Prolaktin gormoni ko'krak bezining sut chiqarishini kuchaytiradi va ayollar tuxumdonidagi sariq tanacha faoliyatiga ta’sir etadi. Adrenokortikotrop gormon buyrak usti bezining po'stloq qismi faoliyatiga ta’sir etib, undan jinsiy gormon chiqarilishini kuchaytiradi. Gonadotrop gormon jinsiy bezlar (tuxumdon, moyak) funksiyasini faollashtiradi. Aksincha, gormon kam ajralsa, odam semirib, jinsiy a’zolari faoliyati pasayadi. Bezning oldingi bo'lagi orqa tomonida joylashgan hujayralardan ajralgan gormon odam terisi rangiga ta’sir qiladi.
Bezning orqa bo'lagidan ajralgan gormonlar aslida ko'rish do'mbog'ining pastki qismidan ajralib, varonkasimon oyoqcha orqali pastga tushadi va bezda to'planadi. Oksitotsin gormon bachadon muskullarining qisqarishini, ko'krak bezida ko'proq sut ishlanishini ta’minlaydi. Vazopressin qon tomir silliq muskullarining qisqarishini kuchaytirib, qon bosimining ko'tarilishiga sabab bo'ladi, buyrakdan siydik ajralishini susaytiradi.
Ortiqsimon tana
Ortiqsimon tana yoki bosh miyadagi to'rt do'mboqning yuqorisidagi ikkita do'mboq o'rtasida joylashgan moshdek (og'irligi 0,2 g) dumaloq bez bo'lib, ko'rish do'mbog'iga yuganchalar yordamida tutashib turadi. Bez uni o'rab turgan parda o'siqlari (trabekulalar) bilan bo'lakchalarga ajralgan. Epifiz gormoni jinsiy bezlarning rivojlanishini me’yorida ushlab turadi. Bez faoliyati susaysa, jinsiy bezlar tezroq rivojlanib, qiz va o'g'il bolalar ertaroq balog'atga
yetadi.
Qalqonsimon bez
Qalqonsimon bez bo'yin sohasida hiqildoqning qalqonsimon tog'ayi bilan kekirdakning yuqorigi 3—4 tog'ay halqalari oldida joylashgan. Bez taqasimon shaklda bo'lib, katta odamlarda 30—50 g ga teng. Ammo bezning og'irligi va shakli buqoq kasalligiga uchragan odamlarda boshqacha bo'ladi, ya’ni kattalashib, og'irligi 1 — 1,5 kg ga yetadi. Qalqonsimon bezning o'ng va chap bo'lakchalari oraliq qismi bo'yin orqali o'zaro qo'shiladi. Bezni o'rab turgan pardadan o'sib kirgan o'simtalar bez ichkarisini bo'lakchalarga ajratadi. Bez bo'lakchalari pufakcha (follikula)lardan iborat bo'lib, uning tarkibida yodga boy oqsil moddasi bor. Bez yuzasini qon tomir va nerv chigallari (adashgan nerv tolalari) qoplab turadi. Funksiyasi. Bez gormoni — tiroksin qonga shimilib, organizmning o'sishiga ta’sir qiladi, moddalar almashinuvini tezlashtiradi. Agar organizmning o'sishi davrida bez gormoni yetishmay qolsa, uning o'sishi va ruhiy rivojlanishi susayadi (kretinizm kasalligi), aksincha, gormon ko'p ishlansa (giperfunksiya), organizm tiroksin bilan zaharlanadi (tireotoksikoz kasalligi).
Bunda odam ozg'in bo'lib, o'ta ta’sirchan, yuragi tez uruvchan bo'ladi. Ko'z soqqasi ko'z kosasidan chiqib joylashadi. Ba’zan ichiladigan suvda yod yetishmasa, qalqonsimon bez kattalashib, buqoq paydo bo'ladi. Bulardan tashqari, organizmga yetarli miqdorda yod kirmasa, tiroksin gormoni kam ishlanadi. Natijada miksedema (xom semiz) kasalligi kelib chiqadi. Kasallik bolalarda, keksalarda va ko'proq ayollarning klimaks davrida uchraydi.
Miksedema kasalligida ruhiy zaiflik, lanjlik, uyquchanlik kuzatiladi. Simpatik nerv sistemasining faoliyati pasayadi. Jinsiy a’zolar funksiyasi buziladi. Moddalar almashinuvi jarayoni susayadi. Bemoming yuzi shishganga o'xshab, gavda vazni sezilarli oshadi.
Qalqonsimon bez giperfunksiyasida Bazedov kasalligi rivojlanadi. Bunda markaziy nerv sistemasining qo'zg'aluvchanligi, moddalar almashinuvining zo'rayishi, yurak urishining tezlashuvi, ko'zlaming chaqchayib, gavda og'irligining kamayib ketishi kuzatiladi. Odamda ochlik hissi paydo bo'ladi, ko‘p ovqat iste’mol qilsa ham ozaveradi, chunki moddalar almashinuvi zo'raygan bo'ladi.
Qalqonsimon bezning orqa tanachalari
Qalqonsimon bezning orqa tanachalari to'rtta, ba’zan beshta bo'lib, ular qalqonsimon bez yon bo'laklarining orqa yuzasiga yopishib yotadi. Bezlar endokrin bezlar ichida eng kichkinasi bo'lib, uzunligi 6 mm, kengligi 4 mm, qalinligi 2 mm. Har bir bez qon tomirlarga boy parda bilan o'ralgan. Funksiyasi. Bu bezlar gormoni o rg an izm d a kalsiy va fosfor almashinuvini bajaradi. Nerv va muskullarning normal ishlashi uchun kerakli b o 'lg an kalsiy miqdorini qonda bir me’yorda saqlashni va ana shu moddaning suyaklarga so'rilishini ta’minlaydi. Qonda kalsiy miqdori kamaysa, suyaklar tarkibidagi kalsiy ajralib, suyaklar yumshab qoladi. Kalsiy miqdori oshganda esa arterial qon tomirlarda, buyraklarda to'planadi. Bez gormonni kam ishlasa, odam qaltiroq bo'ladi, hatto halok bo'lishi ham mumkin.
Do'stlaringiz bilan baham: |