Ma’muriy javobgarlik – ma’muriy-huquqiy munosabatlarning buzilishi bilan bog‘liq bo‘lib, ularga – jamiyatda o‘rnatilgan tartib-qoidalarni bajarmaslik, masalan yo‘l harakati qoidalarini va jamoat tartibini buzish, tabiatni muhofaza etishga qarshi harakatlar va boshqalar kiradi. Ma’muriy-huquqiy javobgarlik bo‘yicha quyidagi jazo choralarini ko‘rsatish mumkin: ogohlantirish; jarima solish; huquqbuzarlik quroli yoki obyekti bo‘lgan narsani musodara qilish; maxsus huquqlardan mahrum etish (ov qilish, transport vositalaridan foydalanish va hokazo); ma’muriy qamoq; axloq tuzatish ishlari va boshqalar.
Fuqaroviy-huquqiy javobgarlik – fuqarolik qonunchiligi qoidalarini buzgan shaxslarga nisbatan jabrlanuvchiga yetkazilgan mulkiy zararni qoplash bilan bog‘liq majburiy ta’sir chorasi qo‘llaniladi.
Fuqaroviy-huquqiy javobgarlik shartnoma talablarini lozim darajada yoki umuman bajarmaganlik uchun kelib chiqadi va odatda, mulkiy (moddiy) mazmundagi ta’sir choralari qo‘llanishi bilan tavsiflanadi. Shu bilan birga ta’kidlash joizki, fuqaroviy-huquqiy javobgarlikka sabab bo‘luvchi huquqbuzarlik (majburiyatni bajarmaslik) ikki xil bo‘ladi: a) fuqaroviy qonunchilikda nazarda tutilgan mulkiy majburiyatlarni bajarmaslik; b) fuqarolarning sog‘ligi, hayoti, sha’ni va qadr-qimmatiga daxldor nomulkiy majburiyatlarni bajarmaslik. Mazkur javobgarlik Fuqarolik kodeksi, Oila kodeksi, Yer kodeksi, Mehnat kodeksi va boshqa xususiy huquq sohasiga oid qonunlar normasini buzish natijasida kelib chiqadi.
Fuqaroviy-huquqiy javobgarlik choralariga tegishli majburiyatni majburiy bajartirish, zararni undirish, neustoyka, jarima, penya va boshqalar kiradi.
Intizomiy javobgarlik – korxona va tashkilotlarda belgilangan tartibqoidalarni buzish oqibatida kelib chiqadi. Intizomiy-huquqiy javobgarlikning belgilanish holatlari Mehnat kodeksi, korxona va tashkilotlarning ichki mehnat tartib-qoidalari hamda maxsus nizomlarda nazarda tutiladi. Intizomiy javob garlik mehnat va xizmat intizomini, harbiy va boshqa intizomni buzish bilan bog‘liq bo‘lib, ularga idoraning ichki tartib-qoidalarini buzish, ishga kech kelish yoki ishdan barvaqt ketish va hokazo hollarda kelib chiqadi. Intizomiyhuquqiy jazo chorasini qo‘llash ichki ishlar organlari, mansabdor shaxslar va tegishli vakolatga ega bo‘lgan rahbarlar (ma’muriyat) tomonidan amalga oshiriladi. Mehnat intizomini buzgan xodimlar korxona, tashkilot va muassasa ma’muriyati tomonidan javobgarlikka tortiladilar. Fuqaro aviatsiyasi, temir yo‘l transporti xodimlari, sudyalar va boshqa ayrim toifa xodimlarning intizomiy javobgarligi to‘g‘risidagi masala maxsus intizomiy komissiyalar tomonidan tegishli nizomlar asosida ko‘rib chiqib, hal etiladi. 2017-yil 29-martda «O‘zbekiston Respublikasining Sudyalar oliy kengashi to‘g‘risida»gi Qonuni qabul qilindi. Ushbu Qonunga muvofiq, Kengash sudya kadrlar zahirasini shakllantiradi, sudyalarni davlat mukofotlariga taqdim etish, rag‘batlantirish, sudyalarni intizomiy, jinoiy yoki ma’muriy javobgarlikka tortish bilan bog‘liq masalalarni ko‘rib chiqish vakolatiga ega1. Jinoiy va fuqarolik-huquqiy javobgarlikni belgilash faqat sud tomonidan amalga oshiriladi. Ma’muriy va intizomiy-huquqiy javobgarlik ichki ishlar organlari, mansabdor shaxslar va tegishli vakolatga ega rahbar shaxslar (ma’muriyat) tomonidan amalga oshiriladi.
Yuridik javobgarlikni belgilashning asosiy maqsadi jazolash emas, balki huquq umumiy maqsadlarining muayyan ifodasiga qaratilgan bo‘lib, ular ijtimoiy munosabatlarning mustahkamlanishi, tartibga solinishi va himoyasida o‘zining ifodasini topadi. Bu maqsadlar, o‘z navbatida, huquqning tartibga soluvchi (regulyativ) va qo‘riqlovchi funksiyalari amalda bo‘lishini belgilaydi. Yuridik javobgarlikning asosiy funksiyasi qonuniylik va huquq-tartibotni muhofaza qilishdan iborat. Muayyan huquqbuzarga nisbatan javobgarlikning qo‘llanishi birmuncha tor maqsadni, ya’ni aybdorni jazolashni ko‘zlaydi. Bu bilan davlat o‘zining majburlov choralarini amalga oshira turib, yana boshqa bir maqsadni ko‘zda tutadi – bu maqsad kelajakda huquqbuzarlikni sodir etishning oldini olishga yoki bu haqda ogohlantirishga qaratilgan bo‘ladi.
Bu maqsadlar, o‘z navbatida, javobgarlikning ijtimoiy vazifalarini belgilab beradi. Ko‘p yillar mobaynida olimlar yuridik javobgarlikning maqsadi va prinsiplar xususida fikr-mulohaza yuritib, umumiy to‘xtamga kelganlar, deyish mumkin. Bu nuqtayi nazarni Ch. Bekkaria shunday bayon etgan: «... Hech bir jazo alohida fuqaro yoki ko‘pchilikning bir kishi ustidan zo‘ravonlik ishlatishi ifodasi bo‘lmasligi uchun u oshkora, tezkor, muqarrar, qonunda ko‘rsatilgan barcha qo‘llanishi mumkin bo‘lgan choralar ichida eng yengili, sodir etilgan jinoyatga mutanosib bo‘lishi lozim»1. Yuridik javobgarlikni belgilashda quyidagi prinsiplarga amal qilinadi:
Adolatlilik – aybdor bo‘lmagan shaxslarning javobgarlikka tortilishiga yo‘l qo‘ymaslik yoki sodir etilgan qilmishning isbotlanishi zarurligini talab etadi, shuningdek qo‘llanilayotgan jazo sodir etilgan jinoyatga mutanosib bo‘lishi lozim.
Qonuniylik – huquq qoidalari talablarini qat’iy va aniq joriy etishdan iborat bo‘lib, yuridik javobgarlikka nisbatan bu talab faqat vakolatli davlat organlari tomonidan qonunda belgilangan asoslarda hamda o‘rnatilgan tartibda amalga oshiriladi. Bunda muomalaga layoqatli shaxsga nisbatan u huquqqa zid xatti-harakat qilgan taqdirdagina jazo qo‘llanilishi lozim.
Gumanizm (insonparvarlik) – yuridik javobgarlikka tortish jarayonida qonunda nazarda tutilmagan usullar, ya’ni qiynoqqa solish, jismoniy azob berish kabi insonning sha’ni va qadr-qimmatini kamsituvchi holatlarga yo‘l qo‘ymaslikni talab etadi, ayniqsa, jazo tayinlanayotgan vaqtda inson huquqlarining oliy qadriyat ekanligi e’tiborga olinishi lozim.
Jazoning asoslanganligi – bunda jazo tayinlash vaqtida sud ishni har tomonlama chuqur o‘rganib, tahlil qilib, aybini isbotlab, keyin jazo tayinlashi lozim.
Maqsadga muvofiqlik prinsipi sodir etilgan qilmishga nisbatan javobarlikning muqarrarligini anglatadi, chunki belgilangan jazo yuridik javobgarlikning maqsadiga muvofiq bo‘lishi lozim.
Javobgarlikning muqarrarligi – yuridik javobgarlik faqat huquqbuzarlik asosida kelib chiqadi, u bilan bevosita bog‘liq. Sodir etilgan har qanday huquqbuzarlik uchun javobgarlik (jazo) albatta qo‘llanilishi shart, u muqarrar bo‘lmog‘i lozim. Hech bir huquqbuzarlik jazosiz qolmasligi shart.
Individuallik prinsipiga binoan sodir etilgan huquqbuzarlik uchun faqat aybdor shaxsning o‘ziga nisbatan javobgarlik qo‘llaniladi, jumladan, ota yoki onaning huquqbuzarligi uchun farzand yoki farzand uchun ota-ona javobgarlikka tortilishi mumkin emas. Jamiyatda har bir shaxs sodir etgan huquqbuzarligi uchun o‘zi javob beradi.
Do'stlaringiz bilan baham: |