4-topshiriq. Maqolani o‘qing. Maqolada qo‘llanilgan iqtisodiy so‘z va terminlarni ajratib yozing va ularning sinonimlarini toping.
O‘zbekiston - Osiyo taraqqiyoti banki:
hamkorlik istiqbollari
Mamlakatimizda ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarni izchil amalga oshirish, milliy iqtisodiyotni yangi davr darajasiga ko‘tarish, eksportga yo‘naltirilgan ishlab chiqarish tarmoqlarini rivojlantirish va jahon iqtisodiyoti integratsiyasiga jadal kirib borishda xalqaro moliyaviy tashkilotlar bilan hamkorlik qilishni va ularning resurslaridan foydalanishni taqozo etadi.
Insoniyat XXI asrga qadam qo‘yar ekan, bu davrda shakllanayotgan iqtisodiy munosabatlar bir mamlakat doirasidan chiqib, xalqaro miqyosida o‘zaro manfaatli aloqalarni tashkil etilishi darajasiga bog‘liq bo‘lib qolmoqda.
Rivojlangan mamlakatlar tajribasidan ko‘rishimiz mumkinki, iqtisodiy taraqqiyotni ta’minlash uchun mavjud ichki resurslardan tashqari, xalqaro moliyaviy tashkilotlar resurslaridan foydalanish ham asosiy omillardan biri hisoblanadi. Shu bilan birga, bugungi kunda rivojlangan mamlakatlar va xalqaro moliyaviy tashkilotlar o‘z investitsiyalarini rivojlanayotgan va xom ashyo hamda mehnat resurslari ko‘p bo‘lgan mamlakatlarga joylashtirish istagini bildirmoqdalar.
Binobarin, Prezidentimiz I.A.Karimov ham 2005 yil yanvar oyida bo‘lib o‘tgan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va Senatining qo‘shma majlisida so‘zlagan nutqida «Xalqaro valuta fondi, Jahon banki va Osiyo taraqqiyot banki hamda boshqa yirik, nufuzli xalqaro moliya va iqtisodiyot tuzilmalari, tashkilotlari bilan hamkorlik kelgusida ham tashqi siyosatimizning ustuvor yo‘nalishlaridan bo‘lib qolaveradi. Yurtimizda amalga oshirilayotgan yangilanish va iqtisodiy islohotlar jarayonida ushbu tashkilotlarning roli va o‘rni benihoya katta» ekanini ta’kidlab o‘tdi.
Respublikamizning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishi, asosan tarkibiy o‘zgarishlarni amalga oshirishni, iqtisodiyotni, xom ashyo yetkazib berish tizimidan tayyor mahsulotlar ishlab chiqaruvchi texnologiyalarni joriy etishni, milliy bozorlarni o‘z mahsulotlarimiz bilan to‘ldirish bilan birgalikda eksportbop muhsulotlar ishlab chiqarishni, buning uchun esa, tashqi investitsiyalarni jalb qilish va ulardan samarali foydalanishni taqozo etmoqda.
O‘zbekiston xalqaro moliyaviy tashkilotlar bilan munosabatlarni boshlagandan buyon moliyaviy va kredit aloqalarini to‘g‘ridan-to‘g‘ri yo‘lga qo‘yishni kengaytirishga, asosan moliyaviy barqarorlikni ta’minlash, infratuzilmani rivojlantirish, kichik va xususiy biznes subyektlarini, turli investitsion loyihalarni moliyalashtirishga alohida e’tibor qaratishi natijasida moliyaviy tashkilotlar resurslaridan samarali foydalanishga erishildi.
Kelajakda mamlakatimiz iqtisodiyoti rivojini tashqi dunyosiz tasavvur qilib bo‘lmaydi. Biz milliy iqtisodiyot bilan jahon iqtisodiyoti uyg‘unlashib, tovarlar va xizmatlar bozorida raqobat muhiti xalqaro miqyosga ko‘tarilayotgan davrda yashayapmiz. Mamlakatning rivojlanish darajasi ko‘p jihatdan iqtisodiyotning xalqaro iqtisodiy munosabatlarda egallagan o‘rniga bog‘liq bo‘lib qolmoqda. Buning uchun mamlakatimizdagi har bir ishlab chiqaruvchi subyekt o‘z faoliyatini dunyo miqyosida raqobat qiladigan darajada tashkil qilishi kerak bo‘ladi.
Shuningdek, mamlakatimizda xalqaro moliyaviy tashkilotlar kreditlarini kengroq jalb qilish va ulardan samarali foydalanishda real sektorlar hamda yo‘nalishlarni belgilash, ular bilan teng huquqli va ko‘p tomonlama manfaatli hamkorlik o‘rnatilishi lozim.
O‘zbekiston Respublikasining Xalqaro moliyaviy tashkilotlar bilan munosabatlarini rivojlantirish, ushbu tashkilotlarning imtiyozli kreditlarini ko‘proq jalb qilish uchun o‘zaro manfaatlar ta’minlansa, bu albatta mamlakatimiz iqtisodiyotining rivojlanishiga, jahon hamjamiyatiga tezroq qo‘shilishiga katta ta’sir ko‘rsatadi. Bugungi kunda xalqaro moliyaviy tashkilotlar, shuningdek, Osiyo taraqqiyot banki bilan o‘rnatilgan munosabatlarni rivojlantirish iqtisodiy islohotlarni amalga oshirishning asosiy omillaridan biri hisoblanadi.
Osiyo taraqqiyot banki ESKATO (BMTning Osiyo va Tinch okeani bo‘yicha ijtimoiy va iqtisodiy komissiyasi)ga a’zo davlatlarning tashabbusi bilan 1966 yilda tashkil etildi. Bankning mablag‘lari asosan ikki yo‘nalishda - maxsus fond orqali va oddiy fond orqali beriladi. Maxsus fond mablag‘lari kam rivojlangan a’zo mamlakatlarga imtiyozli kredit berish va texnik yordam ko‘rsatish uchun yo‘naltirilsa, oddiy fond mablag‘lari esa tijorat yo‘nalishidagi kreditlar yuqori foiz stavkasi bilan 10-25 yilga beriladi.
Osiyo taraqqiyot banki delegatsiyasining 1995 yilda O‘zbekistonga qilgan tashrifi o‘zaro hamkorlik munosabatlarining boshlanishiga sabab bo‘ldi va ushbu delegatsiya a’zolari respublikamizda amalga oshirilayotgan islohotlarga ijobiy baho bergani holda Markaziy Osiyoda tutgan o‘rnini o‘rganib chiqib, bankka a’zo bo‘lish to‘g‘risida o‘z taklifini bildirgan edi va O‘zbekiston mazkur bankka mintaqada 15, a’zo mamlakatlar ichida 22-yirik aksiyador sifatida a’zo bo‘lib kirdi.
Do'stlaringiz bilan baham: |