Serpentin – Mg6[Si4O10](OH)8. Tarkibida: MgO – 43 %, SiO2 – 44,1 %, H2O – 12,9 %. Monoklin singoniyali, yaxshi kristallari uchramaydi. Uning yaxshi kristallari antigoritda mavjud. Uning rangi yashil, shishadek yaltiroq, yog‘langandek. Qattiqligi – 2–3, antigoritda – 3,5 atrofida. Serpentinlar o‘ta asos jinslarning (dunit, peridotit va olivinga boy asosli) gidrotermal o‘zgarishidan yuzaga keladi. Serpentinning xrizotil-asbest turi mavjud (37-rasm). U ingichka tolali.
37-rasm. Tolali xrizotil-asbest.
Kaolinit – Al4[Si4O10](OH)8. Tarkibida: Al2O3 – 39,5 %, SiO2 – 46,5 %, H2O – 14 %. Monoklin singoniyali, agregatlari sochiluvchan, tangachasimon zich mayda. U rangsiz, oq sarg‘ish, ba’zan ko‘kimtir tovlanadi; sadafdek yaltiraydi. Uning qattiqligi – 1 ga yaqin. Tabiatda alyumosilikatlarga boy (dala shpatlari va slyudalarga) intruziv va kristallik slanetslarning nurash zonalarida paydo bo‘ladi. Kaolinit sanoatning ko‘p tarmoqlarida ishlatiladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |