Jamoat birlashmalari faoliyat hududiga ko`ra quyidagilarga bo`linadi:
1) respublika jamoat birlashmalari - Ustavda belgilangan vazifalarga muvofiq faoliyati butun respublika hududida amalga oshiriladigan jamoat birlashmalaridir. Bunda siyosiy partiyaning kamida sakkizta hududiy subyektda (viloyatda), shu jumladan Qoraqalpog`iston Respublikasi va Toshkent shahrida yashayotgan kamida yigirma ming, kasaba uyushmasining esa, kamida uch ming a'zosi bo`lishi kerak;
2) mahalliy jamoat birlashmalari (viloyat, tuman, shahar, poselka va qishloq jamoat birlashmalari).
Ustavda belgilangan vazifalarga muvofiq faoliyati butun viloyat hududida, Toshkent shahrida esa, butun shahar hududida amalga oshiriladigan jamoat birlashmalari - viloyat, Toshkent shahar jamoat birlashmalariga kiradi.
Ustavda belgilangan vazifalarga muvofiq faoliyati butun tuman (shahar) hududida amalga oshiriladigan jamoat birlashmalari – tuman (shahar) jamoat birlashmalariga kiradi.
Ustavda belgilangan vazifalarga muvofiq faoliyati poselka, qishloq hududida amalga oshiriladigan jamoat birlashmalari - poselka, qishloq jamoat birlashmalariga kiradi.
Zarurat paydo bo`lgan hollarda viloyatlararo va tumanlararo jamoat tashkilotlari tuzilishi mumkin.
Jamoat birlashmalari ixtiyoriylik asosida jamoat birlashmalarining ittifoqlariga uyushishga haqlidirlar.
Jamoat birlashmasi kamida o`n nafar fuqaroning tashabbusi bilan tuziladi. Jamoat birlashmasini tuzish tashabbuskorlari ta'sis syezdini (konferensiyasini) yoki umumiy yig`ilishini chaqiradilar, unda ustav (nizom, o`zga asosiy hujjat) qabul qilinadi va rahbar idoralar tuziladi.
O`zbekiston Respubliksi fuqarolari jamoat birlashmasi a'zolari (qatnashchilari) bo`ladilar. Siyosiy partiyalardan tashqari jamoat birlashmalarining ustavida chet el fuqarolari va fuqaroligi bo`lmagan shaxslarning birlashmaga a'zo bo`lishlari ko`zda tutilishi mumkin.
Siyosiy partiyalar va kasaba uyushmalaridan tashqari jamoat birlashmalarining faoliyatida ularning ustavlarida ko`zda tutilgan hollarda jamoa a'zolari: korxonalar, muassasalar va tashkilotlarning mehnat jamoalari, fuqarolarning birlashmalari ishtirok etishlari mumkin.
Jamoat birlashmasi faoliyatini tartibga soluvchi asosiy hujjatlardan biri – bu ularning Ustavidir.
Jamoat birlashmalari ramz sifatida o`z timsoliga, bayrog`iga va vimpeliga ega bo`lishi mumkin. Jamoat birlashmalarining timsollari ustavga muvofiq, ularning rahbar idoralari tomonidan tasdiqlanadi. Bayroqlar va vimpellar belgilangan tartibda davlat ro`yxatidan o`tkazilishi lozim.
Jamoat birlashmalarining faoliyati ularni qayta tashkil etish (qo`shilish, birlashish, ajralish) yoki tugatish yo`li bilan to`xtatilishi mumkin.
Jamoat birlashmalari ularning syezdlari (konferensiyalari) yoki umumiy yig`ilishlari qarori bilan qaytadan tashkil etiladi. Jamoat birlashmalarini qayta tashkil etgandan so`ng yangidan tuzilgan jamoat birlashmasining ustavi qonunda ko`zda tutilgan tartibda ro`yxatga olinadi.
Jamoat birlashmasi syezd (konferensiya) yoki umumiy yig`ilish qaroriga muvofiq, yoxud qonun hujjatlarida ko`zda tutilgan asoslarda va tartibda tugatiladi.
Syezd (konferensiya) yoki umumiy yig`ilish qaroriga muvofiq tugatilgan jamoat birlashmasining mol-mulki uning ustavida ko`zda tutilgan maksad yo`lida sarflanadi.
Jamoat birlashmalari qonun oldida tengdirlar.
Jamoat birlashmalarining huquqlari quyidagilardan iboratdir:
1) jamoat birlashmalari ustavlarda, dasturiy, boshqa hujjatlarda belgilangan maqsadlar va vazifalarni amalga oshirish uchun o`z maqsadlari va faoliyati to`g`risidagi axborotni erkin tarqatadi;
2) qonunda ko`zda tutilgan hollarda va tartibda esa:
a) davlat hokimiyati va boshqaruv idoralarini tuzishda qatnashadi;
b) davlat hokimiyati va boshqaruv idoralarining qarorlarini tayyorlashda ishtirok etadi;
c) davlat va jamoat idoralarida o`z a'zolari (qatnashchilari) nomidan ish yuritadi va ularning qonuniy manfaatlarini himoya qiladi;
d) O`zbekiston Respublikasi qonun hujjatlarida ko`zda tutilgan vakolatlarni amalga oshiradi.
Jamoat birlashmalari qonunlarda belgilab qo`yiladigan tartibda ishlab chiqarish va boshqa tadbirkorlik faoliyati bilan shug`ullanadilar hamda faqat ustavdagi vazifalarni bajarish maqsadida yuridik shaxs maqomiga ega bo`lgan korxonalar va xo`jalik hisobidagi tashkilotlarni tashkil etadilar.
Jamoat birlashmalarining ishlab chiqarish va boshqa tadbirkorlik faoliyatidan olingan daromadlari ana shu birlashmalar a'zolari (qatnashchilari) o`rtasida qayta taqsimlanmaydi va undan faqat ustav vazifalarini bajarish uchun foydalaniladi; jamoat birlashmalari o`z mablag`laridan hatto o`z ustavida ko`rsatilmagan bo`lsa ham, xayriya maqsadlari yo`lida foydalanishlariga yo`l qo`yiladi.
Jamoat birlashmalari, ularning tashkilotlari binolar, inshootlar, uy-joy fondi, uskunalar, asboblar, madaniy-ma'rifiy va sog`lomlashtirish maqsadlari uchun mo`ljallangan mulklarga, pul mablag`iga, aksiyalarga, boshqa qimmatbaho qog`ozlarga hamda ularning ustavlarida ko`zda tutilgan faoliyatni moddiy ta'minlash uchun zarur bo`lgan o`zga mol-mulkka, shuningdek, intellektual mulk obyektlariga egalik qilishlari mumkin. Birlashmalarning ustavlarida ko`rsatilgan maqsadlarga muvofiq ularning mablag`i hisobidan barpo etilgan nashriyotlar, boshqa korxonalar, xayriya, muassasalari jamoat birlashmalarining mulki bo`lishi mumkin.
Jamoat birlashmalarining pul mablag`lari:
agar ustavda ko`zda tutilgan bo`lsa, birlashmaga kirish va a'zolik badallarini to`lashdan;
ixtiyoriy ravishda o`tkazilgan pul va xayriyalardan;
ustavga muvofiq o`tkazilgan leksiyalar, ko`rgazmalar, sport tadbirlari hamda boshqa tadbirlar, lotereyalar tushumlaridan, ishlab chiqarish, xo`jalik va noshirlik faoliyatidan olinadigan daromadlardan;
qonun bilan taqiqlanmagan boshqa tushumlardan tashkil topadi.
Jamoat birlashmalarining mulki qonun bilan muhofaza qilinadi.
Ittifoqlarning va ularga kiruvchi birlashmalarning ana shu ittifoq va unga qo`shilgan birlashmalarga qarashli mol-mulkka egalik qilish, undan foydalanish, tasarruf etishga doir vakolatlari jamoat birlashmalari ittifoqlarining ustavlarida belgilab qo`yiladi.
Jamoat birlashmalari ommaviy axborot vositalarini ta'sis etishga hamda amaldagi matbuot va boshqa ommaviy axborot vositalari to`g`risidagi qonunlarga muvofiq noshirlik faoliyati bilan shug`ullanishga xaklidirlar.
Amaldagi qonun hujjatlariga binoan jamoat birlashmalarining faoliyati ustidan quyidagi davlat organlarining nazorati o`rnatildi:
1) soliq idoralari - jamoat birlashmalarini mablag` bilan ta'minlash va ular daromadlarining manbalarini, ular olgan mablag` miqdorini va soliqlar to`g`risidagi qonunlarga muvofiq soliq to`lanishini nazorat qiladi;
2) prokuratura idoralari - jamoat birlashmalarining qonunlarni bajarishini nazorat qiladi;
3) adliya organlari - jamoat birlashmasi faoliyatining maqsadlariga taalluqli ustav qoidalariga rioya etilishini nazorat qiladi. Ro`yxatga oluvchi idora jamoat birlashmasining rahbar organidan qabul qilingan qarorlarni taqdim etishni talab qilishga, jamoat birlashmalari o`tkazadigan tadbirlarda qatnashish uchun o`z vakillarini yuborishga, jamoat birlashmasi ustaviga rioya qilish bilan bog`lik masalalar yuzasidan jamoat birlashmasi a'zolaridan va boshqa fuqarolardan tushuntirish olishga haqlidir.
Jamoat birlashmalari to`g`risidagi Qonunni buzish amaldagi qonunlarga muvofiq jinoiy, ma'muriy, moddiy yoki o`zga javobgarlikka sabab bo`ladi.
Jamoat bilashmalari to`g`risidagi Qonunni buzganlik uchun bu ishda aybdor bo`lgan davlat va jamoat idoralarining mansabdor shaxslari, shuningdek, fuqarolar javobgar bo`ladilar.
Jamoat birlashmasi, shu jumladan o`z ustavini ro`yxatdan o`tkazmagan jamoat birlashmasi jamoat birlashmalari to`g`risidagi qonunni buzgan taqdirda qonunga muvofiq javobgar bo`ladi.
Jamoat birlashmasi uning ustavida belgilab qo`yilgan maqsadlar va vazifalar doirasidan chetga chiqadigan yoki qonunni buzadigan xatti-harakatlari sodir etgan taqdirda ana shu jamoat birlashmasining rahbar idorasi jamoat birlashmasi ustavini ro`yxatga olgan idora yoki prokuror tomonidan yozma ravishda ogoxlantirilishi mumkin.
Jamoat birlashmalari O`zbekiston Respublikasi qonunlariga va o`z ustavlariga muvofiq xalqaro jamoat (nohukumat) birlashmalariga qo`shilishi, bevosita xalqaro aloqalar o`rnatishlari, tegishli bitimlar tuzishlari mumkin.
Agar O`zbekiston Respublikasida tuzilgan jamoat birlashmasining faoliyati ustavga muvofiq O`zbekiston Respublikasi hududida va bitta yoki undan ko`proq xorijiy davlat hududida amal qilsa, u xalqaro jamoat birlashmasi deb e'tirof etiladi.
Basharti, chet elda tuzilgan xalqaro jamoat birlashmasi tarkibiga respublika jamoat birlashmasi kollektiv a'zo sifatida kirsa, respublika jamoat birlashmasining ustavi ham qonunga muvofiq ro`yxatga olinishi kerak.
O`z faoliyatini xorijiy davlat hududida ham amalga oshiradigan jamoat birlashmasi zarur o`zgartishlar va qo`shimchalar qiritilgan ustavini qayta ro`yxatdan o`tkazish uchun O`zbekiston Respublikasi Adliya vazirigiga taqdim etadi.
Tinchlikni mustahkamlashni, xalqaro hamkorlikni rivojlantirishni, insonparvarlik faoliyatining o`zga turlarini maqsad qilib ko`ygan jamoat birlashmalari qonunda belgilangan imtiyozlardan foydalanishlari mumkin.
Do'stlaringiz bilan baham: |