Nodavlat notijorat tashkilotining mol-mulkini shakllantirish manbalari quyidagilardan iborat:
kirish va a'zolik badallari, agar ular ustavda nazarda tutilgan bo`lsa;
muassislardan, qatnashchilardan (a'zolardan) bir marotaba va muntazam ravishda keladigan tushumlar;
ixtiyoriy mulkiy badallar va ehsonlar;
tadbirkorlik faoliyatidan olingan, faqat ustav maqsadlari uchun ishlatiladigan daromadlar (foyda);
qonunlarda taqiqlanmagan boshqa tushumlar.
Nodavlat notijorat tashkiloti qonun bilan taqiqlanmagan hamda o`zining ta'sis hujjatlarida nazarda tutilgan maqsadlarga muvofiq bo`lgan faoliyatning har qanday turini amalga oshirishi mumkin.
Xalqaro hamda chet el nodavlat notijorat tashkilotlarining vakolatxonalari va filiallari hamda bunday vakolatxonalarning (filiallarning) xodimlari O`zbekiston Respublikasi hududida biron bir siyosiy faoliyatda va vakolatxona yoki filialning ustavda belgilangan maqsadlariga to`g`ri kelmaydigan boshqa faoliyatda ishtirok etishga haqli emas. Ularning siyosiy partiyalar hamda ommaviy harakatlar tomonidan o`tkaziladigan amaliy harakatlar va tadbirlarni moliyalashtirishiga, shuningdek, bunday tashkilotlarni tuzish tashabbusi bilan chiqishiga hamda shunday tashkilotlar tuzishni qo`llab-quvvatlashiga yo`l qo`yilmaydi.
Nodavlat notijorat tashkiloti tomonidan ayrim faoliyat turlari faqat litsenziyalar asosidagina amalga oshirilishi mumkin. Bunday faoliyat turlarining ro`yxati qonun hujjatlari bilan belgilanadi.
Nodavlat notijorat tashkiloti qonun hujjatlariga muvofiq o`z ustav maqsadlariga mos keladigan doiralarda tadbirkorlik faoliyati bilan shug`ullanishi mumkin.
Nodavlat notijorat tashkiloti qonun hujjatlarida belgilangan tartibda soliqlar, yig`imlar hamda budjetga va budjetdan tashqari fondlarga boshqa to`lovlar to`laydi, shuningdek, imtiyozlardan foydalanadi.
Nodavlat notijorat tashkiloti o`z faoliyatining natijalari hisobini yuritadi hamda ro`yxatdan o`tkazuvchi, soliq va statistika organlariga belgilangan tartibda hisobotlar taqdim etadi.
Nodavlat notijorat tashkilotining faoliyati u O`zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va qonun hujjatlarini buzgan taqdirda sud tomonidan to`xtatib qo`yilishi mumkin.
Nodavlat notijorat tashkiloti tomonidan nodavlat notijorat tashkilotlari to`g`risidagi qonun hujjatlari buzilgan, shuningdek, ustav maqsadlariga zid harakatlar sodir etilgan taqdirda prokuratura organlari yoki adliya organlari ko`rsatilgan qoidabuzarliklar to`g`risida mazkur nodavlat notijorat tashkilotining rahbar organlariga taqdimnoma kiritadi hamda bu qoidabuzarliklarni bartaraf etish muddatini belgilaydi. Agar bu qoidabuzarliklar belgilangan muddatda bartaraf etilmasa, nodavlat notijorat tashkilotining faoliyati prokuratura va adliya organlarining taqdimnomasi asosida sudning qarori bilan olti oygacha bo`lgan muddatga to`xtatib qo`yiladi.
Nodavlat notijorat tashkilotini tugatish uning yuqori organi qaroriga binoan yoki sud tartibida amalga oshiriladi.
Nodavlat notijorat tashkilotining muassislari, qatnashchilari (a'zolari) yoki nodavlat notijorat tashkilotini tugatish to`g`risida qaror qabul qilgan organ davlat ro`yxatidan o`tkazuvchi adliya organi bilan kelishgan holda tugatish komissiyasini tayinlaydi.
Nodavlat notijorat tashkilotini tugatish O`zbekiston Respublikasining Fuqarolik kodeksida nazarda tutilgan tartibda amalga oshiriladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |