7. Korxona va tashkilotlarda ish beruvchining vakilligi
Mehnat munosabatlarida nafaqat xodimlar nomidan ish ko’ruvchi vakillik organlari, balki, ish beruvchi nomidan vakillik qiluvchi organlar ham ish yuritadilar.
Ish beruvchining vakilligi korxonaning bevosita o’zidagi ichki vakillikka hamda korxona tashqarisida amalga oshiriladigan tashqi vakillikka bo’linadi.
Ish beruvchi nomidan ichki vakillikning ish beruvchi tashkil etgan korxona ma’muriyati amalga oshiradi.
Korxona, muassasa, tashkilot ma’muriyati deganda uning tarkibiy tuzilishiga ko’ra hamda yaxlit holda boshqarish maqsadini ko’zlovchi organlar va mansabdor shaxslar majmui nazarda tutiladi.
Korxona ma’muriyati eng yuqori bo’g’indan tortib, to eng quyi darajagacha bo’lgan, yuklatilgan vazifasiga ko’ra ish beruvchi tomonidan tegishli vakolat berilgan shaxslardan tashkil topadi. Ishlab chiqarish va xizmat ko’rsatish korxonalarida ma’muriyat korxona direktori, uning o’rinbosarlari, tsex va bo’limlarning boshliqlari masterlar, ishni tashkil etish, boshqarish, majburiy yo’sindagi buyruq va farmoyishlar berish huquqiga ega bo’lgan mansabdor shaxslarni o’z ichiga oladi.
Korxona yoki tashkilotning tarkibiy tuzilishi, har bir tarkibiy tuzilmaning korxonadagi maqomi korxona ustavi (Nizomi)da mustahkamlab qo’yiladi. Bundan tashqari, har bir bo’lim yoki tseh vazifalari va ularni bajarish uchun berilgan huquq hamda vakolatlar tegishli tarkibiy bo’lim haqidagi nizomda ham belgilab qo’yiladi.
Korxona va tashkilotlarda barcha darajadagi mansabdor shaxsning ma’muriyat vakili sifatidagi vakolatlari, vazifalari va javobgarligi tegishli mansab yo’riqnomalarida, funktsiyalarni o’zaro taqsimlash to’g’risidagi buyruq(farmoyish)da ko’rsatib qo’yiladi. Korxona ma’muriyati vakillari bo’lgan organlar va mansabdor shaxslar ish beruvchi nomidan va uning manfaatlari yo’lida qonun talablariga ko’ra ish olib boradilar.
Korxona ma’muriyati yakkaboshchilikka asoslanuvchi yoki kollegiyal tarzda ish ko’ruvchi bo’lishi mumkin. Masalan, davlat korxonalarida, yakka shaxslar tomonidan tashkil qilinadigan va boshqariladigan xususiy korxonalarda ma’muriyat ish uslubi ko’proq yakka boshchilikka tayansa, korporativ korxonalarda (Jamoa korxonalari, aktsiyadorlik jamiyatlari, qo’shma korxonalar va boshqalar) ma’muriyat kollegiyallikka asoslanib ish yuritadi va korxonaning boshqarilishida uning rahbari bilan bir qatorda kollegiyal ish olib boruvchi organlar (kuzatuv kengashi, boshqaruvi, rayosati va hokazo) ham muhim o’rin tutadilar. Bunday korxonalarning ustav yoki nizomlarida kollegiyal organ va yakka boshchilik asosida ishlovchi rahbar vakolatlari o’zaro chegaralab qo’yiladi.
Korxonalarning uning tashqarisidagi vakillari vazifasini uning vakolatxonalari, filiallari, doimiy muassasalari, dillerlari bajaradilar. Korxona vakili sifatida uningg filiali va vakolatxonasi vakolatlari mazmuni, doirasi ish bekruvchi (rahbar) yoki mulkdor tomonidan berilgan vaokltnoma (ishonchnoma)ga ko’ra belgilanadi. O’zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 47-moddasiga ko’ra, vakolatxona yuridik shaxsning u turgan yerdan tashqarida joylashgan, yuridik shaxs manfaatlarini ifodalaydigan va ularni himoya qiladigan alohida bo’linmasidir.
Filial yuridik shaxsning u turgan yerdan tashqarida joylashgan hamda uning barcha vazifalarini yoki vazifalarining bir qismini, shu jumladan, vakolatxona vazifalarini bajaradigan alohida bo’linmasidir.
Agar qonunda boshqacha tartib belgilangan bo’lmasa, vakolatxona va filiallar yuridik shaxs hisoblanmaydi. Ular o’zlarini tashkil etgan yuridik shaxs tomonidan mol-mulk bilan ta’minlanadilar hamda u tasdiqlagan nizomlar asosida ish olib boradilar. Vakolatxona va filiallarning rahbarlari yuridik shaxs tomonidan tayinlanadi hamda uning ishonchnomasi asosida ish olib boradi.
Filiallar tegishli hollarda ish beruvchi tomonidan yuridik shaxs vakolatlari bilan ta’minlanishi va mehnat munosabatlarida ish beruvchi sifatida qatnashishi mumkin. Masalan, O’zbekiston Respublikasi Markaziy banki to’g’risidagi qonunning 8-moddasiga ko’ra, Markaziy bank Qoraqalpog’iston Respublikasi poytaxti, viloyatlarning markazlari va Toshkent shahrida yuridik shaxs maqomiga ega bo’lmagan bosh boshqarmalar tuzadi. Ushbu bosh boshqarmalarga ish beruvchi vakolatlari berilgan bo’lib, ular xodimlarni ishga qabul qilish, ishdan bo’shatish, rag’batlantirish yoki intizomiy jazo qo’llash huquqiga egadirlar.
Ish beruvchilar nomidan vakillik qilish huquqlari, shuningdek ular tomonidan ta’sis etilgan yoki ular a’zolari bo’lgan turli uyushmalar, assotsiatsiyalar va boshqa jamoat birlashmalariga ham berilishi mumkin. Bunday birlashma va uyushmalarning vakolatlari hajmi uning a’zolari tomonidan tasdiqlangan ustavga binoan belgilanadi. Ish beruvchilar shuningdek, belgilab qo’yilgan tartibda xalqaro hamkorlikni amalga oshirishlari va o’zlarining xalqaro kasbiy uyushmalariga a’zo bo’lishlari mumkin.
Mavzu doirasida mustaqil tayyorlanish uchun masalalar:
«Ilm-Ziyo» nomli nashriyot institut professsorlari Isaev va Salimovlar bilan ular tomonidan taqdim qilingan qo’lyozmani chop etish to’g’risida shartnoma tuzdilar. Darslikda nashr etish bilan bog’liq muxarrirlik nashriyotning katta muharriri Murotovaga topshirildi.
Do'stlaringiz bilan baham: |