5.Mehnat ta’tillar muddatini hisoblab chiqarish tartibi
Yillik mehnat ta’tilining umumiy muddatini hisoblab chiqarishda xodimga belgilangan barcha qo’shimcha ta’tillar uning yillik asosiy minimal yoki asosiy uzaytirilgan ta’tiliga qo’shib jamlanadi.Agarda xodim bir qancha turdagi qo’shimcha ta’tillarni olish huquqidan foydalansa, ular unga belgilangan asosiy minimal yoki asosiy uzaytirilgan ta’til bilan ham qo’shib jamlanadi.
Qonun hujjatlarida nazarda tutilgan mehnat ta’tillarining barcha turlarini qo’shib jamlaganda ularning umumiy muddati barcha hollarda 48 ish kunidan oshib ketishi mumkin emas.
Mehnat ta’tilining umumiy muddatini qonun hujjatlarida nazarda tutilgan, shuningdek korxonaning o’z mablag’lari hisobidan beriladigan ta’tillar tashkil etadi, mehnat ta’tillarining umumiy muddatini (ko’pi bilan 48 ish kuni) cheklash to’g’risidagi qoida faqat qonun hujjatlarida nazarda tutilgan ta’tillarga nisbatan tatbiq etiladi. Demak, mazkur holda mehnat ta’tilining umumiy muddati 48 ish kunidan ham ortiq bo’lishi mumkin.
Mehnat kodeksining 139-moddasiga ko’ra ta’tillarning muddati olti kunlik ish haftasi yuzasidan kalendarь bo’yicha ish kunlari bilan hisoblab chiqariladi. Ta’til davriga to’g’ri kelib qolgan ishlanmaydigan kunlar deb hisoblanadigan bayram kunlari ta’til muddatini belgilashda hisobga olinmaydi. Bunday tartib mehnat ta’tillarini besh kunlik, shuningdek olti kunlik ish haftasi rejimida muddatlari davomiyligi bir xil bo’lishini ta’minlaydi.
Mehnat kodeksining 140-moddasiga ko’ra yillik mehnat ta’tilining umumiy muddatini hisoblab chiqarishda qo’shimcha ta’tillar yillik asosiy ta’tilga, (shu jumladan uzaytirilgan ta’tilga ham) qo’shib jamlanadi.
Masalan, xodim 6 kun qo’shimcha ta’til olish huquqiga ega. Bu holda umumiy yillik mehnat ta’tili 21 ish kunini tashkil qiladi (6+15).
Xudi shunday olti kunlik qo’shimcha ta’til asosiy uzaytirilgan ta’til olishga huquqi bor xodimga berilganda, yillik mehnat ta’tillarining umumiy muddati 42 ish kunini tashkil qiladi (36+6).
Agar xodim ko’shimcha ta’tilning bir necha turini olish huquqiga ega bo’lsa, bu toifadagi xodim uchun belgilangan asosiy minimal va asosiy uzaytirilgan ta’tillarga qo’shib hisoblab chiqariladi. Biroq bu holda Mehnat kodeksining 140-moddasining ikkinchi bandi bilan nazarda tutilganidek, jamlashda ularning umumiy muddati qirq sakkiz ish kunidan oshib ketishi mumkin emas.
Masalan, xodimga 36 ish kuni miqdorida asosiy uzaytirilgan ta’til va o’ta zararli mehnat sharoitlaridagi ish uchun qo’shimcha 18 ish kuni o’rnatilgan. Mehnat kodeksining 140-moddasi ikkinchi bandini hisobga olgan holda bu hodimning yillik ta’tili muddati 54 (36+18) ish kunini emas, balki faqatgina 48 ish kunini tashkil qiladi. SHunga e’tiborni qaratish lozimki, bu qoida faqatgina qonunchilik bilan nazarda tutilgan ta’tillarning muddatini hisoblab chiqarishga taalluqli bo’lib, xodim uchun korxona hisobidan lokal yoki yakka shartnoma asosida belgilangan ta’ttilarni hisoblab chiqarishda qo’llanilmaydi.
Mehnat kodeksining 141-moddasiga ko’ra, ta’tillar muddatini ishlangan vaqtga mutanosib ravishda hisoblab chiqarishda ularning muddati har bir to’liq ta’til miqdorini o’n ikkiga bo’lib, so’ng to’liq ishlangan oylar soniga ko’paytirish yo’li bilan aniqlanadi.
Masalan, 48 ish kuni miqdorida yillik ta’til o’rnatilgan xodimga (asosiy uzaytiroilgan ta’til 36 ish kun va o’ta og’ir mehnat sharoitlarida ishlaganligi uchun 12 ish kuni miqdorida qo’shimcha ta’til) ta’tillar muddatini amalga ishlangan 8 oylik muddatdan kelib chiqib, hisoblash lozim.
Ta’tillar muddatini ishlangan vaqtga mutanosib ravishda to’g’ri hisoblab chiqarish uchun, Mehnat kodeksining 141-moddasiga ko’ra o’n besh kalendarь kunga teng va undan ko’p bo’lgan kunlar bir oy deb yaxlitlanadi, o’n besh kalendarь kundan kami esa chiqarib tashlanadi.
Masalan, xodim 20 yanvardan ishga tushdi. Albatta, umumiy qoidaga ko’ra keyingi oyning 20 kuni xodim tomonidan to’liq ishlangan oy bo’lib hisoblanadi.
Ishlangan vaqtga mutanosib ravishda yillik mehnat ta’tillarini hisoblab chiqarish xodimning roziligi bilan ta’tillarni qismlarga bo’lib foydalanishda ham yuzaga kelib chiqishi mumkin. Xuddi shunday zaruriyat o’rindoshlar, olti oydan kam ishlaganlar, ta’lim muassasalari o’qituvchilari yillik mehnat ta’tillarini birinchi ish yili uchun hisoblab chiqarishda ham qo’llaniladi.
Masalan, oliy o’quv yurtining o’qituvchisi joriy yilning 1 fevralida ishga kirgan. 48 ish kunidan iborat birinchi mehnat ta’tili
unga 1 iyulda berilgan. Biroq yillik mehnat ta’tili uchun haq amalda ishlangan besh oydan hisoblab chiqariladi, ya’ni 20 ish kuni uchun ta’til haqi oladi. (48:12x5).
Ishlangan vaqtga mutanosib ravishda yillik mehnat ta’til muddatini hisoblab chiqarish mehnat shartnomasi bekor qilingan hollarda ham amalga oshiriladi. Mehnat shartnomasi bekor qilingan xodimga foydalanilmagan barcha yillik asosiy va qo’shimcha ta’tillar uchun pullik kompensatsiya to’lanadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |