FTOROTAN (galotan)-tarkibida ftor atomi bo‘lgan alifatik birikma bo‘lib, narkotik ta’siri efirnikidan 3-4 marta kuchli, narkotik kengligi efirnikiday. Narkoz 3-5 daqiqadan keyin boshlanadi. Qo‘zg‘alish bosqichi qisqa bo‘lib, nutq va harakatning ortishi sust bo‘ladi. Ftorotan miqdori 4 hajm % bo‘lgan aralashmadan nafas olinganda narkoz tez rivojlanadi va uni 0,5-2,5 hajmi % miqdorida davom ettiriladi. Narkozni boshqarish engil. Etarli darajada mushaklarning bo‘shashi kuzatiladi. Simpatik gangliyalar va qon aylanish markazni qamal qilganligidan qon bosimi pasayadi. Ftorotan berish to‘xtatilsa 5-10 daqiqadan so‘ng bemor uyg‘onadi, ya’ni efirnikidan kam vaqtda. Bundan tashqari narkozdan keyingi uyqu davomsiz bo‘ladi, so‘lak, nafas yo‘llari va oshqozon bezlarining sekretsiyasini kuchaytirmaydi. Lekin ftorotan ta’sirida miokardning adrenalinga sezuvchanligi ortib, aritmiya chaqiradi. Ko‘ngil aynash, qayt qilish va atsidoz chaqirmaydi.
ENFLURAN- tarkibida ftor bo‘lgan karbon suv, ta’siri va xususiyatlari bo‘yicha ftorotanga o‘xshash. Lekin narkotik faolligi yuqori.
METOKSIFLURAN- ham xuddi shunday, farqi buyrak faoliyatini buzadi. Ftorotan, enfluran, metoksifluran alangalanishdan xavfsiz. Xloroform, xlor etil zaharliligi yuqori, narkotik kengligi tor bo‘lganligidan hozirda narkoz uchun ishlatilmaydi.
GAZSIMON NARKOTIK VOSITALAR .
AZOT (I)-OKSID rangsiz, hidsiz gaz bo‘lib, mahalliy qitiqlantiruvchi xususiyati yo‘q, zaharsiz modda hisoblanadi. Narkotik kuchi sust. Narkoz rivojlanishi uchun uni nafas yo‘llariga 94 hajm % miqdorida kiritish kerak, lekin bunda gipoksiya vujudga keladi. Agar 80-86% miqdorda berilsa, yuzaki narkoz rivojlanadi (“shodlantiruvchi gaz”). Anesteziologiyada 80% azot (I)-oksidi va 20% kislorod aralashmasidan foydalaniladi. Bunda tez, qo‘zg‘alish bosqichi qisqa bo‘lgan, oson boshqariladigan narkoz yuzaga keladi. Lekin narkoz chuqur bo‘lmaydi, mushaklar bo‘shashmaydi. Preparatni berishni to‘xtatish bilan bemor uyg‘onadi. Noxush ta’sirlari yo‘q. Alangalanmaydi, lekin efir bilan aralashmasi portlashi mumkin. Odatda bu preparatni boshqa faolligi yuqori bo‘lgan narkotiklar bilan (ftorotan), kuraresimon vositalar bilan qo‘shib qo‘llaniladi. Faqat jarrohlikda emas, balki kuchli og‘riqlarni daf etishda ham ishlatiladi. (miokard infarkti). Preparat nafas yo‘llari orqali o‘zgarmagan holda organizmdan ajraladi.
SIKLOPROPAN Azot (I)-oksididan narkotik va og‘riqsizlantirish kuchi yuqoriligi bilan farq qiladi.
Narkotik ta’sir kengligi katta. Tez yuzaga chiquvchi (3-5 min), chuqur, qo‘zg‘alish bosqichi juda sust va qisqa bo‘lgan narkoz chaqiradi. Bunda skelet mushaklari yaxshi bo‘shashadi, narkozni boshqarish engil, narkozdan uyg‘onish qisqa (bir necha daqiqa). Preparatning asosiy kamchiligi bu kardiotoksik ta’siri, ya’ni siklopropan har turli aritmiyalarni, xatto qorinchalar (ekstrosistoliyasi, bradikardiya) mushaklarining titrashini chaqiradi, chunki u miokardni adrenalinga bo‘lgan sezuvchanligini oshirib yuboradi. Bundan tashqari siklopropan qon bosimini oshiradi, giperglikemiya, glyukozuriyani rivojlantiradi, nafas olishni yomonlashtiradi. Preparat o‘pka orqali ajraladi. Narkozdan keyingi davrda analgeziya bo‘lmaganligidan bemorlar og‘riqni sezadilar, bosh og‘rig‘i, ichak parezi, qayt qilish kuzatiladi.
Ko‘pincha boshqa narkotiklar bilan birga qo‘llaniladi (azod-oksidi,efir) nafas yo‘llari bezlari sekretsiyasini kuchaytirmaganligi sababli o‘pka kasalliklari bor bemorlar siklopropan bilan chaqirilgan narkozni yaxshi o‘tkazadilar.
Do'stlaringiz bilan baham: |