Yusinsimonlar ancha sodda tuzilgan. Oddiylari tallomli bo‘lib tanasi yer bag‘irlab yotadi, murakkab tuzilgan moxsimonlarda poya va barglar, rizoidlar rivojlangan
Poyasida po‘st, asosiy to‘qima, sodda tuzilgan o‘tkazuvchi naylar bor. Poyasini sirtida 2-3 qavat tipik o‘lik po‘stloq hujayralar joylashgan. Bu hujayralarning qobiqlarida teshikchalar bo‘lib, hujayra shu teshikchalar orqali suv shimadi. Yo‘sinlarda jinsiy organlar – anteridiy va arxegoniy ko‘rinishida. Jinssiz va jinsiy ko‘payishning gallanishi kuzatiladi. Jinssiz nasl – sporafit reduksiyalangan. Bu bilan moxsimonlar yuksak o‘simliklardan farqlanadi. Ularning hayot siklida gametofit ustunlik qiladi.
Filogenetik rivojlanish nuqtai nazardan qaraganda, yo‘sinlar gametofit nasli ustun bo‘lgan suvo‘tlardan iborat ajdodlardan kelib chiqqan alohida guruhga kiradi.
Yusinsimonlarning qazilma holdagi qadimgi vakillari 400 mln yil muqaddam silur davrida paydo bo‘lganlar. Yusinlar va boshqa sporali yuksak o‘simliklar uzoq o‘tmishda bir ajdoddan tarqalgan va unga xos xossalar nasllarning gallanishi, ko‘p hujayrali arxegoniy, anteridiy, sporangiy, murtakni zigotadan hosil bo‘lishi, tanani organ va to‘qimalarga ajralishini saqlab qolganlar.
Plaunsimonlar qadimgi o‘simliklarning yana bir guruhi bo‘lib, ularni qazilma holdagi namunalari bilan bir qatorda, hozirgi zamongacha yetib kelgan vakillari bor. Plaunsimonlar silur davrida paydo bo‘lib, toshko‘mir davrida avj olib rivojlangan. Ularning o‘sha davrdagi formalari yirik, balandligi 40 metrga, poyasining diametri 2 metrga yetadigan lepidodenronlar, sigillyarilar daraxtsimon bo‘lgan. Ustunsimon poyali bo‘lsalarda ildizi kam taraqqiy etgan. Poyalari dixotomik shoxlangan. Ular toshko‘mir davrining oxirida yoppasiga qirilib ketgan. Plaunsimonlarning barglari mayda bir tomirli bo‘lgan. Bunday barglar poyaning yuzaki yon o‘sig‘i sifatida propteridofitlarda paydo bo‘lgan. Oldin ular o‘tkazuvchi to‘qimaga ega bo‘lmagan, lekin keyinchalik barg izlari o‘siq ichkarisi tomon kirgan va nihoyatda oddiy mikrofillarni hosil etgan. Bunday kichik bargcha – mikrofillarning uzunligi 1 metrga yetgan. Hozirgi vaqtda o‘sayotgan plaunlarning ko‘pchiligi doimiy yashil o‘tlar o‘simliklardir. Ularning poyalari yotib o‘suvchi bo‘lib, mayda barglar bilan qoplangan.
Poyaning markazida o‘tkazuvchi bog‘lam joylashgan. U ksilema, floemadan tuzilgan. Po‘stloq qismida mexanik to‘qima mavjud, uning usti epidermadan iborat. Plaunsimonlar propteridofitlardan kelib chiqqan.
Bo‘g‘imlilar ham plaunlar singari devon davrida paydo bo‘lib, toshko‘mir davrida gurkirab rivojlangan. O‘sha davrda yashagan qazilma holdagi bo‘g‘imlilardan kalamitlarning poyasini uzunligi 20 metrga yetgan. Bo‘g‘imlilarning hozirgi davrdagi vakili dala qirqbo‘g‘imi ko‘p yillik o‘t o‘simlik, hamma joylarda ayniqsa ariq bo‘ylarida ko‘p uchraydi. Uning tuproq ustidagi qismi bir yillik. Ildizpoyasidan ildiz va tuproq ustidagi poya qismi rivojlanadi. Fotosintez funksiyasini qirrali poya bajaradi. Poyasi bo‘g‘imlarga bo‘lingan. Po‘stlog‘ida xloroplastli hujayralar joylashgan. Epiderma krasnezemga boy. Epiderma ostida mexanik to‘qima o‘rin olgan. Ksilema har xil traxeid hujayralardan tashkil topgan. Floema esa elaksimon naylardan tuzilgan. Barglari mayda tangachalarga o‘xshash. Sporalar assimilyatsion yoki maxsus xlorofillsiz spora hosil qiluvchi navdalardan chiqqan boshoqchilarda yetiladi. Sporalar tashqi ko‘rinishi bo‘yicha bir xil bo‘lsalarda rivojlanayotganda tashqi muhitga bog‘liq holda erkak yoki ikki jinsli o‘simtani hosil qiladi. Gametofit 3-5 haftadan so‘ng yetiladi.(13-rasm) Ikki jinsli o‘simtalarda arxegoniy anteridiydan oldin yetiladi. Bu esa arxegoniyga boshqa spermatozoidlar bilan urug‘lanish imkonini beradi.Urug‘langan zigota tinim holatda bo‘lmay murtakni, murtak esa sporafitni rivojlanishiga olib keladi. Binobarin qirqbo‘g‘imlarda ham xuddi plaunlar kabi jinssiz va jinsiy nasl gallanib turadi. Bo‘g‘imlilar ham propteri-dofitlardan kelib chiqqan.
Do'stlaringiz bilan baham: |