7-Mavzu:Urug’li o‘simliklar. Ularning filogeniyasi va kelib chiqishi.
Tayanch tushunchalar va bilimlar: Urug‘li o‘simliklarning progressiv tomonlari. Ochiq urug‘lilarning o‘ziga xos xossalari. Qadimgi ochiq urug‘lilar. Ochiq urug‘lilarning filogeniyasi. Yopiq urug‘li o‘simliklarning tana va gul tuzilishini progressiv tomonlari. Ochiq urug‘lilardan farqi. Yopiq urug‘lilarning hayotiy shakllari. Yashash uchun kurashda yopiq urug‘lilarning g‘olib bo‘lishiga sababchi omillar. Gul tuzilishi va kelib chiqishi haqidagi nazariyalar.
Yuqorida aytib o‘tilganidek, sporali yuksak o‘simliklar hayot siklida sporafit bilan gametofitning o‘zaro aloqasi har xil. Yusinsimonlarda sporafit gametofitda parazit holda bo‘ladi. Qolgan sporali yuksak o‘simliklarda esa aksincha gametofit va sporafit ayrim-ayrim holda bo‘lsada, gametofit reduksiyalashgan. Urug‘li o‘siliklarda gametofit yanada reduksiyalanib sporafitda parazit holatda bo‘lishini qayd etish joiz. Odatda sporali yuksak o‘simliklarning makrosporangiyasi yetilgandan so‘ng ona o‘simlik bilan aloqani uzib tashqarida rivojlanadi. Bu esa o‘simtalarning talay qismini nobud bo‘lishiga olib keladi. Urug‘li o‘simliklarda esa murtak to‘liq yetilmaguncha makrosporangiyalar ona o‘simlikdan ajralmaydi. Murtak faqat urug‘ bo‘lib yetilgandan keyingina ona o‘simlikni tark etadi.
Sporali o‘simliklar sporalar yordamida ko‘payadilar. Sporalarda ozuqa zahirasi juda kam. Shu tufayli ular noqulay sharoitga deyalri moslashmagan. Urug‘li o‘simliklarda urug‘ sporafitida rivojlanadi va undan ko‘p ozuq moddalarni oladi. Urug‘ ko‘p hujayrali murakkab tuzilgan bo‘lib, boshlang‘ich ildiz, poya, bargga ega. Murtak qobiq bilan qoplangan va tarqalishga moslashgan. Ko‘pchilik urug‘lar tinim davrini o‘taydilar. Bu esa maysalarni yashab qolishida muhim ahamiyat kasb etadi.
Tarixiy jarayonda urug‘ni paydo bo‘lishi o‘simliklarning quruqlikda yashashga moslanishida nihoyatda katta ahamiyatga ega bo‘lgan. Urug‘li o‘simliklarda gametofitni rivojlanishi to‘liq sporafitga bog‘liq. Urug‘ sporafitda hosil bo‘ladi, o‘sadi va rivojlanishini tugatadi. Urug‘li o‘simliklarning yana bir o‘ziga xos xossasi chang naychasini bo‘lishidir. Evolyusion jarayonda urug‘li o‘simliklar chang naychasini rivojlanishi quruqlikda yashashga bo‘lgan moslanishlardan muhimi bo‘lib, u chang hujayrasi ya’ni otalikni arxegoniyga, undan onalik hujayraga yetkazib berish va urug‘lanishni ta’minlashga yo‘naltirilgan.
Urug‘li o‘simliklarning yana bir ustunlik tomoni shundaki, changlanish va urug‘lanish jarayonlari urug‘chili o‘simliklarning o‘zida ro‘y berib, urug‘ murtagida boshlang‘ich ildizcha, poyacha va barglar bo‘ladi. Shu sababdan urug‘lar qulay sharoitga tushishi bilan rivojlanib, haqiqiy o‘simlikka aylanadi. Vaholanki yuksak sporali o‘simliklarda esa spora alohida o‘sib o‘simta yoki maysachani hosil qiladi, keyinchalik o‘simtada onalik va otalik jinsiy organlar, hujayralar yetilib, suv tomchilari yordamida urug‘lanish sodir bo‘ladi.
Urug‘lanish davrida suvga qaram bo‘lmaslik, ko‘payish mobaynida urug‘ga ega bo‘lish urug‘li o‘simliklarning evolyusion jarayonda erishgan nihoyatda muhim aromorfoz yo‘nalishdagi o‘zgarish bo‘lib, u o‘simliklar dunyosida urug‘li o‘simliklarning hukmron bo‘lishiga imkon bergan.
Qiyosiy tadqiqot natijalari urug‘li o‘simliklarning ko‘payish organi sporali yuksak o‘simliklarning ko‘payish organiga gomolog ekanligini ko‘rsatdi.
Do'stlaringiz bilan baham: |