich, T.I.Melioranskiy, turk olimi F.Kupruluzoda, keyinchalik E.E.Bertels, I.V.Stebleva, Hodi Zarif, N.Mallaev, M.Hamroev, B.Valixo‘jaev, R.Orzibekov va boshqalar o‘z ilmiy asarlarida tuyuq haqida to‘xtalganlar. Ayniqsa, adabiyotshunos R.Orzibekovning “Lirikada kichik janrlar” kitobida tuyuq haqida batafsil ma’lumot berilgan.
Hajm jihatidan xalq og‘zaki ijodidagi to‘rtliklarni va ruboiy she’rlarni eslatuvchi, kuyga solib aytiladigan, qofiyalari ko‘proq hamjins, hamshakl so‘zlardan tuziladigan, aruzning ramali musaddasi maqsur vaznida yoziladigan she’r turini tuyuq deb ataganlar. Alisher Navoiy fikrlariga tayanib, tuyuq mafhumi xalq tomonidan qo‘shiqlarning to‘rtlik turiga berilgan bir nom sifatida paydo bo‘lganligini va yozma adabiyotda ham o‘z nomini saqlab qolganligini taxmin qilish mumkin.37
Shuningdek, adabiyotshunos olimlar tuyuqning to‘rt misradan iborat, mustaqil va to‘liq ma’noga ega bir butun asar ekanligini, a-a-a-a, a-a-b-a shaklda qofiyalanishini ta’kidlaydilar. Biroq adabiyotshunoslikda ramali musaddasi maqsur vaznida yozilgan ruboiy-tuyuq, tajnissiz tuyuq, qit’a- tuyuqlar ham bor ekanligi qayd etiladi. Darhaqiqat, mumtoz she’riyatimizda bunday tuyuqlarni ham ko‘plab uchratishimiz mumkin.
Turkiy she’riyat tuyuqnavisligida Muhammad Rizo Ogahiyning ham o‘z o‘rni bor. Uning 10 ta tuyuq yozgani ma’lum. Ogahiy tuyuqlari, ularning ba’zilari xususida adabiyotshunos olimlar R.Majidiy, S.Dolimov, R.Orzibekov, F.G‘anixo‘jaev, A.Abdug‘afurov va boshqalar to‘xtalganlar. Adabiyotshunos R.Majidiy “Ogahiy lirikasi” kitobida shoirning “Bo‘ldi chun umring kunining vaqti tush”, “Dardi zahri soldi chinlar qoshima”, “G‘am yuki to qomatim yo qilmadi”38 deb boshlanuvchi tuyuqlarini tahlil qilgan. R.Orzibekov Ogahiy tuyuqlariga yaxshi baho beradi: “Ogahiy yaratgan tajnisli to‘rtliklar, tuyuqlar ham o‘z xususiyatlariga ko‘ra diqqatangez asarlardir.
U tajnis so‘zlar orqali ruboiylar, qit’alar, g‘azallar ham bitgan. Bu hol shoirning o‘zbek tili imkoniyatlarini juda sinchiklab kuzatganligidan, ulardan unumli foydalanganligidan dalolat beradi.39 Shundan so‘ng Ogahiyning “Uch, baland aylab qanoatni qanot”, “Bo‘ldi chun umring kunining vaqti tush” deb boshlanuvchi tuyuqlarining tahlilini bergan. Yana bir taniqli adabiyotshunos F.G‘anixo‘jaev ogahiyshunoslikka ulkan hissa qo‘shgan. U shoir tuyuqlari haqida so‘z ketganda muxtasar ma’lumotlar bilan cheklanadi: “Ogahiy o‘z tuyuqlarida ba’zi bir so‘z o‘yini ishlatibgina qolmasdan, faqat poetik mahorat bilan chegaralanib qolmasdan, ularga chuqur sotsial mazmun berishga ham harakat qilgan”.40
Adabiyotshunos A.Abdug‘afurov “Muhammad Rizo Ogahiy” nomli kitobida “Dardi zahri soldi chinlar qoshima”, “Do‘stlar, hamrohlik aylab boringiz”, “Agar ishq ichra tushsa boshim uzra g‘am yuki yuz, man” tuyuqlarining matnini keltiradi. A.Abdug‘afurov shoiring iqtidoriga yuksak baho bergan: “Devondagi har bir tuyuq shoirning yuksak san’atkorligiga, noyob badiiy mahoratiga ishonchli dalil bo‘la oladi”.41 Shoirning olti misrali tuyug‘ini esa “Ogahiyning ixtirolaridan biri”42 deb ataydi.Adabiyotshunos M.Matyaqubova 2000 yilda “Ogahiy ijodida kichik she’riy janrlar” mavzusida nomzodlik dissertatsiyasini himoya qilgan. U ham tadqiqot ishida shoir tuyuqlari haqida to‘xtalgan.
YUqoridagilardan ko‘rinadiki, ustoz adabiyotshunoslar Ogahiy tuyuqlariga katta baho berganlar va ulardan to‘rttasining to‘laqonli tahlilini keltirishgan.
Ogahiy tuyuqlaridan 9 tasi a-a-b-a shaklida qofiyalangan. Ularning barchasida 1, 2, 4-misralarda tajnis so‘zlar mahorat bilan keltirilgan.
1ta tuyuq 6 misradan iborat bo‘lib, a-a, b-a, v-a tarzida qofiyalangan. Ushbu tuyuqni qit’a-tuyuq deyish o‘rinlidir. O‘zbek mumtoz adabiyotida qit’a-tuyuqlar ham ko‘p yaratilgan.Ayniqsa, bunday tuyuqlarni Navoiy devonlarida, Ogahiyning amakisi hamda ustozi Shermuhammad Munis ijodida uchratamiz. Qit’a-tuyuq haqida R.Orzibekov shunday ma’lumot beradi: ”Tajnisli tuyuqlarning uchinchi xili qit’a-tuyuqlardir. Qit’a- tuyuqlarda juft misralarda tajnis so‘zlar qofiya sifatida ishlatiladi. U shu xususiyatlariga ko‘ra tuyuqqa ham, qit’aga ham o‘xshaydi. Shuning uchun u qit’a-tuyuq yoki tajnisli qit’a atamalari bilan ataladi. Bunday qit’alar baytlar miqdori jihatidan ham tuyuqlarga teng bo‘ladi”.43 Demak tuyuq-qit’alar ham aslida 4 misrali bo‘lishi lozimligini e’tiborga olsak, haqiqatdan ham Ogahiyning olti misrali tuyug‘ini A.Abdug‘afurov ta’biri bilan aytganda “shoir ixtirosi” deyish maqsadga muvofiqdir”. Ogahiyning olti misrali tuyug‘i quyidagicha:
Agar ishq ichra tushsa boshim uzra g‘am yuki yuz, man.
Uyurmasman oni chekmakda aslo yolqibon yuz man.
Rizoyi yor ila yuz yil balo to‘fonida qolsam,
CHiqoy deb amnu-rohat sohilig‘a bir nafas yuz man.
Agar xasmim mening o‘lsa yo‘q g‘amim bir zarraga andin,
Ki, atrok ichra biri mingga g‘olib bo‘lg‘usi YUz mann.44
Shoir agar ishq ichra boshimga g‘am yuki yuz marta tushsa, menman, dardu alamni chekishdan hech qachon yuz o‘girmayman, ma’shuqaning rizoligi bilan yuz yil balo to‘fonida qolsam, rohat-farog‘at sitamiga chiqay deb, bir nafas ham suzmayman deydi. Shuningdek, 5,6-misralarda esa agar yor mening xasmim bo‘ladigan bo‘lsa, zarracha ham g‘amim qolmaydi, turkiy qavmlar ichra biri mingni mag‘lub etadigan, g‘olib bo‘ladigan Yuz urug‘idanman, deydi Ogahiy. Ko‘rinadiki, ushbu misralar orqali shoir o‘zining o‘zbeklarning Yuz urug‘idan ekanligiga ham ishora qiladi.
Shoirning yana bir tuyug‘i quyidagicha:
Kosa olsang qo‘lg‘a ichmakka choqir,
Ushbu maxmuringni bazminga choqir.
Muddai xaylini tig‘i rashk ila.
Hech rahm etmay maning komim choqir.
Ogahiyning ushbu tuyug‘i rindona mavzuda. Agar may (chog‘ir) ichish uchun qo‘lingga kosa olsang, men maxmurni, ya’ni sarmastni bazmingga chaqir, deydi lirik qahramon. So‘ng fikrini davom ettirib, muddai, ya’ni g‘animlar xayli (to‘da)sini rashk tig‘i bilan hech rahm etmasdan mening komimcha qir, deydi. So‘nggi misra biroz izohtalabdir. Shoir misra yakunida “komim choqir” deb yozgan. Bu komim, ya’ni orzumcha qir, o‘ldir deganidir. Zohirdan qaraganda, meni may ichishga chaqir, rashk tig‘i bilan dushmanlarni qir ma’nosi kelib chiqadi. Biroq shoir may ichish deganda ilohiy ishqdan sarmast bo‘lishni, g‘animlar xayli (to‘dasi)ni rashk tig‘i bilan qirish deganda nafsni mag‘lub etishni ko‘zda tutgan, nazarimizda.
Ogahiy yozadi:
Chehrasining garchi muhriq nori bor,
Bergusi doim niholi nori bor,
Sig‘mag‘ung bazmi aro, ey muddaiy,
Telmurub turma bu erda, nori bor (448-bet).
Birinchi misrada shoir yor chehrasining muhriq, ya’ni qizdiruvchi, kuydiruvchi qizilligi, dog‘i bor, deydi. Ikkinchi misrada ma’shuqani go‘zal anor niholiga qiyos etadi. Lirik qahramon zebo yorini muddaiy, ya’ni raqibdan rashk qilib, sen uning bazmiga sig‘maysan, nari bor deya quvib soladi. Ogahiy bu erda ”nori”so‘zi orqali tuyuq yaratgan.
Ogahiyning quyidagi tuyug‘i tasavvufiy mazmun-mohiyat kasb etadi. Unda oshiqlik, rindlik ahvoli, ”g‘ayb sirri” haqida so‘z boradi:
Kishi g‘am daf’ig‘a gar mo‘l ichar yuz ming qadah mul ham,
Ko‘ngilda ishq zavqi bo‘lmasa, afzun etar mulham.
Shahodat olami asroridin hargiz xabar topmas,
Kishi to bo‘lmag‘uncha g‘ayb asrori bila mulham (447-bet).
Kishi g‘amni yo‘qotish uchun mul, ya’ni may mo‘l, yuz ming qadah ichadi. SHoir aytadiki, agar ko‘ngilda ishq zavqi bo‘lmasa, may ham kishini afzun etadi, battar g‘amga botiradi. Oshiq g‘ayb asroridan, fano sirlaridan, Olloh ma’rifatidan mulham bo‘lmasa, ya’ni ilhom olmasa, shahodat olamining sirlaridan hech vaqt xabar topmaydi, deydi Ogahiy. Ushbu tuyuq Ogahiyning tasavvufiy qarashlarini belgilab beradi.Uning ishq siridan ham voqif etadi.
Shoir yozadi:
Va’dai lutf etma, ot jabr aylab o‘q –
Kim, manga ul nasyadin bu yaxshi o‘q,
O‘tdi umrim va’dang ummedi bila,
Sabr qilmoq bo‘lg‘usidir muncha o‘q (447-bet).
Oshiq qalbini maftun etgan ma’shuqa va’dabozdir. U va’da beradi, lekin bajarmaydi. Bundan zada bo‘lgan oshiq menga va’da lutf etma, jabr aylab o‘q ot deydi. Ikkinchi misrada menga u nasyadan, ya’ni va’dadan o‘q otganining yaxshiroq deb mubolag‘a qiladi. Bu misradagi “Yaxshi o‘q” ifodasi “yaxshiroq” ma’nosini bildiradi. “O‘q” – eski o‘zbek tilida so‘zlarga qo‘shilib, harakatning osha zahotiyoq amalga oshirilganiga dalolat qiluvchi yuklamadir.Uchinchi va to‘rtinchi misralarda esa va’dang umidi bilan umrim o‘tdi, sabr qilish ham shunchalik buladimi, deydi shoir.
Ogahiy tuyuqlari shakl jihatidan bu janr talablariga mos keladi. U 6 misrali tuyuq yaratib, bu janrda yangilik qildi. SHoir turoqlaridan 6 tasi ishqiy mavzuda bo‘lib, ularda ham ba’zi o‘rinlarda tasavvufiy g‘oyalar o‘rin egallaydi. Qolgan 4 ta tuyuq to‘laligicha tasavvufiy ahkomlarga bag‘ishlangan. Ularda “Qanoat”, “G‘ayb asrori”, “Nafsi sarkash” haqida so‘z boradi. Ogahiy bu janrda ham o‘zining mahorat sirlarini ko‘rsata olgan.
Mumtoz she’riyatimiz badiiy mezonlaridan birini ijodkorning qofiya ustida ishlash mahorati tashkil qilishi adabiyot muhlislariga ma’lum. Zero, qofiya badiiy shaklning muhim juzvi sifatida she’riy asar joziba-yu nafosatini ro‘yobga chiqaradi. Mazmundor qofiya va radiflar asarda ifodalanayotgan xilma-xil ijtimoiy-axloqiy g‘oyalarni eng muhim, teran ma’noli va serjilo so‘zlar hamda so‘z birikmalari vositasida o‘quvchi ongidan mustahkam o‘rin olishiga xizmat qiladi. Ayni vaqtda yoqimli ohang yaratib, asarning musiqiyligini ta’minlaydi. Shuning uchun ham buyuk ijodkorlarimiz hamisha qofiya va radif ustida ishlashga alohida mas’uliyat bilan qarab kelganlar. Asrlar davomida eng purmazmun va serjilo qofiya hamda radiflar yaratishning nodir usullari kashf etilgan. Muhammadrizo Ogahiy ana shu an’analarning izchil davomchisi sifatida maydonga chiqdi va qofiya hamda radif sohasida ham kashfiyotchi sifatida tanildi.
Shoir avvalo Sharqda mashhur bo‘lgan va barcha ijodkorlar tomonidan izchil amal qilinayayotgan qofiya ilmini nazariy va amaliy jihatdan atroflicha o‘rganganligi va teran o‘zlashtirganligi yaqqol ko‘zga tashlanib turadi. Ogahiy ayni vaqtda o‘nlab ustoz shoirlar merosini chuqur mutolaa qilib, ularning qofiya va radif ustida ishlash salohiyatini har tomonlama tadqiq etgan va eng yaxshi usullarni o‘z asarlariga tatbiq etgan edi.
Shoir o‘z she’riyatidagi qofiya va radiflar ustida ishlar ekan, ustozlar izidan borib, qofiyalarning avvalo xalqchilligiga alohida e’tibor berdi. Shuning uchun ham har bir qofiya va radiflarning o‘quvchilarga tushunarli bo‘lishi, ayni chog‘da talaffuz va kuylash uchun qulayligini ta’minlashga o‘z diqqatini qaratadi. Bu xususiyat Ogahiy ijodida eng maqbul qofiya turlari, xususan, mujarrad va murdaf qofiyalarning keng qo‘llanishida o‘z ifodasini topgan.
Shoir devonini o‘rganish uning barcha janrlardagi asarlarida murdaf qofiya juda faol qo‘llanganidan dalolat beradi. “Ta’viz ul-oshqin” devonidagi jami 382 g‘azaldan 235 tasi, ya’ni 62 foizining shu xil qofiyaga asoslanganligining o‘ziyoq shoirning murdaf qofiyaga bo‘lgan e’tiborini ko‘rsatib turibdi. Buning boisi mazkur qofiyaning lirik va epik tasvir uchun maqbulligi, yoqimli ohangi, o‘ta musiqiyligi, albatta. Zero, olti xil cho‘ziq unlidan keyin keluvchi undosh raviylardan tashkil topgan bu xil qofiyalar g‘oyat jarangdorligi bilan boshqa qofiya turlaridan ajralib turadi.
Shoir lirikasi sahifalarini varaqlasak, murdaf (ridfli) qofiya qo‘llangan asarlarning juda ko‘pchiligi “alif” ridfli, ya’ni undosh raviydan oldin cho‘ziq “o” unlisi kelgan qofiyaga asoslanganligini kuzatamiz. Murdaf qofiya qo‘llangan 235 g‘azaldan 214 tasining shunday xususiyatga ega ekanligi ahamiyatlidir. Ulardan 89 ta g‘azal qofiyasida alifdan so‘ng “nun” (“n”) undosh raviy bo‘lib keladi. Shoir qalamiga mansub.
Ey, jamolingg‘a gar ermas volavu hayron quyosh,
Aylanib boshingg‘a nechun bo‘ldi sargardon quyosh.
Bo‘ldi la’l jonbaxshing uzra to namayon xat,
Ul pari Xizr yanglig‘ topti jovidon jon xat.
Qomating sarvu xiromonim mening
Lablaring gulbargi xandonim mening.
kabi purfayz qofiyalar shoirning bu xil qofiyadan foydalanish salohiyatini ko‘z-ko‘z qilib turadi. Ridfi alifli murdaf qofiyaga asoslanuvchi g‘azallarning 48 tasida raviy o‘rnida “r” undoshi, 18 tasida “m” undoshi, 10 tasida “l” undoshi qo‘llangan. Bunday qofiyalar ham g‘azallarga nozik va jozibali ohang baxsh etganini Ogahiyning
Keldi yuz fayz-u tarovat birla ayyomi bahor,
Ayladi ro‘yi zamin jannat safosin oshkor.
Dahr bir mayxonadurkim, kulfat oning jomidur,
Ko‘z yoshi birla ko‘ngul qoni mayi gulfomidur.
Yuzing mehri avji jamol-u jamol,
Qading sarvi bog‘I kamol-u kamol
kabi ko‘plab yoqimli baytlari misolida ko‘rish mumkin.
Murdaf qofiyalar, ayniqsa, ruboiy janridagi asarlarda keng qo‘llangan. Chunonchi, Ogahiy yaratgan 73 ta ruboiydan 54 tasi yoki 79 fozi shu xil qofiyaga asoslangan. Buning boisi ruboiylarga xos salobatli ohangni ro‘yobga chiqarishda ridfli qofiyaning keng imkoniyatga ega ekanligidir. Ogahiy bitgan murdaf qofiyali ruboiylarning 42 tasida “alif” - cho‘ziq “o” unlisi ridf bo‘lib kelgan. Ko‘rinadiki, shoir bu xil qofiyalarning ohang yaratish imkoniyatlariga alohida ahamiyat bergan. Ushbu ruboiyning 19 tasida “n” undoshi, 10 tasida “r” undoshi, 6 tasida “m” undoshi raviy bo‘lib keladi. Shoirning
Ko‘p muddat edi cheki baloyi hijron,
Yo‘lig‘a boqib muntazir erding, ey jon.
Chiq oldig‘a emdi ko‘rguzib istiqbol,
Kim kelgusidur bu kun hamul joni jahon.
Bordi-yu ko‘nglum, kelmadi dildor hanuz,
Vaslig‘a magar topmadi ul bor hanuz.
Yo vaslig‘a yetkach bo‘lubon mahvi jahon,
Holimni ango qilmadi izhor hanuz
kabi bir-biridan latif qator ruboiylari bu xil qofiyaning ruboiy ohangdorligini ro‘yobga chiqarishidagi ahamiyati haqida tasavvur beradi.
Ogahiy she’riyatidagi ”vov” radifli murdaf qofiyalar garchi kam qo‘llangan bo‘lsa ham (ular asosida jami 13 g‘azal, 5 ruboiy, 2 muxammas bitilgan), ular asarlarga yoqimli va salobatli ohang baxsh etgani
Kishikim tole farxundavu baxti humoyundur,
Ne ishkim qilsa maqbul-u ne so‘zkim desa mavzundur.
Hayotim boisi shirin tilidan bir takallumdur,
Nishotim mujibi rangin labidin bir tabassumdur.
Bo‘l shodu xurram, ey ko‘ngulkim, mavsimi navro‘z erur,
Shohi kavokib adlining ayni jahonfro‘z erur
kabi latif baytlar bilan boshlanuvchi g‘azallar misolida ko‘zga tashlanib turibdi.
“Yo” ridfli murdaf qofiyadan Ogahiy she’riyatda nihoyatda oz foydalanganligi: 382 g‘azaldan 8 tasigina shu xil ohangdoshlikka asoslangan. Lekin shoir ularni qo‘llar ekan, qofiya o‘rnida eng mazmundor va musiqy so‘zlarni keltirib, o‘z asarlariga ayricha latofat-u nazokat bag‘ishlaydi. Uning shu xil rifdga asoslangan
Shukrki, ayshi bazmidin yetkuribon navid iyd,
Ahli jahonni ayladi mast mayi umid iyd.
Bo‘lsa har odam qonoat nuridin ravshan zamir,
Ul durur izzat sipehri avjida mehri munir.
Labing zikri agarchi quvvati joni hazinimdur,
Ko‘zing kufri va lekin ofati islomi dinimdur
kabi baytlar bilan boshlanuvchi qator g‘azallari fikrimiz dalili bo‘lib xizmat qiladi.
Ogahiyning murdaf qofiyali she’riyatiga xos muhim bir xususiyat ridfi zoyidli qofiyaning jida ham kam qo‘llanishidir.
Ma’lumki, bunday qofiyalar, ayniqsa, lirik she’riyat uchun noqulaydir, zero, ularning tarkibini cho‘ziq unli – ridfi asliy, undosh harfli raviy hamda ridfi asliy bilan raviy orasidagi takrorlanib keluvchi yana bir undosh – ridfi zoyid tashkil qiladi. Cho`ziq unlidan so`ng keluvchi qo`sh undosh bo`g`iqroq ohang hosil qilishi tabiiy. Shu tufayli bunday qofiyaga asoslanuvchi misralarni o‘qish ham, qo‘shiq tarzida ijro etish ham mushkulroq. Uning ustiga bunday qofiya o‘rnida qo‘llanuvchi so‘zlar asosan arab va fors tillardan kirib kelgani tufayli keng xalq ommasi uchun murakkablik qiladi. Shularni hisobga olgan Ogahiy lirik she’riyatda ulardan deyarli foydalanmaydi, liro-epik asarlarida ham zarur hollardagina ularga murojaat etadi. Ogahiyning 6 jildlik asarlar to‘plamidan o‘rin olgan g‘azaldagina shu xil qofiya qo‘llangan bo‘lub, u ham bo‘lsa,
Odat etmishdur yemoq ul la’li shakkarxand qand,
Olloh-olloh, ko‘rdi kim qilmoq tanovul qand qand
bayti bilan boshlanadi. Asar qofiyasidagi cho‘ziq “a” unlisi – ridfi asliy, “n” undoshi – ridfi zoyid, “d” undoshi raviy bo‘lub kelgan.
Ogahiy boshqa janrdagi lirik asarlarida ham bu xil qofiyaga ahyon-ahyondagina murojaat etadi. Jumladan, shoir qalamiga mansub 73 ruboiydan bittasi:
So‘zdur bu jahon ahli aro qulzumi jarf,
Pokiza maoni angodur durri shigarf.
Bu bahr topar ko‘ngul aro gunjoyish,
Kekin ango har ko‘ngul bo‘la olmas zarf
misralaridan tashkil topgan to‘rtlik bo‘lib, qofiyadagi cho‘ziq “a” unlisi – ridfi asliy, “r” undoshi – ridfi zoyid, “f” undoshi raviy bo‘lib kelgan.
Shoir lirikasidagi barcha qofiyalarning uchdan bir qismi 33 foizini mujarrad qofiya tashkil etadi.
Ma’lumki, mujarrad qofiya ikki xil ko‘rinishga ega bo‘lib, ulardan birinchisida unli harflar raviy bo‘lib keladi. Mumtoz she’riyatimizda ko‘pincha raviysi “alif” (“o” unlisi) bo‘lgan mujarrad qofiyalar boshqa unlilar raviy bo‘lib kelgan qofiyalarga qaraganda kengroq qo‘llangan. Ogahiy she’riyatida raviysi “alif”dan iborat bo‘lgan qofiyalar unli harf raviy bo‘lib kelgan qofiyalarning 90 fozidan ko‘prog‘ini tashkil etadi. Xususan, shu xil qofiyaga asoslanuvchi jami 77 lirik asarning 74 tasi raviysi alifdan iborat bo‘lgan qofiya zaminida yaratilgan bo‘lib, birgina g‘azal, 2 band tarji’banddagina “vov” (“y”) unlisi raviy bo‘lib keladi. Masnaviylardagina raviysi “vov” bo‘lgan qofiya bir oz kengroq qo‘llangan.
Ogahiy lirikasiga mansub asarlardan 53 tasi “alif” raviyli muqayyad, ya’ni raviy bilan tugallanuvchi mujarrad qofiyalarga ega.
Lutf etib bir kecha kel bazmim aro, ey mutrib,
Dilkusho un bila bo‘l nag‘masaro, ey mutrib.
Faryodima bo‘lmushdur yuz dard-u balo bois,
Yuz dardu balog‘a bil ul qoshi qaro bois.
Vahkim, nedin ushbu tun ul mohliqo kelmas,
Holimni magar bilmas, bilsa dog‘i yo kelmas
kabi ko‘plab baytlardagi bu xil qofiyalar asarlarga nafis va mayin musiqiy ohang bag‘ishlaydi. 21 asarda esa mazkur qofiyalar mutlaq ko‘rinishda qo‘llanadi, ya’ni ulardagi qofiyalar raviylardan so‘ng ham davom etadi. Shoir qalamiga mansub.
To bo‘lmisham bu olam aro oshnoyi umr,
Chekmakdrur ishim kecha-kunduz jafoyi umr.
Tarki mehr yetti ul oy, manda vafosidur hanuz,
Xasta jonim dardi ishqi mubtalosidur hanuz.
Ey, mehri anvar tobishi ravshan yuzing siymosidin,
Yuz ro‘zi mahshar sho‘rishi zohir ko‘zing imosidin
kabi qator baytlar bu xil qofiya xususiyatlari – latofat-u jilosi haqida yorqin tasavvur hosil qilishga imkon beradi.
Do'stlaringiz bilan baham: |