A. 2,4,6,8,9 B. 1,3,5,7 C. 1,4,5,7,9 D. 2,3,6,8,9
Mavzuni mustahkamlash uchun savollar
Parazit infuzoriyalardan qaysilarini bilasiz?
Infuzoriyalarning eng yirigi qaysi tur?
Stilonixiya qanday harakat qiladi?
So’ruvchi infuzoriyalarning oziqlanishini tushuntiring?
Suvoykani tuzilishi va hayot tarzini aytib bering?
KO’P HUJAYRALI HAYVONLAR KICHIK OLAMI (METAZOA)
G’OVAKTANLILAR TIPI – SPONGIA ET PORIFERA
G’ovaktanlilar past taraqqiy etgan ko’p hujayralilar bo’lib, aksariyati dengizlarda, ayrimlari chuchuk suvlarda o’troq holda hayot kechiruvchi hayvonlardir. Ularning ko’pchiligi koloniya, ba’zilari yakka holda yashaydi.
G’ovaktanlilarda organ va to’qimalar juda kam ixtisoslashgan. Nerv sistemasi ham bo’lmaydi. Ushbu xususiyatlar ularning past taraqqiy etganligini ko’rsatadi.
G’ovaktanlilarning tana skeletini tarkibi asosan CaCO3 dan yoki SiO2 dan iborat. Ayrim guruhlarining ushbu tarkibdagi skeletiga ma’lum miqdorda spongin deb ataluvchi organik birikma (tarkibi va xususiyati jihatidan ipak tolasiga o’xshash) ham qo’shilgan bo’ladi. Ba’zi oddiy g’ovaktanlilarning skeleti to’la spongindan tashkil topadi.
G’ovaktanlilarning koloniya holida yashovchilarini tanasi aniq shaklga ega emas, lekin yakka yashovchilarini tana shakli ko’zachasimon, sharsimon yoki xaltachasimon bo’ladi. Tanani tashqi yuzasini qoplab turuvchi qatlam dermal, ichki yuzasini gastral qavat deb yuritiladi. Ushbu qavatlar ektoderma va endoderma qavatlari rolini bajaradi. Ikkala qavat orasi mezogleya deb ataluvchi strukturasiz massadan iborat.
G’ovaktanlilarning tanasi morfologik tuzilishi jihatidan askon, sikon va leykon xillarda bo’ladi.
Askon xili eng sodda tuzilishga ega bo’lgan g’ovaktanlilar uchun xosdir, ya’ni ularning dermal qavati pinakositlar, gastral qavat xoanositlar (yoqachali xivchinli hujayralar) dan iborat. Ular orasidagi mezogleya qalin bo’lmaydi.
G’ovaktanlilarning tana yuzasida juda ko’p teshikcha (pora) lar bo’ladi. Ushbu teshikchalar nozik kanalcha orqali paragastral bo’shliq bilan aloqada. Sikon va leykon tipidagi morfologik tuzilishga ega bo’lgan g’ovaktanlilarda esa xoanositli qavat bir yoki bir necha qator kameralar hosil qilib, mezogleyaga botib kirib joylashadi. Bunday g’ovaktanlilarning paragastral bo’shlig’ining devori pinokositlar bilan qoplangan bo’ladi. Mezogleyaga botib kirgan xoanositli kameralar olib keluvchi va olib ketuvchi kanalchalar yordamida atrof muhit va paragastral bo’shliq bilan bog’langan bo’ladi.
G’ovaktanlilarning morfologik shakllari tuzilishlarini o’zaro taqqoslaydigan bo’lsak, ushbu hayvonlarning evolyutsiyasi oddiy tuzilishdan murakkablashuv tomonga qarab borganligini ko’ramiz.
G’ovaktanlilar mezogleyasida ma’lum vazifalarni bajarishga moslashgan har xil hujayralar jumladan kollensitlar, skleroblastlar, amyobasitlar, arxeositlar, pigment hujayralar kabilarni farq qilish mumkin. Ushbu hujayralar orasida arxeositlar universal hujayra hisoblanadi, chunki ular boshqa barcha turdagi hujayralarga aylanishi mumkin. Kollensitlar tanada tayanch vazifani bajarsa, skleroblastlar ichida skelet elementlari (spikula) ni hosil qiladi.
Pinakositlar tana yuzasini va kanalchalarning ichki yuzasini qoplab turuvchi yassi va silindrsimon epiteliy hujayralaridan iborat, xoanositlar esa oziqani ushlash va qisman hazm qilishda ishtirok etsa, harakatchan amyobasitlar oziqni hazm qilish va ba’zan xoanositlarga aylanish vazifasini ham bajaradi. Umuman olganda g’ovaktanlilarda bir tur hujayra boshqa turdagi hujayraga aylanishi mumkin. Ushbu xususiyat ham g’ovaktanlilarni past taraqqiy etgan ko’p hujayralilar ekanligini ko’rsatadi.
G’ovaktanlilar ikki usulda-jinssiz va jinsiy ko’payadi. Jinssiz ko’payishi tashqi va ichki kurtaklanish bilan amalga oshadi. Tashqi kurtaklanishda gavda sirtida ikkala qavatni va paragastral bo’shliqni bir qismini o’z ichiga olgan kichik shish hosil bo’ladi. U o’sib, oskulum hosil qiladi va shu joyning o’zida yashab qoladi hamda koloniyaning bir individiga aylanadi. Yakka holda yashovchi g’ovaktanlilarda esa kurtak ona tanadan ajralib, substratga o’tirib, yosh individga aylanadi va mustaqil hayot kechiradi.
Ichki kurtaklanish chuchuk suv bodyagasi va boshqa ayrim dengiz g’ovaktanlilarida uchraydi. Ichki kurtaklanish yo’li bilan jinssiz ko’payish asosan kuzda sodir bo’ladi, ya’ni mezogleyadagi arxeositlar to’planib, gemmula deb ataluvchi yumaloq kurtakni hosil qiladi. Gemmula amyobasitlardan hosil bo’lgan ikki qavat po’st bilan o’raladi. Ushbu po’st qavatlari orasida skleroblastlardan hosil bo’lgan amfidisklar bir qator ko’ndalang va zich joylashgan bo’ladi. Ona koloniya halok bo’ladi. Gemmula suv tubiga cho’kib qishlaydi. Bahorda uning po’sti yorilib, arxeositlar tashqariga chiqib, substratga o’tirib, yangi individlarga aylanadi.
G’ovaktanlilarning aksariyati germafrodit, ba’zilari ayrim jinsli. Mezogleyadagi arxeositlardan jinsiy hujayralar yetishadi. Bunday hujayralar xoanositli qavat asosida joylashib oladi. Urug’ hujayralari (spermatozoidlar) yetilib, xoanositli kameraga, undan olib ketuvchi kanalchalar orqali paragastral bo’shliqqa va nihoyat oskulum orqali suvga chiqib, boshqa g’ovaktanli mezogleyasida yetilgan tuxum hujayrani topib, urug’lantiradi. Ohakli g’ovaktanlilarda urug’langan tuxum rivojlanib amfiblastula lichinkasini hosil qiladi. Kremniyli va shox moddali g’ovaktanlilarda esa urug’langan tuxum hujayrasi parenximula deb ataluvchi lichinkani hosil qiladi.
G’ovaktanlilar tipi 5000 ga yaqin turlarni o’z ichiga oladi hamda ohakli g’ovaktanlilar (Calcarea), kremniyli g’ovaktanlilar (Hyalospongia) va oddiy g’ovaktanlilar (Demospongia) sinflariga ajraladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |