6. Xodimlarning vakillik organlari (kasaba uyushmasi, mehnat jamoasi) mehnat huquqining sub’ekti sifatida
Mehnat munosabatlarida xodimlar nomidan ish yurituvchi va ularning manfaatlarini ifodalovchi vakillik organlari ham ishtirok etadilar. Ular xodimlar nomidan ish beruvchi bilan mehnat shartnomasi tuzmasalarda, ammo, mehnat shartlarini belgilanishi o’zgartirilishi, bekor qilinishida, xodimlar huquq hamda manfaatlarini ish beruvchi oldida, mahalliy va markaziy davlat boshqaruvi organlari oldida ifoda etilishida faol qatnashadilar.
Mehnat munosabatlarida xodimlar vakillik organlarining ishtiroki ikki shaklda: kasaba uyushmalari va mehnat jamoasi orqali ta’min etiladi. Qonun boshqa shakllarda xodimlar vakillik organlari ish yuritishiga ham yo’l qo’yadi.
O’zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 21-moddasiga ko’ra, mehnatga oid munosabatlarda xodimlarning manfaatlarini ifoda etishda vakil bo’lish va bu manfaatlarni himoya qilishni korxonadagi kasaba uyushmalari va ularning saylab qo’yiladigan organlari yoki xodimlar tomonidan saylanadigan boshqa organlar amalga oshirishi mumkin, bu organlarni saylash tartibini, ularning vakolatlari muddati va miqdor tarkibini mehnat jamoasining yig’ilishi (konferentsiyasi) belgilaydi. Xodimlar vakillik qilishni hamda o’z manfaatlarini himoya etishni ishonib topshiradigan organni o’zlari belgilaydilar.
Barcha vakillik organlari o’z vakolatlari doirasida ish olib boradi va xodimlar manfaatlarini himoya qilishda teng huquqlardan foydalanadi.
Korxonada boshqa vakillik organlarining ham bo’lishi kasaba uyushmalarining o’z vazifalarini amalga oshirish borasidagi faoliyatiga to’sqinlik qilmasligi lozim.
Xodimlar va ish beruvchilarning manfaatlarini bitta vakillik organi ifoda etishi va himoya qilishi mumkin emas.
Vakillik organlarining faoliyati ularni saylagan xodimlarning qaroriga binoan, shuningdek ular qonun hujjatlariga zid xatti-harakatlar sodir etgan taqdirda esa - sud tomonidan ham tugatilishi mumkin.
Kasaba uyushmalari xodimlar vakilligini amalga oshiruvchi eng yirik jamoat birlashmasi bo’lib, bugungi kunda 7 mln.dan ko’proq a’zoni birlashtiradi.
Kasaba uyushmalarining vakolatlari va vazifalar O’zbekiston Respublikasining “Kasaba uyushmalari, ularning huquqlari va faoliyatining kafolatlari to’g’risida”gi qonunda belgilangan28.
Kasaba uyushmasi ko’ngilli jamoat tashkiloti bo’lib, ham ishlab chiqarish ham noishlab chiqarish sohalaridagi faoliyat turiga qarab, o’z a’zolarining mehnat va ijtimoiy-iqtisodiy huquqlarini hamda manfaatlarini himoya qilish uchun mushtarak manfaatlar bilan bog’langan mehnatkashlarni birlashtiradi.
Qonun kasaba uyushmalariga quyidagi sohalarda huquq va vakolatlarni beradi :
1) O’zbekiston kasaba uyushmalari federatsiyasi kengashining qonunlar va me’yoriy hujjatlar ishlab chiqishda qatnashish huquqlari;
2) Kasaba uyushmalarining mehnat qilish huquqini himoya etish sohasidagi huquqlari;
3). Kasaba uyushmalarining muzokaralar olib borish va jamoat shartnomalari, bitimlari tuzish huquqlari;
4) Kasaba uyushmalarining mehnatkashlarni ijtimoiy jihatdan himoya qilish huquqlari;
5) Kasaba uyushmalarining mehnat va kasaba uyushmalari to’g’risidagi qonunlarga rioya etilishini nazorat qilish huquqlari;
6) Mehnat nizolarini ko’rib chiqishda kasaba uyushmalarining huquqlari;
7) Kasaba uyushmalarining ma’muriyat tomonidan jamoa shartnomasi bajarilishini nazorat qilish huquqi va boshqa huquqlar.
Davlat va xo’jalik idoralarining ma’muriyati, jamoat tashkilotlari, mansabdor shaxslar kasaba uyushmalarining huquqlariga rioya etishlari, ularning faoliyat ko’rsatishlariga ko’maklashishlari shart. Bu idoralar va shaxslar kasaba uyushmalari huquqlarini buzganliklari yoki ularning qonuniy faoliyatiga to’sqinlik qilganliklari uchun qonunlarda belgilangan tartibda javobgar bo’ladilar. Davlat va xo’jalik idoralarining ma’muriyati jamoat tashkilotlari, mansabdor shaxslar kasaba uyushmalarining vakillari shu kasaba uyushmasi a’zolari ishlayotgan korxonalarga ustavda belgilangan vazifalarni va qonunlarda belgilab qo’yilgan huquqlarni amalga oshirish uchun kirishlariga to’sqinlik qilishga haqli emas.
Xodimlarning vakillik organlari a’zolariga o’zlarining vakillik faoliyatlarini amalga oshirishlari munosabati bilan ish beruvchi tomonidan biror-bir shakldagi ta’qib qilinishdan himoya etish kafolatlanadi.
Vakillik organlari tarkibiga saylangan va ishlab chiqarishdagi ishidan ozod etilmagan xodimlarga intizomiy jazo berishga, ular bilan tuzilgan mehnat shartnomasini ish beruvchining tashabbusi bilan bekor qilishga, shuningdek vakillik organlari tarkibiga saylangan xodimlar bilan mehnatga oid munosabatlarni ularning saylab qo’yiladigan lavozimdagi vakolati tugaganidan keyin ikki yil davomida ish beruvchining tashabbusi bilan mahalliy mehnat organining oldindan roziligini olmay turib bekor qilishga yo’l qo’yilmaydi.
Vakillik organlaridagi saylab qo’yiladigan lavozimlarga saylangani munosabati bilan ishlab chiqarishdagi ishidan ozod etilgan xodimlarga ularning saylab qo’yiladigan lavozimdagi vakolati tugaganidan keyin avvalgi ishi (lavozimi) beriladi, bunday ish (lavozim) mavjud bo’lmasa, - avvalgisiga teng boshqa ish (lavozim) beriladi.
Vakillik organlari tarkibiga saylangan xodimlarga tegishli ish (lavozim) berish imkoniyati bo’lmagan taqdirda ular qonunlarda yoki jamoa shartnomalari, kelishuvlarida nazarda tutilgan imtiyozlardan foydalanadilar.(MKning 25-moddasi).
Korxona va tashkilotlarning mehnat jamoasiga ham xodimlar haq-huquqlarini himoya qilinishida muayyan kafolatlar berilgan .
Do'stlaringiz bilan baham: |