2. Mehnat huquqining uslublari
Mehnat huquqi fanining uslublari o’ziga xosligi bilan ajralib turadi. Huquqiy tartibga solish uslubi deganda ijtimoiy munosabatlarga ta’sir o’tkazish,ularni maqsadga muvofiq yo’nalishda rivojlanishini ta’minlashda qo’llaniladigan huquqiy usullar hamda vositalar yig’indisi tushuniladi.
Mehnat huquqining uslublari deganda mehnat huquqiy munosabatlarni tartibga solish shakllari va vositalari yig’indisi tushuniladi.
Hozirgi paytda mehnat munosabatlarini tartibga solish uslubi quyidagi asosiy jihatlari bilan tavsiflanishi mumkin :
a) Mehnat huquqining predmeti sanaluvchi ijtimoiy munosabatlarni markazlashgan holda (davlat qonun hujjatlari yordamida) va lokal yo’l bilan (korxona va tashkilotlarning o’zlari ishlab chiqqan normalar orqali) tartibga solinishi;
b) Mehnat munosabatlarini shartnomaviylikka, tavsiyaviylikka va imperativ tusga ega normalar bilan tartibga solinishi;
v) Mehnat munosabatlari tartibga solinishida xodimlar va ularning vakillik organlari ishtirok qilishi;
g) Mehnat huquqlari buzilgani taqdirda huquqiy himoyani o’ziga xos usul va vositalar bilan amalga oshirilishi.
Mehnat huquqining predmeti sanaluvchi ijtimoiy munosabatlar markazlashgan holda (davlat qonun hujjatlari yordamida) va lokal yo’l bilan (korxona va tashkilotlarning o’zlari ishlab chiqqan normalar orqali) tartibga solish orqali davlat ijtimoiy mehnat munosabatlarini boshqaradi, umumiy tamoyil va qoidalarni belgilash bilan birga har bir mintaqa, tarmoq, korxonaga xos bo’lgan xususiyatlarni hisobga oladi, umumiy manfaat bilan ayrim korxona manfaatlarini o’zaro uyg’un bo’lishiga erishadi.
O’zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 4-moddasida qayd etilganidek:
Xodimlar uchun mehnat huquqlarining va kafolatlarining eng past darajasi qonunlar bilan belgilab qo’yiladi.
Qonunlardagiga nisbatan qo’shimcha mehnat huquqlari va kafolatlari boshqa normativ hujjatlar, shu jumladan, shartnoma yo’sinidagi hujjatlar (jamoa kelishuvlari, jamoa shartnomalari, boshqa lokal hujjatlar), shuningdek xodim va ish beruvchi o’rtasida tuzilgan mehnat shartnomalari bilan belgilanishi mumkin.
Mehnat haqidagi kelishuvlar va shartnomalarning shartlari, agar qonunda boshqa holat ko’rsatilmagan bo’lsa, bir taraflama o’zgartirilishi mumkin emas. Mehnat to’g’risidagi qonunlar va boshqa normativ hujjatlar bilan tartibga solinmagan masalalar mehnat to’g’risidagi shartnoma taraflarining kelishuvi asosida, o’zaro kelishilmagan taqdirda esa - mehnat nizolarini ko’rib chiqish uchun belgilangan tartibda hal qilinadi.
Mehnat munosabatlarini qonunlar va qonun hujjatlari bilan tartibga solinishida barcha darajadagi davlat organlari (Oliy Majlis, markaziy ijroiya organlar, tarmoq vazirliklari va idoralari, mahalliy davlat hokimiyati organlari) o’z vakolatlari va vazifalari doirasida ishtirok etadilar.
Korxona va tashkilotlarning lokal normalari orqali u yerdagi ish vaqti va dam olish vaqti rejimi, xodimlarga beriladigan qo’shimcha kafolat va yengilliklar belgilab beriladi.
Korxonalarning lokal normalari ko’pchilik hollarda shartnomaviy yo’sinda bo’ladi, ya’ni xodim va ish beruvchi (xodimlar vakillik organi va ish beruvchi) o’rtasida mehnatni tashkil qilish, uni tartibga solish, huquq va majburiyatlar belgilash masalalari yuzasidan o’zaro kelishuv va shu kelishuvga ko’ra o’rnatilgan tartib-qoidalarni o’zida ifodalaydi. SHartnomaviy yo’sindagi kelishuvlar orqali o’rnatilgan qoidalar bir tomonlama bekor qilinishi mumkin emas va ular faqat tomonlar kelishuviga ko’ra yoxud sud tartibida o’zgartirilishi (bekor qilinishi) mumkin bo’ladi.
Tavsiyaviy normalar orqali ijtimoiy mehnat munosabatlarini tartibga solishda taraflar uchun maqsadga muvofiq vositalar tavsiya qilinadi va shu yo’l bilan jamiyat uchun foydali bo’lgan yo’llar taklif qilinadi.
Mehnat munosabatlari chog’ida buzilgan huquqlarni himoya qilishning o’ziga xos xususiyati bu sohada kasaba uyushmalariga huquq va vakolatlar berilganligi bilan, mehnat nizolari yuz berganida xodim huquqlari ish beruvchining huquqlariga nisbatan ustuvorroq deb qaralishida va xodimga imtiyozliroq sharoit yaratilganida ko’zga tashlanadi.
Yakka mehnat nizolarining odatdagidan farqli ravishda korxonaning bevosita o’zida tashkil etilgan organ (Mehnat nizolari komissiyasi) tomonidan ham himoya qilinishi mumkinligi mehnat huquqi uslubini belgilab beruvchi jihatlardan sanaladi.
Mehnat huquqining vazifalari davlat, jamiyat shaxs o’rtasidagi munosabatlarda ular manfaatlarini o’zaro muvofiqlashtirish hamda uyg’unlashtirishdan iboratdir.
Mehnat huquqi fani nazariyasi mehnat huquqi qonunchilik tarmog’i vazifasini va fanning vazifasini bir-biridan farqlaydi. Ularning har ikkisi ham jamiyatdagi ishlab chiqarish munosabatlarini tartibga solish, iqtisodiy rivojlanishni ta’minlash, kishilar moddiy-turmush sharoitlarini muntazam yaxshilab borishdan iborat umumiy vazifalarni bajaradi. SHu bilan birga ular oldida o’ziga xos vazifalar ham turadi.
Mehnat qonunchiligining asosiy vazifalari O’zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 2-moddasida belgilab qo’yilgan bo’lib, ular xodimlar, ish beruvchilar, davlat manfaatlarini e’tiborga olgan holda, mehnat bozorining samarali amal qilishini, haqqoniy va xavfsiz mehnat shart-sharoitlarini, xodimlarning mehnat huquqlari va sog’lig’i himoya qilinishini ta’minlaydi, mehnat unumdorligining o’sishiga, ish sifati yaxshilanishiga, shu asosda barcha aholining moddiy va madaniy turmush darajasi yuksalishiga ko’maklashadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |