Fuqarolik jamiyati – davlatdan mustaqil va undan holi munosabatlar va vositalar tizimi bo‘lib, u shaxs hamda jamoalarning ijtimoiy, madaniy, ma’rifiy hayot sohalaridagi xususiy manfaat va ehtiyojlarini amalga oshirishga sharoit yaratadi.
Fuqarolik jamiyati aksariyat hollarda insonlarning xususiy manfaat va ehtiyojlari sohasi tarzida ta’riflanadi. Fuqarolar huquq va erkinliklarining asosiy ko‘pchilik qismi mana shu xususiy hayot sohasida ro‘yobga chiqariladi. Biroq, bu shaxslarning ijtimoiy hayotdan ajralib qolganligini, begonalashtirilishini anglatmaydi.
Fuqarolik jamiyati – shaxslarning oddiy yig‘indisi emas, balki ular o‘rtasidagi turli aloqalar, hamkorlik, hamjihatlikning ifodasidir. Mazkur mushtaraklik va hamjihatlik tashkiliy-institutsiyaviy ko‘rinishga ega bo‘lib, u turli ijtimoiy kuchlar, nodavlat tashkilotlar, birlashmalar mavjudligi bilan tavsiflanadi.
Fuqarolik jamiyati nihoyatda murakkab ijtimoiy hodisadir. Shu bois uni uch asosiy jihat, uchta yo‘nalish bo‘yicha:
1) iqtisodiy jihat; 2) siyosiy jihat; 3) ma’naviy-axloqiy jihat asosida ta’riflash mumkin.
Birinchi jihati. Fuqarolik jamiyati xususiy mulkchilikka keng yo‘l beruvchi va unga asoslanuvchi bozor iqtisodiyoti munosabatlariga, erkin iqtisodiy faoliyatga zamin yaratuvchi shart-sharoitga tayanadi. Aynan xususiy mulkchilik muhiti va munosabatlari qaror topgan jamiyatda shaxsning mulkiy mustaqilligi, iqtisodiy faoliyat yuritishdagi erkinligi ta’minlanadi. Xuddi shu asnoda shaxs davlat hokimiyatiga nisbatan mustaqil mavqeni egallaydi. Davlat xususiy hayot sohasiga, shaxs va tashkilotlarning qonuniy iqtisodiy faoliyatiga aralashmasligi lozim. Davlatning qonunlari inson va fuqaro huquqlarini kamsitmasligi lozim. Bu talab, avvalo, iqtisodiy ishlab chiqarish, xususiy tadbirkorlik sohasiga taalluqlidir.
Mamlakatimizda fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasida ta’kidlanganidek, «Birinchi navbatda, xususiy mulkning huquq va himoyasini mustahkamlashimiz, har qaysi xususiy mulkdor qonuniy yo‘l bilan qo‘lga kiritgan yoki yaratgan o‘z mulkining daxlsizligiga aslo shubha qilmasligini ta’minlaydigan ishonchli kafolatlar tizimini yaratishimiz zarur. Har bir tadbirkor, avvalo, shuni aniq-ravshan bilib olishi kerakki, davlat xususiy mulkdor huquqlarining himoyachisidir»1.
Mamlakatimiz parlamenti tomonidan 2012-yil 24-sentabrda «Xususiy mulkni himoya qilish va mulkdorlar huquqlarining kafolatlari to‘g‘risida»gi qonun qabul qilindi2. U xususiy mulk daxlsizligini ta’minlash uchun qonuniy – huquqiy maydon yaratdi.
Fuqarolik jamiyati konsepsiyasini yaratishga katta hissa qo‘shgan nemis faylasufi G. Gegel, bu jamiyatni burjuacha ishlab chiqarish munosabatlari majmui sifatida tushungan. U ikki asosiy prinsipni ajratib ko‘rsatgan:
birinchidan, shaxslar o‘z xususiy manfaatlaridan kelib chiqib harakat
qiladilar; ikkinchidan, insonlar shunday ijtimoiy munosabatlar tizimini vujudga
keltiradilarki, bunda har kim boshqa kimsaga bog‘liq bo‘ladi.
Xususiy mulkchilikka asoslangan ijtimoiy struktura bo‘lmish fuqarolar jamiyati bozor iqtisodiyoti munosabatlari tizimidan iboratdir. Bunday munosabatlarga ishlab chiqarishdagi raqobat va unda hokimiyatning ma’muriy aralashuvini cheklash orqali erishiladi. Fuqarolar jamiyati insonning ijodiy faolligini namoyon etishga yo‘l ochuvchi munosabatlar shakllangan taqdirda zohir bo‘ladi.
Buyuk fransuz inqilobining manifesti – 1791-yilgi Inson va fuqaro huquqlari deklaratsiyasida ham xususiy mulk muqaddas va dahlsiz deb e’lon qilingan. Feodalizmning ashaddiy dushmani bo‘lgan yakobinchilar esa, xususiy mulkni yangi jamiyatning, ya’ni fuqarolik jamiyatining birdan-bir asosi deb bilganlar. Tarix saboqlaridan ma’lumki, xususiy mulk nafaqat jamiyatni turli qatlamlarga ajratgan, balki, ishlab chiqarishni rivojlantirishga qaratilgan tashabbusni rag‘batlantirgan, hokimiyatga nisbatan mustaqil (avtonom) tuzilmalarni vujudga keltirgan.
O‘zbekistonda ham xususiy mulkchilikka asoslangan iqtisodiy munosabatlar tizimi qaror topmoqda, tadbirkorlikka, kichik va xususiy biznesga keng yo‘l ochilib, uning tegishli tashkiliy va huquqiy mezanizmlari vujudga keltirilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi fuqarolik jamiyatining qaror topishishini xususiy mulkning qat’iy mavqega ega bo‘lishi bilan bog‘laydi. Shu asosda hozirgi paytda jamiyatda keng ko‘lamda xususiylashtirish (aksiyalashtirish) jarayonlari amalga oshirilmoqda.
Xo‘sh, nima sababdan islohotchi – davlat O‘zbekistonda demokratik fuqarolik jamiyatini jadal shakllantirib borishdan manfaatdor?
Birinchidan, shu asnoda mamlakatning ijtimoiy yo‘naltirilgan bozor iqtisodiyoti sari olg‘a siljish yo‘llari va usullari xususida fuqarolar kelishuviga erishish to‘g‘risida norasmiy ijtimoiy shartnoma tuzish va uni ro‘yobga chiqarishda islohotchi-davlat uchun sherik vujudga keltiriladi.
Ikkinchidan, fuqarolik jamiyati o‘z institutlari orqali shaxsning davlat ishlarini boshqarishda ishtirok etishini ta’minlagan holda, davlatda vakillik demokratiyasining va mamlakatda ijtimoiy-siyosiy tizimning asosi hisoblanadi.
Uchinchidan, O‘zbekiston xalqi fuqarolik institutlari va mexanizmlari, avvalo saylov tizimi orqali o‘zining siyosiy yuksalishi va hayotiy muhim milliy manfaatlarini ifodalashi uchun barqaror shart-sharoitlar yaratmoqda.
To‘rtinchidan, fuqarolik jamiyati shaxs va jamiyat, fuqaro va davlat, etnik va konfessional jamoalar, ijtimoiy-demografik guruhlarning hayotiy muhim manfaatlarining o‘zaro maqbul muvozanatidan kelib chiqqan holda quriladi.
Beshinchidan, demokratik jamiyat fuqarolarning siyosiy va ijtimoiy faolligiga asoslangan. O‘z navbatida, uning o‘zi turmushning barcha sohalaridagi islohotlar jarayonida bunday faollikning o‘sib borishini izchil rag‘batlantirib boradi va davlatning byurokratlashuvi, uning institutlari fuqarolarning hayotiy muhim manfaatlaridan uzilib qolishi xavfiga qarshi turadi.
O‘zbekiston Respublikasini 2017–2021-yillarda rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishini belgilagan Harakatlar strategiyasida quyidagilar ta’kidlangan: «Iqtisodiyotda davlat ishtirokini kamaytirish, xususiy mulk huquqini himoya qilish va uning ustuvor mavqeyini yanada kuchaytirish, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik rivojini rag‘batlantirishga qaratilgan institutsional va tarkibiy islohotlarni davom ettiriladi. Bundan maqsad:
xususiy mulk huquqi va kafolatlarini ishonchli himoya qilishni ta’minlash, xususiy tadbirkorlik va kichik biznes rivoji yo‘lidagi barcha to‘siq va cheklovlarni bartaraf etish, unga to‘liq erkinlik berish, «Agar xalq boy bo‘lsa, davlat ham boy va kuchli bo‘ladi», degan tamoyilni amalga oshirish;
kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni keng rivojlantirish uchun qulay ishbilarmonlik muhitini yaratish, tadbirkorlik tuzilmalarining faoliyatiga davlat, huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat idoralari tomonidan noqonuniy aralashuvlarning qat’iy oldini olish;
davlat mulkini xususiylashtirishni yanada kengaytirish va uning tartib-taomillarini soddalashtirish, xo‘jalik yurituvchi subyektlarning ustav jamg‘armalarida davlat ishtirokini kamaytirish, davlat mulki xususiylashtirilgan obyektlar bazasida xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish uchun qulay shartsharoitlar yaratish;
mamlakatning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish jarayonlarini tartibga solishda davlat ishtirokini kamaytirish, davlat boshqaruvi tizimini markazlashtirishdan chiqarish va demokratlashtirish, davlat-xususiy sheriklikni kengaytirish, nodavlat, jamoat tashkilotlari va joylardagi o‘zini o‘zi boshqarish organlarining rolini oshirish»1.
Do'stlaringiz bilan baham: |