«Huquqiy islohot» iborasi o‘z mazmuniga jamiyat huquqiy tizimini isloh qilish, uni demokratik yangilash va ma’rifiy dunyo qadriyatlari hamda umume’tirof etilgan prinsiplar asosida takomillashtirish degan ma’noni qamrab oladi. Ma’lumki «islohot» tushunchasi lotincha «Reformo» so‘zidan olingan bo‘lib, o‘zgartirish, tuzatish, qayta tashkil etish ma’nosini anglatadi. Shundan kelib chiqib ta’rif beriladigan bo‘lsa, huquqiy tizimni isloh qilish deganda, jamiyatning zamonaviy talab va ehtiyojlari asosida huquqiy hayotni (huquqiy voqelikni) o‘zgartirish, yangilash, modernizatsiya qilish tushuniladi. Ushbu islohot huquqiy tizimni tashkil etuvchi barcha elementlarni yangilash va takomillashtirish jarayonlarini ifoda etadi.
Mustaqillik davrida O‘zbekiston Respublikasining o‘z huquqiy tizimi qaror topdi. U vujudga kelish, shakllanish va takomillashish jarayonlarini «boshidan» kechirmoqda. Aytish joizki, huquqiy tizimning tarkibiy qismlarini tashkil etuvchi barcha huquqiy institut va hodisalar birdek yuksak maromda rivoj topayotgani yo‘q. Ayrim elementlar masalan, qonunchilik jadal rivojlanayotgan bo‘lsa, boshqa elementlar sustroq rivojlanmoqda yoki hali eski shakl va qoliplardan to‘la xalos bo‘la olgani yo‘q, xususan, huquqiy ong, huquqiy madaniyat va hokazo. Bu esa huquqiy tizimning barcha tarkibiy elementlari tubdan isloh etilishi, davr talablariga moslashtirilishi lozimligini anglatadi. Huquqiy tizimning tarkibiy bo‘g‘inlarini inobatga olgan holda huquqiy islohotlarning asosiy yo‘nalishlari quyidagicha talqin etilishi mumkin:
Huquqiy tizimni liberallashtirish (erkinlashtirish).
Bugungi kunda butun dunyo miqyosida huquqqa va u bilan bog‘liq barcha hodisalarga baho berishda «liberitar» (ya’ni, huquqqa erkinlikni ta’minlash vositasi sifatida qarash) yondashuv ustuvor mavqeni egallamoqda. Bu konsepsiyaga asosan huquq – avvalambor erkinlik, adolat va tenglik mezoni, ularni ta’minlash vositasi, aholi xavfsizligi hamda har bir fuqaroning mulkiy mustaqilligi (daxlsizligi)ni ta’minlovchi normativ tizimdir.
Mazkur doktrina ikki asosiy jihat bilan ta’riflanadi. Birinchisi, shaxs erkinligi va uning ijtimoiy-siyosiy hayotini erkinlashtirish (liberallashtirish) bo‘lsa, ikkinchisi – ijtimoiy adolat prinsipning ustuvorligini ta’minlash, uni jamiyat va davlat hayotining barcha jabhalariga singdirishdan iborat.
Respublikamizning mustaqillikka erishishi ijtimoiy-huquqiy vaziyatni tubdan o‘zgartirib yubordi. Qonunchilik mohiyat e’tibori bilan tubdan o‘zgardi, butun huquqiy tizimni liberallashtirish sari yo‘l olindi, ayniqsa, jinoyatchilikka qarshi kurash siyosati esa, liberallashtirish va insonparvarlikka yuz tutdi. Biroq, totalitar tuzumning qoldiqlari va ayrim andozalaridan birdaniga qutulishining iloji yo‘qligini nazardan qochirmaslik lozim.
Ma’lumki, bu maqsadga faqatgina barcha uzviy bog‘liq masalalarning kompleks tarzda hal qilinishi orqali erishish mumkin.
Birinchidan, davlatning jinoiy-huquqiy siyosatining qonuniy zaminini yaratish borasida amaldagi qonunlarga jinoyatchilikka qarshi kurash siyosatining huquqiy asoslarini belgilab beruvchi zaruriy o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi.
Ikkinchidan, jinoyat yustitsiyasining barcha tizimlarini qayta tashkil qilish va takomillashtirish, uning ochiqligi hamda oshkoraligini ta’minlash borasida faoliyat olib borilmoqda.
Uchinchidan, aholining, shu jumladan, huquqni muhofza qiluvchi organlar xodimlarining huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini oshirish, jamiyatning to‘g‘ri yo‘ldan adashgan a’zolariga nisbatan yuksak ma’rifiy, insonparvarlik munosabatini shakllantirish, jinoyatga oid ko‘rsatma bergan odamlarni ta’qib qilmay, aksincha, ularga yordam berish, ularning qonuniy muhofazasini ta’minlash, aybsizlik prezumpsiyasi prinsipini to‘la joriy etish choralarini ko‘rish va boshqalar.
Jinoiy-huquqiy siyosatni erkinlashtirish shaxs erki va huquqlarini ustuvor qadriyat sifatida baholashni belgilab berdi. Darhaqiqat, jinoyatchilikka qarshi kurash siyosatining har qanday yo‘nalishi maqsad-mazmunida inson va uning manfaatlariga e’tibor mavjud. Mazkur siyosatning asosiy maqsadi – butun jamiyatning, xususan, har bir insonning tinch va osoyishta hayotini ta’minlashdan iborat.
Liberallashtirish tendensiyasi huquqiy tizimning barcha elementlarini, shuningdek huquqning va qonunchilikning barcha sohalarini qamrab olayotganligi mantiqiy holdir. Fikrimizni dalillash uchun quyidagi misollar kifoya qiladi: 1995-yilda qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasining Mehnat kodeksi va 1995–1996-yillarda qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasining Fuqarolik kodeksi, 1998-yilda kuchga kiritilgan Oila kodeksi va boshqa salmoqli sohaviy qonunlar xalqaro huquqiy standartlarga mos holda, shuningdek inson huquqlarini to‘la – to‘kis ta’minlashga yo‘naltirilgan demokratiya, insonparvarlik hamda adolat prinsiplariga, tayanib ishlab chiqildi va qabul qilindi. Mehnat munosabatlari sohasida ish beruvchi bilan xodim o‘rtasidagi shartnoma munosabatlarining erkinlashuvi, fuqarolik qonunchiligida shartnomaga kirishuvchi subyektlarning mustaqilligi, xususiy mulk daxlsizligi; oila qonunchiligida nikoh tuzishning ixtiyoriy va erkinligi, nikoh shartnomasi asosida er va xotin munosabatlarining mo‘tadillashuvi ushbu sohalarning liberallashuviga oid ayrim yorqin misollardir, xolos. Liberallashtirish shabadasi ma’muriy, bojxona, soliq qonunchiligini ham qamrab oldi.
Do'stlaringiz bilan baham: |