falsafiy yoki mafkuraviy (huquqning talqini, huquqiy tushuncha va kategoriyalar, huquqiy ong, huquqiy mafkura, huquqiy madaniyat);
normativ (jamiyatda amal qilayotgan huquqiy normalar majmui);
institunional-tashkiliy (huquq ijodkorligi va huquqni qo‘llash jarayoni bilan bog‘liq yuridik muassasalar);
sotsiologik, ya’ni ijtimoiy (huquqiy munosabatlar, huquqni tatbiq etish, qonuniylik muhiti, yuridik amaliyot) elementlar kiradi.
Huquqiy tizim harakatdagi «jonli» hodisa sifatida talqin etilishi lozim. Zero, u ijtimoiy hayotning faol tarkibiy qismi sifatida kishilar o‘rtasidagi munosabatlarni uzluksiz tartibga solish vazifasini bajaradi. Amaliy jihatdan huquqiy tizim harakatlanishining dinamik talqini muhim ahamiyat kasb etsa, ilmiy nuqtayi nazardan uni statik (harakatsiz) tarzda ajratib olib ifodalash muayyan mazmunga ega. Shundan kelib chiqib, huquqiy tizim strukturasini statik va dinamik jihatdan tavsiflash mumkin.
Statik holatda uning tarkibiy qismlari quyidagilardir: 1) yuridik normalar; 2) huquqiy prinsiplar va institutlar; 3) huquqiy muassasalar yig‘indisi; 4) huquqiy g‘oyalar, qarashlar, tasavvurlar.
Dinamik holatda: 1) huquq ijodkorlik jarayoni; 2) huquqni amalga oshirish (qo‘llash) jarayoni; 3) huquqiy munosabatlar; 4) huquqiy tartibga solish mexanizmi; 5) huquqiy tafakkur (huquqiy ongning rivoji, ijtimoiy hayotga faol ta’siri). Huquqiy tizimning dinamik ko‘rinishi bu mazkur tizim elementlarining harakatlanish jarayoni, uning maqsadli yo‘nalishi va pirovardida ko‘rsatadigan samarasidir.
Shunday qilib, jamiyat huquqiy tizimi tarkibiga quyidagi asosiy elementlarni kiritish mumkin:
huquqiy normalar yig‘indisi (huquqiy tizimning o‘zagi);
huquqiy prinsiplar (rahbariy g‘oyalar);
huquq ijodkorlik jarayoni (vakolatli idoralarning faoliyati);
huquqni amalga oshirish, qo‘llash jarayoni;
huquqiy munosabatlar (huquqiy normaning amalga oshirilish shakli);
huquqiy tartibga solish mexanizmi;
yuridik muassasalar tizimi;
yuridik amaliyot (sud amaliyoti, tergov amaliyoti, adliya amaliyoti va hokazo);
huquqiy ong (huquqiy hodisalarning ijtimoiy ongdagi in’ikosi);
huquqiy siyosat (strategiya);
huquqiy mafkura (g‘oyaviy-ma’naviy jihat);
huquqiy madaniyat (huquqiy ma’naviyat va tarbiyaning ifodasi);
qonuniylik muhiti va huquqiy tartibot rejimi;
huquqning manbayi (qonunchilik va boshqa normativ-huquqiy hujjatlar majmui).
Yuqorida sanab ko‘rsatilgan huquqiy hodisalar yagona bir tizim hosil qilib, o‘zaro aloqadorliqda, munosabatda bo‘ladi. Har bir huquqiy institut (hodisa) qolganlarining mavjud bo‘lishini taqozo etadi. Bu tizimdagi bir elementning harakatlanishi qolgan elementlarning harakatga kelishiga sabab bo‘ladi. Demak, jamiyatning huquqiy tizimi – muayyan makon va zamonda amal qilayotgan huquqiy hodisalar, huquqiy prinsiplar, institutlar, normalar va huquqiy jarayonlarning mushtarak bir butunligi, o‘zaro uzviy bog‘liqligi hamda aloqadorligi bo‘lib, ularning maqsadli harakatlanishi natijasida ijtimoiy munosabatlarning yuksak saviyada huquqiy tartibga solinishiga erishiladi. Huquqiy tizim yaxlit hodisa bo‘lib, tarkibiy qismlarining o‘zaro ichki aloqadorligi, bog‘liqligi, mutanosibligi, izchilligi va barqarorligi bilan tavsiflanadi.
Bayon etilgan tarkibiy qismlar huquqiy tizimning murakkab ijtimoiy hodisa ekanligini ko‘rsatadi. Shunga o‘xshash fikrni davlat va huquq nazariyasiga oid darsliklarda ham ko‘rish mumkin. Unga ko‘ra, huquqiy tizimning asosiy qismlari sifatida quyidagilar alohida ajratib ko‘rsatiladi: 1) huquqiy tushunchalar; 2) huquqiy jarayonlar; 3) huquq prinsiplari; 4) huquqiy madaniyat; 5) huquqiy siyosat; 6) huquq va uni ifoda etuvchi qonunchilik; 7) huquqiy munosabatlar; 8) yuridik amaliyot; 9) yuridik texnika; 10) yuridik fan.
N.I. Matuzov esa, huquqiy tizimni murakkab, serqirra tushuncha ekanligini ta’kidlab, uni jamiyatda mavjud bo‘lgan barcha yuridik hodisalar, huquqiy vositalar yig‘indisi sifatida ta’riflaydi1. Bundan shunday xulosa qilish mumkinki, olim huquqiy tizim tarkibini barcha huquqiy hayot, huquqiy ustqurma elementlari bilan izohlaydi.
Yuqoridagi fikrlardan kelib chiqqan holda aytish mumkinki, huquqiy tizim – murakkab ijtimoiy hodisa sifatida o‘z tarkibida mamlakatdagi mavjud barcha huquqiy voqeliklarni, ya’ni, huquqiy vositalar, hodisalar, institutlar, muassasalar, binobarin huquqiy hayotni aks ettiruvchi butun bir reallikni ifodalaydi.
Huquqiy tizimning tarkibiy elementlarini quyidagi guruhlarga ajratish mumkin:
Do'stlaringiz bilan baham: |