172
Undan tashqari xonlikda kulolchilik, misgarlik,
degrezlik, temirchilik duradgorlik kabi
an’anaviy hunarmandchilik turlari ham rivojlangan. Manbalar shahar va qishloqlarda yer
haydaydigan moslama tayyorlovchilar (pazachi), ot abzali tayyorlovchilar (kuchanchi),
misgarlar, zargarlar, pichoqchilar, qinchilar, bo‘yoqchilar, telpakdo‘zlar, qulfgarlar,
juvozchilar, shamchilar, sovunchilar, novvoylar, oshpazlar
kabilar maxsus kasb-hunarga
ixtisoslashganliklari haqida ma’lumotlar beradi.
Xivada gilam to‘qish o‘zining qadimiy ahamiyatini xonlik davrida ham saqlab qoldi.
Ilgarigidek, gilam to‘qish bilan turkmanlar ham shug‘ullanganlar. Xiva gilamlari ichki va
tashqi bozorda mashhur bo‘lgan. Umuman olganda, mahalliy hunarmandlarning mahsulotlari
ichki va tashqi bozor uchun ishlab chiqarilgan.
XVI asrning oxiriga kelib Amudaryo asosiy o‘zaning o‘zgarishi Xorazmning tashqi
savdo aloqalariga ham ta’sir etdi. Xorazmning ilgarigi savdo markazlari o‘z ahamiyatini
yo‘qota borib, Rossiya bilan savdo aloqalarida Volganing qo‘yi oqimlari orqali yo‘llar katta
ahamiyat kasb eta boshladi. Astraxanda xivalik savdogarlarga imtiyozlar berilgan bo‘lib, ular
rus sado yarmarkalarida ishtirok etib turganlar. XVIII asrning o‘rtalaridan boshlab, Orenburg
shahriga asos solingach Xiva savdogarlari Uralbo‘yi orqali savdo-sotiqni yanada
jonlantirdilar. Xivadan Rossiyaga paxta matolar, mevalar,
qimmatbaho toshlar, qog‘oz
mahsulotlari, parcha va buyum shaklidagi ipak va yarim ipak matolar, gilamlar, tuya junidan
matolar, qisman qorako‘l, guruch, sayg‘oq (kiyik) shohi, kashmir matosi kabi mahsulotlar
olib borilgan. Rossiyadan esa Xivaga oltin va kumush tangalar, mis, cho‘yan, temir va boshqa
metallar, paxta, ipak va yung matolar, bo‘yoqlar, shakar, choy, billur idishlar, oshlangan teri
kabi mahsulotlar keltirilgan.
Xiva xonligi savdogarlari qo‘shni Buxoro va Qo‘qon xonliklari bilan, shuningdek,
Xitoy, Eron, Afg‘oniston, Hindiston bilan ham savdo aloqalari olib borganlar. Bu davlatlarga
Rossiyadan keltirilgan mahsulotlar bilan birga mahalliy mahsulotlar (zargarlik buyumlari,
gilamlar, otlar) ham olib borilgan. Chet davlatlardan asosan turli matolar, metall,
ziravorlar,
bo‘yoqlar, fil suyagi, shakar (qand) kabi mahsulotlar keltirilgan.
Xiva xonligining Yangi Urganch, Kichik Vazir, Qiyot, Xonqa, Tirsak, Gurlan,
Xazorasp, Qo‘ng‘irot, Shohabboz kabi shaharlari hunarmandchilik va savdo-sotiq markazlari
edi. Manbalarning ma’lumotlariga ko‘ra, XIX asrning birinchi yarmida Yangi Urganch
himoya devorlari bilan o‘rab olingan savdo markazi bo‘lib, unda bir yarim mingta xonadon
bo‘lgan. Urganchilik
savdogarlarni nafaqat Buxoro, Qo‘qon va Turkiston bozorlarida, balki
Astraxan, Orenburg, Nijniy Novgorod, Moskva, Qashg‘ar, Mashhad, Qobul bozorlarida ham
ko‘plab uchratish mumkin bo‘lgan. Urganch bozorlari asosan ichki savdo mahsulotlariga
mo‘ljallangan bo‘lsa-da, tashqi savdo uchun mahsulotlar yirik savdogarlarning uylaridagi
ustaxonalarda tayyorlangan. Shaharda 300 ga yaqin savdo do‘konlari bo‘lgan.
XVII- XVIII asrlarda Qiyot shahri saroylari, machit va
madrasalari bilan shuhrat
qozongan bo‘lib, XIX asrning birinchi yarmidan o‘z ahamiyatini yo‘qota boshlaydi va 50-60
xonadondan iborat qal’aga aylanadi. Bu yerda 30 ga yaqin do‘konlar bo‘lib, seshanba va
shanba kunlari bozor bo‘lgan.
Juvarxas kanalining Amudaryodan suv oladigan joyida joylashgan Xazorasp shahri
barcha qo‘layliklarga ega edi. Shaharda sakkizta machit va shuncha madrasa bo‘lib, 450-500
ta xonadon istiqomat qilgan hamda 400 ga yaqin savdo do‘konlari mavjud bo‘lgan.
Hunarmandchilik mahsulotlari asosan do‘konlarda va qisman uylarda tayyorlangan.
Hazoraspda katta bozor dushanba va juma kunlari bo‘lgan.
173
Xonlikdagi yirik savdo-hunarmandchilik markazlaridan biri Gurlan edi. Manbalarga
ko‘ra, XIX asrning o‘rtalarida shaharda, atrof hududlar bilan qo‘shib hisoblaganda uch
mingtagacha xonadon istiqomat qilgan. Shaharda ko‘plab
machit va madrasalar, bog‘lar
tutzorlar bo‘lib, dalalardagi sholi, paxta va bug‘doydan yaxshi hosil olingan.
Ma’lmuki, XVII asrning boshlariga kelib Xiva butun xonlikning poytaxtiga aylangan
edi. Arabmuhammadxon davrida Xivada yirik madrasa bunyod etilgan bo‘lsa, Abulg‘ozixon
davridan boshlab shaharning siyosiy – ma’muriy va iqtisodiy mavqyei yanada ko‘tarildi.
Poytaxt shahar sifatida shaharning mavqyeini mustahkamlash maqsadida XIX asrning
oxirlariga qadar Xivada ko‘plab machit va madrasalar, bozorlar va karvonsaroylar, saroy va
minoralar, hammomlar bunyod etildi. Manbalarga ko‘ra, Xiva bozorlari haftaning deyarli
barcha kunlari ishlab, raislar tomonidan boshqarilgan. Rus
sayyohlari Xiva bozorlarini
gavjumligi va mahsulotlarga boyligi, ajnabiy savdogarlarning ko‘pligi bilan Buxoro va
Qo‘qon bozorlaridan qolishmasligi haqida ma’lumotlar qoldirganlar.
Do'stlaringiz bilan baham: