9.Ta’tillar uchun haq to’lash. Foydalanilmagan ta’tillar uchun pullik kompensatsiya to’lash
Mehnat kodeksining 148- moddasining birinchi qismiga muvofiq, yillik mehnat ta’tillari davri uchun xodimga o’rtacha ish haqidan kam bo’lmagan miqdorda haq to’lash kafolatlanadi.
Barcha hollarda, shu jumladan xodimga ta’tilning foydalanilmagan va boshqa vaqtga ko’chirilgan qismi berilganda ta’til uchun o’rtacha ish haqini hisob-kitob qilish xodimning mehnat ta’tili yoki uning foydalanilmagan qismi boshlanmasidan oldingi oxirgi ish kunidagi oylik maoshi yoki tarif buyicha amalga oshiriladi.
Vazirlar Maxkamasining 1997 yil 11 martdagi 133-sonli qaroriga muvofiq, xodim mehnat ta’tilida bo’lgan davrda tarif stavkalari, xizmat maoshlari mikdorlari oshirilgan taqdirda, ta’tilning xodim mazkur korxonada ish haqi mikdorlari oshirilgandan keyin amalda foydalangan kunlariga to’g’ri keladigan ish kunlari soni uchun haq qayta hisoblab chiqiladi.
Ta’til uchun pul summasini to’lash jamoa shartnomasida belgilangan muddatda, lekin ta’til boshlanmasidan oldingi oxirgi ish kunidan kechiktirmay amalga oshirilishi kerak.
Mehnat shartnomasi bekor qilinganda, agar taraflar xodimga haq to’lanadigan ta’tilni to’la yoki qisman asli holida berish to’g’risida kelishuvga erishmasalar, yillik asosiy va qo’shimcha ta’tillarning foydalanilmagan kunlari uchun, pullik kompensatsiya to’lanishi kerak.
Ta’tilni pullik kompensatsiya bilan almashtirishning umumiy tartibi Mehnat kodeksining 151-moddasida nazarda tutilgan.
Ana shu moddaning ikkinchi qismiga muvofiq xodimlarga ish davrida, ularning xohishiga ko’ra, yillik mehnat ta’tilining qonun hujjatlarida belgilangan eng oz muddatidan (15 ish kunidan) ortiqcha qismi uchun pullik kompensatsiya to’lanishi mumkin.
Mazkur moddaning uchinchi qismida, ijtimoiy ta’tillarning barcha turlaridan, shuningdek qonun hujjatlarida nazarda tutilgan bir qator qo’shimcha ta’tillardan faqat asli holida foydalanilishi kerak va ular pullik kompensatsiya bilan almashtirilishi mumkin emasligi mustahkamlab qo’yilgan.
Mehnat kodeksi 151-moddasi uchinchi qismiga ko’ra asosiy minimal yoki asosiy uzaytirilgan ta’tildan tashqari xodimlarga belgilangan barcha qo’shimcha ta’tillar ham pullik kompensatsiya bilan almashtirilishi mumkin.
Mexnat kodeksi 151-moddasining uchinchi qismiga muvofiq, eng kam muddati qonun hujjatlari bilan belgilangan qo’yidagi qo’shimcha ta’tillarni pullik kompensatsiya bilan almashtirishga yo’l qo’yilmaydi, demak ulardan faqat asli holida foydalanilishi mumkin:
- noqulay va o’ziga xos mehnat sharoitida ipshaganlik uchun beriladigan qo’shimcha ta’tillar;
- og’ir va noqulay tabiiy iklim sharoitlarida ishlaganlik uchun beriladigan qo’shimcha ta’tillar.
Mehnat shartnomasi bekor qilinganda foydalanilmagan ta’til uchun pullik kompensatsiya miqdorini hisoblash ta’til asli holida berilganda to’lanadigan haq miqdori singari tartibda amalga oshiriladi. Ya’ni, xodimning hisob-kitob qilinayotgan kundagi hisoblab chiqarilgan o’rtacha bir kunlik ish haqi o’tgan ish yili tugagan kundan to mehnat shartnomasi tugaydigan kungacha bo’lgan davr uchun ishlangan vaqtga mutanosib ravishda hisoblab chiqarilgan ta’tilning umumiy muddatini tashkil etuvchi ish kunlari soniga ko’paytiriladi.
Masalan, xodim umumiy muddati 24 ish kunidan iborat mehnat ta’tilidan foydalanib bo’lgan o’tgan ish yili 10 fevralda tugagan. 30 iyunda xodim o’z xohishiga ko’ra mehnat shartnomasini bekor qilgan. SHu sababli unga foydalanilmagan ta’tilning 10 ish kuni uchun kompensatsiya to’lanishi (24:12 va ishlangan 5 oyga ko’paytirish) kerak.
Do'stlaringiz bilan baham: |