O’ZBEKISTON RESPUBLIKASI OLIY VA O’RTA MAXSUS
TA’LIM VAZIRLIGI
ALISHER NAVOIY NOMIDAGI SAMARQAND DAVLAT
UNIVERSITETI
N. Hakimov, E. Abdullayev, F. Halimov, A. Xamidova
UMURTQASIZLAR ZOOLOGIYASIDAN AMALIY MASHG’ULOTLAR
Oliy o’quv yurtlari biologiya va ekologiya yo’nalishi bakalavriat
bosqichi uchun o’quv qo’llanma sifatida tavsiya etilgan
SAMARQAND - 2010
Ma’sul muharrir: Nizomiy nomidagi Toshkent Davlat pedagogika
universiteti zoologiya, anatomiya va fiziologiya
kafedrasi professori, biologiya fanlari doktori
Ochil Mavlonov
Taqrizchilar: Samarqand Davlat universiteti ekologiya va agrokimyo
kafedrasi mudiri, biologiya fanlari doktori, professor
Izzatullayev Z.I.
Samarqand qishloq xo’jalik instituti hayvonlar
kasalliklari va parazitologiya kafedrasi professori,
veterinariya fanlari doktori Salimov B.S.
SO’Z BOSHI
Oliy o’quv yurtlarida biologiya yo’nalishi bo’yicha malakali mutaxassislarni tayyorlashda umurtqasizlar zoologiyasidan olib boriladigan amaliy mashg’ulotlar muhim o’rin tutadi. Chunki hayvonlar uchun xos bo’lgan morfologik belgilarni faqat amaliy mashg’ulotlarda o’rganish mumkin. Bundan tashqari, amaliy mashg’ulotlar ma’ruza darslarida olingan nazariy bilimlarini yanada kengaytirishga imkon beradi. Shu sababdan, zamonaviy talablarga javob beradigan, talabalarning mustaqil ishlay olishi uchun zarur bo’lgan o’quv materiallari va uslublarni o’z ichiga olgan o’quv qo’llanmalarni yaratish va o’quv jarayoniga tadbiq etish zarur. Lekin, hozirgi kunda umurtqasizlar zoologiyasi bo’yicha laboratoriya va amaliy mashg’ulotlarni o’tishga mo’ljallangan o’quv va uslubiy qo’llanmalar yaratilmagan. Mavjud o’quv va uslubiy qo’llanmalar soni esa juda kam bo’lib, zamonaviy pedagogik texnologiyalar talablariga javob bermaydi.
Umurtqasizlar zoologiyasidan amaliy mashg’ulotlar uchun mo’ljallangan ushbu o’quv qo’llanma Respublika Oliy va o’rta maxsus ta’limi vazirligi tavsiya etgan o’quv dasturi asosida yozilgan bo’lib, unda 30 ta mavzuga ishlanma berilgan. Har bir mavzu dastlab o’rganilishi lozim bo’lgan hayvonlarning sistematik o’rni, mavzuning rejasi, maqsadi va vazifalari, kerakli jihozlar, uslublar, ishning mazmuni, o’rganilayotgan hayvonlarning tashqi va ichki tuzilishi hamda ularning rasmlardagi ifodasi, test topshiriqlari, materialni mustahkamlash va takrorlash uchun savollar keltirilgan.
Qo’llanmada O’zbekiston faunasida mavjud bo’lgan va nisbatan keng tarqalgan turlarga asosiy e’tibor berilgan.
O’quv qo’llanmani yozishda mualliflar so’ngi yillar davomida o’zbek va rus tilida chop etilgan darslik va qo’llanmalardan, xususan O.Mavlonov, Sh. Xurramov, X.Eshovalarning «Umurtqasizlar zoologiyasi» (2007) darsligi, Z.N.Norboyevning «Umurtqasiz hayvonlar zoologiyasidan amaliy mashg’ulotlar» (1991), E.Raxmonovaning «Umurtqasiz hayvonlar zoologiyasidan praktikum» (1976) va boshqa risolalardan foydalanildi.
Qo’llanma Oliy o’quv yurtlari biologiya va ekologiya fakultetlari bakalavriat bosqichi talabalari uchun mo’ljallangan.
Mualliflar
Do'stlaringiz bilan baham: |