Tayanch tushunchalar:
Qoraxoniylar davlati, doston, Bug‘raxon tili, adabiy
manba, yozma yodgorlik, matnshunoslik tadqiqotlari, nusxa, tanqidiy matn, tavsif,
128
xos hojiblik, ideal timsollar, alifbe, muammo janri, muqaddima, fehrist, mundarija,
chig‘atoy tili, uyg‘ur musulmon yodgorligi
.
Ma’ruzada qo‘yiladigan muammolar:
turkiy xalqlar ilk dostonining
vujudga kelishi omillarini tavsiflash; “Qutadg‘u bilig”ning tili va yozuvi haqidagi
bahslarga munosabat bildirish; doston g‘oyaviy mazmuni, kompozitsiyasi va
badiiy xususiyatlarini tahlil qilish hamda baholash.
Turkiy xalqlar ilk dostonining vujudga kelishi omillari.
Turkiy xalqlar
tarixida Qoraxoniylar davri milliy o‘zlikni anglashni, ijtimoiy-siyosiy va ma’naviy
jihatdan yuksalishni, uyg‘onishni boshlab bergani bilan alohida o‘rin tutadi. Islom
dini qabul qilinganidan keyin Qoraxoniylar davrigacha milliy qadriyatlarga,
xususan, ona tiliga e’tibor bu qadar kuchaymagan edi. Manbalardagi
ma’lumotlarda bu davrda turk manfaati siyosiy tus olgani seziladi. Qoraxoniylar
davri o‘rganilgan ilmiy adabiyotlarda Movarounnahr va Xorazmda siyosiy
hokimiyat turkiy sulolalarga o‘tishi munosabati bilan sodir bo‘lgan etnik jarayonlar
o‘zbek xalqining shakllanishida yakuniy bosqichga yetkazgani ta’kidlanadi. Aynan
shu davrda o‘zbek xalqiga xos elatni belgilovchi hududiy, madaniy-ma’naviy
umumiylik, etnik o‘zlikni anglash ma’lum bir davlat doirasidagi etnik uyushqoqlik,
din umumiyligi kabi omillar shakllandi. Bu davrda turkiylarning yangidan umumiy
adabiy tili qaror topdi.
Ma’lumki, X asr o‘rtalarida Yettisuv viloyatida Qoraxoniylar davlatiga asos
solindi. Davlat asoschisi Abdulkarim Sotuq edi. Arslonxon, Bug‘roxon, Qoraxon
uning unvonlari bo‘lib, “ulug‘ xon” ma’nosini anglatgan. Bunga asos chigil hamda
yag‘mo elatlarining arslon, bug‘ro (kuchli tuya) totemlari va “ulug‘” ma’nosini
anglatgan “Qora” so‘zi edi. Saltanatda qarluq, chigil va yag‘mo qabilalari alohida
e’tiborga sazovor bo‘lgan. Chunki Qoraxoniylar davlati ularning sobiq davlatlari
asosida tashkil topgan edi.
129
Hozirgacha yaratilgan Yusuf Xos Hojib va uning asari haqidagi ilmiy
adabiyotlarda ko‘proq shoirning feodal mulk egalari orasidagi to‘qnashuvlar, qonli
janglar va boshboshdoqliklar davrida yashagani, bunday ahvolga barham berish
uchun “Qutadg‘u bilig”dek asarga ehtiyoj bo‘lgani, asar xuddi shu muammolar
yechimiga bag‘ishlangani haqida gapiriladi. Buni mutlaqo rad etib bo‘lmaydi.
Lekin Qoraxoniylar davlatining ma’rifat asosida qurilganini ham e’tirof qilmaslik
mumkin emas.
Bir tomondan yemirilib borayotgan Somoniylar davlati, ikkinchi tomondan
XI-asr boshida tashkil topgan G‘aznaviylar, undan bir oz keyin vujudga kelgan
Saljuqiylar, qolaversa, mamlakatni yiriklashtirilishiga jon-jahdi bilan qarshi turgan
boshqa qo‘shni davlatlar bilan muttasil davom etgan urushlarga qaramay,
Qoraxoniylar o‘z davlatining shuhratini XII-asrning o‘rtalarigacha saqlab qolishga
erisha oldilar. Ular uzoq davom etgan erksizlikdan ezilgan xalq ishonchini
qozongan ko‘rinadilar. Bunga davlatning o‘z davrida nisbatan ilg‘or harbiy,
iqtisodiy, ijtimoiy-siyosiy va g‘oyaviy sohalarga aniq yo‘naltirilgan ilg‘or idora
nizom va dasturlariga ega bo‘lgani sabab sifatida ko‘rsatilishi mumkin. Bu dastur
davlat hokimiyatini mustahkamlashdan tashqari, xalqning moddiy va ma’naviy
manfaatlarini himoya qilish, tarqoq turkiy qavmlarni birlashtirish, ularning
qadriyatlarini umumturk qadriyatlari sifatida tiklash, rivojlantirish va tarannum
qilishni nazarda tutgani shubhasiz. 999 yilda Qoraxoniylar idorasiga o‘tgan O‘rta
Osiyoga ko‘plab turkiy qabilalarning ko‘chib kelishi kuchaygan. Bu ularning
manfaati O‘rta Osiyoda yaxshi himoya qilingani va nufuzi ortganini tasdiqlaydi.
Professor N.Mallayevning ta’kidlashicha, eron tillari guruhidagi tillarda so‘zlovchi
ayrim xalqlar, jumladan, sug‘dlarning bir qismi turkiy tillarni ona tili sifatida qabul
qildi. Yettisuv, Farg‘ona, Toshkent, O‘zgand, Koshg‘ar, Balasog‘un, Sayram va
Xorazm kabi shahar va o‘lkalar xalqlari to‘la turkiy tilda so‘zlashar edi.
Samarqand va Buxoro shaharlarida ham turkiy tilda so‘zlashuvchilar nufuzi
orttirildi. Buning natijasida turkiylar soni ko‘payib bordi. Bu jarayonlar turkiy
tildagi adabiyotning rivojlanishini tezlashtirib yubordi.
130
Ijtimoiy hayotda tasavvufning keng tarqala borishi falsafa va boshqa
fanlarning rivojlanishini boshlab berdi. Garchi bu davrda ilm-fan asoslari arab va
fors tillarida yozilayotgan bo‘lsa-da, turkiy xalqlar vakillari ham bu jarayonlarga
faol qatnasha boshladilar. Bir necha mutasavviflarning yoki boshqa sohalar
olimlarining turkiy xalqlardan yetishib chiqqani buning dalilidir.
“Qutadg‘u bilig”ning yaratilishi va qadr topishi Qoraxoniylar davlatining tili,
madaniyati, ma’naviyati va adabiyotining shuhrat tutishiga xizmat qildi. Har bir
elig podshoh saroyida va markaziy shaharlarda o‘nlab yirik ijodkorlar badiiy ijod
bilan shug‘ullanar edi. Mashhur “Chahor maqola” asari muallifi Nizomiy
Aruziyning qoldirgan ma’lumotlariga ko‘ra, qoraxoniy hukmdorlar orasida
Xizrxon ibn Ibrohim favqulodda katta muvaffaqiyatlarni qo‘lga kiritib, sulola
shuhratini oshirgan. Uning chegaralarda o‘rnatgan tinchlik va mamlakat ichida
joriy qilgan intizomi tillarda doston bo‘ldi. U bunga munosib edi. Agar Xizrxon ot
minib biror yo‘lga chiqsa, oldida mustahkam qurollangan kishilardan tashqari yetti
yuz oltin va kumush cho‘qmor, gurzilar olib borilar edi. U adabiyotni sevar edi.
Uning saroyida shoirlar amiri Am’aq, ustod Rashidiy, Najjor Sag‘arjiy, Ali
Banidiy, Pisari Dargush, Pisari Isfaroiniy, Ali Sipehriy kabi ijodkorlar faoliyat olib
borardilar. Ular xoqon tomonidan juda katta in’omlar va yuksak martabalarga
sazovor bo‘ldilar.
Nizomiy Aruziy va boshqa tazkiranavislar, afsuski, bunday shoirlarning faqat
fors tilidagi she’rlarini zikr qiladilar. Butun mamlakatdagi barcha mansablarda
turkiylar turgan, harbiy aristokratlar turkiylardan iborat, davlat ishlari turkiy tilda
olib boriladigan davlatda turkiy adabiyot “Qutadg‘u bilig” bilan cheklanishi
mumkin emas edi.
Shuni ta’kidlash lozimki, davlatning adabiyotga e’tibori umuman ma’naviyat,
madaniyat va san’atga bo‘lgan e’tiborning bir qismi edi. Chunki bu davrda faqat
adabiyot emas, san’atning boshqa sohalari ham tez rivojlangani kuzatiladi.
Qoraxoniylar davridan yodgorlik sifatida saqlanib kelayotgan bir qator me’moriy
obidalar borki, ularning o‘ziyoq bu sohaning nechog‘li rivojlanganini ko‘rsatib
131
turibdi. Jumladan, Buxoro viloyatining Hazora qishlog‘idagi Dehgaron masjidi 9 ta
gumbazli noyob arxitektura yodgorligidir. Yoki Buxoro shahridagi Minorai kalon
nomi bilan mashhur Katta minorani ham me’moriy yuksak san’at namunasi
sifatida ko‘rish mumkin. U Arslonxon minorasi ham deyiladi. Yodgorlik muhandis
va me’mor Baqo loyihasi asosida qurilgan (1127). Yer sathidan 9 m chuqur,
balandligi 50 metr. Kursisi qirrador, tepasi gumbazli davra qafasa-ko‘shk bilan
bog‘langan. Minora yuqoriga ingichkalashib boradi va muqarnas bilan tugaydi.
Qafasasidagi 16 ravoqli darchalar orqali atrofni kuzatish mumkin. Tepaga minora
ichidagi 104 aylanma zina orqali chiqiladi. Sirti silliq pardozlangan. Ustma-ust
joylashgan turli xil handasaviy shakldagi bejirim bezakli halqalari g‘ishtin
dandanalar bilan hoshiyalangan. Katta minora shu turdagi qadimiy inshootlar
orasida alohida o‘rin tutadi. Shakllarning o‘zaro monandligi va mutanosibligi,
handasaviy uyg‘unlik, ajoyib ko‘rk va mahobatlilik Katta minoraga chinakam
go‘zallik bag‘ishlaydi.
Qoraxoniylar tomonidan bunyod etilgan Jarqo‘rg‘on tumanidagi minora,
Urganchdagi Faxriddin Roziy maqbarasi, Amudaryo yoqasidagi Doyaxotin raboti,
Buxorodagi Namozgoh, Raboti Malik, Mag‘oki Attoriy kabi obidalar ham bu
san’atning o‘ziga xos nodir namunalari.
Xuddi shunday, Qoraxoniylar davrida naqqoshlik va tasviriy san’at ham
rivojlandi. Bu davrning eng muhim jihatlaridan biri, avval dindorlar tomonidan
taqiqlab kelinganiga qarshi o‘laroq, turli xil yog‘och va ganchlardan o‘yib yoki
yo‘nib odam, ot, buqa, tuya, yovvoyi echki kabi jonivorlarning tasvirlari
yaratilganidir. Bunday ma’lumotlar O‘rta Osiyoga kelgan sayyohlar tomonidan
yozib qoldirilgan. Yana bir muhim jihat, bu davrda xattotlikning san’at darajasiga
chiqqanidir. Qoraxoniylarga yozilgan madhlarning ortib borishi uni tarqatishni
talab qilishidan tashqari, olim va ijodkorlarning ko‘payishi, ular yaratgan asarlarni
madrasa toliblariga va o‘quvchilar ommasiga yetkazish kitobat va xattotlikni
rivojlantirishni taqozo qilar edi. Me’moriy obidalarning peshtoqlari, devor va
eshiklarini bezashda ham xattotlar xizmatiga ehtiyoj tug‘ildi. Xatni naqshsimon
132
qilib yozish ham o‘ziga xos o‘lchov va handasaviy shakllarga asoslanishi kerak
edi. Qolaversa, kosib va hunarmandlar ham o‘zlari yasagan idish hamda jihozlarni,
zeb-ziynatlarni yozuvli naqshlar bilan bezash orqali qimmatini oshirar edilar.
Shunday qilib, behisob ehtiyojlar xizmatni naqsh darajasiga olib chiqdi.
Toshkent, Farg‘ona, Xorazm va Zarafshon vodiysida hunarmandlikning
san’at darajasiga chiqqani, ular yasagan har bir jihoz yoki buyum ham nihoyatda
go‘zal ekani manbalarda ta’kidlangan, ulardan namunalar qadimshunoslarimiz
tomonidan topilgan. Sopolga sir berib ziynatlash, harbiy qurollarni mustahkam va
qulay shakllarga keltirish ham shu yerlarda rivojlangan.
Musiqa san’ati ham bu davrda o‘ziga xos yutuqlarni qo‘lga kirita boshladi.
Arab va fors tillarida yaratilgan musiqiy risolalar chuqur o‘rganilib, mahalliy
xalqlarga targ‘ib qilindi. Buni asli turkiy xalqlardan bo‘lgan Abu Nasr Forobiy
misolida ko‘rish mumkin. U o‘zining musiqashunoslikka doir bir nechta asarini
arab tilida yozdi, bir necha musiqiy asbobga isloh kiritdi. Ular bu fan bilan
shug‘ullanuvchilar orasida keng shuhrat topdi. Bunday muvaffaqiyatlar, albatta,
bolalikda, yoshlikda, o‘z ona yurtida uyg‘ongan havasning natijasi edi.
Manbalarda Bo‘zar Keshiy ismli shahrisabzlik turkiyligi ta’kidlab
ko‘rsatilgan bir musiqashunos haqida ma’lumotlar bor. Ularning safi keng
bo‘lganiga shubha yo‘q.
Albatta, san’at uzviylikda rivojlanadi. Adabiyot ham so‘z san’ati sifatida
boshqa san’atlar qatorida rivojlandi. Afsuski, birinchidan, mo‘g‘ul istilosi tufayli
turkiy xalqlar yaratgan adabiy manbalarning aksariyati zavol topdi. Ikkinchidan,
kitoblarning barchasi qo‘lda ko‘chirilishi, bu jarayonda xattotlar harakatlantiruvchi
kuch ekani va ilm-fan tili arab va fors tillari bo‘lgani uchun ular diqqatini ko‘proq
arab va fors tilidagi asarlarga qaratgani, buning natijasida turkiy adabiy manbalar
eskirib, yo‘qolib borgani bor haqiqatdir. Lekin shunga qaramay, turkiy adabiy
manbalardan namunalar saqlanib qolishi ularning nihoyatda ko‘p bo‘lganini
tasdiqlaydi. “Devonu lug‘ot-t-turk”da ko‘p shoirlar ijodidan namunalar keltirilishi,
“Qutadg‘u bilig”da jamiyatda ma’lum bir toifaga aylanib ulgurgan shoirlarga
133
munosabat haqida maxsus fasl yozilishi, haqiqatan, ular ko‘pchilikni tashkil
qilishidan dalolat.
Xullas, iqtisodiy-ijtimoiy, madaniy va ilmiy shart-sharoitlar hamda asoslar
mavjudligi, shuningdek, badiiy-ijodiy tafakkur darajasining yetilgani “Qutadg‘u
bilig”dek dostonlarning yaratilishiga omil bo‘lib xizmat qildi.
Do'stlaringiz bilan baham: |