Uzundara qal’asi – Surxondaryo viloyati Boysun tumanining shimoli–g‘arbida, Boysun tog‘i Suzistog‘ qoyasining kuestida (tog‘ tepasidagi tekis, keng unumdor hudud) 1650 m balandlikda qurilgan yodgorlik. Darband devoridan 7 km shimolda joylashgan. Qal’a Darband devorini aylanib o‘tib, Baqtriyaga kirish mumkin bo‘lgan joyda qurilgan. Uzundara qal’asi mil. avv. III asrning birinchi yarmiga oid bo‘lib, Salavkiylar davlatining muhim chegara shahri hisoblangan. 2018-yilda olib borilgan tadqiqotlar natijasida uning uchta qurilish bosqichi aniqlangan. Birinchi davrda Antiox I (mil. avv. 281-261); ikkinchi davrda Yevtidema I (mil. avv. 235-200); uchinchi davrda Yevkratid davrida (mil. avv. 171-166) bo‘lib, shu davrda vayron etilgan. Uzundara 150 yil davomida faoliyat yuritgan. Mudofaa devori ikki qator bo‘lib, o‘rtasidan yo‘lak o‘tgan. 13ta minorasi bo‘lgan. Qal’a romb shaklida qurilgan bo‘lib, devor qalinligi 3,5 metr bo‘lgan. Devor toshdan tiklangan bo‘lib, loy bilan jipslashtirilgan.
Uzunqir qal’asi – Qashqadaryo vilotidagi Sho‘robsoy sohilida joylashgan. Uzunqir Janubiy Sug‘dning ilk shaharlaridan biri bo‘lib, Nautaka viloyatining yirik harbiy istehkomi bo‘lgan. Uzunqirda uchta qurilish bosqichi aniqlangan. Uzunqir I davri mil. avv. IX asrning oxiri VIII asrlarni o‘z ichiga oladi. Bu davr sopol idishlarning faqat qo‘lda yasalganligi bilan ajraladi.
Uzunqir II mil. avv. VII-VI asrlarga to‘g‘ri keladi. Bu davrda charxda ishlangan sopol idishlar paydo bo‘lgan. Silindrokonus shaklli xum va xumchalar, tog‘ora va bikonik shakldagi kosalar topilgan. Ba’zida ularning gardishi aylanasi bo‘ylab tiniq jigarrang angob berilgan. Xum va xumchalar to‘lqinsimon yoqali ishlangan. Uzunqir II davrida mudofaa devorining ichki tomonidan unga yopishtirib, 1,6 m qalinlikda ikkinchi devor qurilgan. Bunda birinchi devor shinaklari yopilib, faqat minoralardagi shinaklar qoldirilgan.
Uzunqir III davri mil. avv. V-IV asrlar bilan belgilangan. Bu davrda mudofaa devori qayta tiklangan. Uning qalinligi 4,65 m bo‘lgan. Qal’a devorlari bo‘ylab aholi turar joylarning izlari aniqlangan.
Urbanizatsiya – fransuzcha “urbanisation”, lotincha “urbanus” so‘zidan olingan bo‘lib, “shahar”, “shaharga oid” degan ma’nolarni beradi. Jamiyatda shaharlar o‘rnining ortishi va hududning ijtimoiy-iqtisodiy va demografik rivojlanish jarayonidir. Urbanizatsion jarayon insoniyat tarixida jamiyatning rivojlanishini belgilashning muhim indikatori hisoblanadi. Dehqonchilikning chorvachilikdan ajralishi, dehqonlarning o‘troqlashish jarayoni davrida urbanizatsion jarayonga asos solina boshlangan. Hunarmandchilikning ajralib chiqishi, savdo-sotiqning rivojlanishidan boshlab ilk urbanizatsion jarayonlar kuzatila boshlangan. Dastlab protoshahar, ilk shaharlar shakllanib, vaqt o‘tgan sayin jamiyat va shaharlar tuzilishi murakkablashib borgan. Bu, asosan, uning geografik joylashuviga, ixtisoslashuviga, siyosiy maqomiga va aholining to‘planishi jarayonlariga bog‘liq holda kechgan. Amudaryo havzasining yuqori va o‘rta oqimlarida urbanizatsion jarayon Qadimgi Sharq sivilizatsiyasining ta’sirida bronza davridan boshlangan. Bu o‘ziga xos urbanizatsion jarayon O‘rta Osiyoning janubi-g‘arbidan boshlanib, shimoli-sharq tomonga siljib, kengayib borgan. Dastlab ilk urbanizatsiya mil. avv. II ming yillikning ikkinchi yarmida Parfiya, Marg‘iyona, Baqtriyada kuzatilgan.
Do'stlaringiz bilan baham: |