206-guruh talabasi Ergasheva Kamola
Mavzu: O’zbekistonda etnosotsiopragmatikaga oid olib borilgan tadqiqotlar
Reja:
1. .Etnosotsiopragmatika fani va uning O’zbekistonda o’rganilishi va Shaxriyor Safarovning “Pragmalingvistika” kitobi hamda ushbu fanga bildirgan fikrlari va takliflari..
2. Abdulhamid Nurmonovning izlanishlari va pragmatikaga oid olib borgan tadqiqotlari.
3. Turdiyeva Gavhar Nizomovnaning sifatning pragmatik xususiyatlarini o’rganishi haqida
Bu fan O’zbekistonda yangi o’rganilayotgan fanlardan biridir. Etnosotsiopragmatika fani bo’yicha O’zbekistonda olib borilgan tadqiqotlarni o’rganishdan avval ushbu fan haqida ma’lumotga ega bo’lishimiz kerak. Nutqni ham lisoniy,ham etik-etnografik xususiyatlarini olgan holda tadqiq etish natijasida sotsiolingvistikaning yangi tarmog‘i- etnosotsiolingvistika shakllandi va bugungi kunda jadal rivojlanmoqda.Shu tamoyil asosida lisoniy birliklardan ijtimoiy (sotsial) etnik omillarni hisobga olgan holda qay birini muayyan sharoitda qo‘llash ko‘proq samarali, ya’ni ta’sirchan ekanligini o‘rganuvchi etnosotsiolingvistikaning yangi bir tarmog‘i -etnosotsiopragmatika yoki pragmatik etnosotsiolingvistika shakllanmoqda va rivojlanmoqda.
Etnosotsiopragmatikaning lug’aviy ma’nosi- yunocha etnos “xalq,qavm”, lotincha sosio-“ijtimoiy mushtarak” va yunoncha pragma-“harakat, amaliyot” so’zlari birikishidan kelib chiqqan.
Etnosotsiopragmatikaning vazifalari:
1) muloqot jarayonining etnosotsiopragmatik tavsifi asoslari;
2)etnosotsiopragmatik tushuncha va kategoriyalarni aniqlash va ularni tavsiflash;
3) o‘zaro fikr almashinish jarayonini axloq-odob va etnik madaniyat me’yorlari bilan uyg‘unlashtirishning nazariy metodologik tamoyillarini ochish va tavsiflash;
4) serqirra muloqot jarayoni tabiatini belgilovchi xilma-xil omillarning o‘zaro uyg‘unlashish shart-sharoitlarini aniqlash va tavsiflashdan iborat. Keyingi yillarda o’zbek tilshunosligida lingvopragmatika va kognitiv tilshunoslik muammolari tadqiqiga e’tibor kuchaydi. Lingvopragmatik tadqiqotlar ichida, ayniqsa, matn pragmatikasi masalasi tilshunoslar e’tiborini o’ziga jalb etib kelmoqda. Bu sohada ayrim ishlar amalga oshirilgan bo’lsa-da, yechimini kutayotgan masalalar yo’q emas. Hozirgi davr tilshunosligi til sathi birliklarining kontekst, nutq vaziyati, til egalarining tashqi olam haqidagi umumiy bilimlari va til ko’nikmalari kabi omillar bilan bog’liq tarzda yuzaga chiquvchi bevosita kuzatishda berilmagan ichki imkoniyatlarini o’rganishga jiddiy e’tibor qaratmoqda.
O’zbek tilshunosligida pragmalingvistika muammolari
XIX asr oxiri XX asr boshlarida Ch.Pirs, U.U.Djems, D.Dyun, Ch.Morris asarlarida o’rtaga tashlangan pragmatik yo’nalish g’oyalari keyingi yillarda yanada rivojlantirildi. Jumladan, o’zbek tilshunosligida o’tgan asrdan boshlab pragmatik tadqiqotlarga qo’l urildi va bu yo’nalishda Mahmudov, A.Nurmonov, M.Hakimov, U.Rahimov, D.Lutfullayeva, Sh.Safarov, M.Haynazarova, Negmatov H., Vohidova N., Toirova G., Z.Burhonovlarning u yoki bu yo’nalishdagi pragmatik tadqiqotlari yuzaga keldi
Lingvistik semantikaning kuchayishi lingvistik pragmatikaning shakllanishi va rivojlanishiga zamin yaratdi.O’zbek tilshunosligida ham o’tgan asrning 80-yillaridan boshlab semantik va Pragmatik tadqiqotlar mutaxasislar diqqatini tortdi.N.Muhammadovning “ O’zbek tilidagi sodda gaplarning semantik-staktik asimmetriyasi , M.Hakimovning “O’zbek tilida matnning pragmatik talqiniga bag’ishlangan tadqiqotlar maydonga keldi.
Pragmatik tadqiqotlarda asosiy e’tibor til birligining kontekst, nutq vaziyati, til egalarining voqelik haqidagi umumiy bilimlari va til ko’nikmalari kabi nolisoniy omillar bilan bog’liq jihatiga qaratiladi. Hatto kishilar o’rtasidagi munosabatni ifoda etuvchi nutqiy etiketlar, nutqning ijtimoiy xoslanishi, ifodaning subyektiv modal aspektiga aloqador kirish, baho bildiruvchi so’z va vositalar, insonning ichki subyektiv ruhiyatini ifoda etuvchi diskurs hamda presuppozitsiya hodisasi ham pragmatikaning o’rganish ob’ekti hisoblanadi. Anglashiladiki, pragmatik tadqiqotlar til birligining nolisoniy omillar bilan bog’liq bevosita kuzatishda berilmagan imkoniyatlarini yuzaga chiqarishga yordam beradi.
O’zbek tilshunosligida ilk bor lingvopragmatikaning obyekti,mundarijasi, atamalar tizimi haqida M.Hakimov ma’lumot berdi.
O’zbek tilshunosligida pragmalingvistika masalalariga bag’ishlanganayrim tadqiqotlar asar bibliyografyasida ko’rsatiladi, lekin asarning ichida bu tadqiqotlar nima uchundir tahlilga tortilmaydi.
Xususan, M.Hakimovning “O’zbek tilida matnning pragmatik talqini” mavzusidagi doktorlik dissertatsiyasida nutqiy akt, tagbilim va tagma’no singari masalalar yuzasidan o’zbek tilshunosligi tarixida ilk marta fikr-mulohazalar yuritilgan edi.Muallif o’rni bilan shu mulohazalarga munosabat bildirganda asarning obyektivligi yana ham oshgan bo’lar edi.
Etnosotsiopragmatikaga oid tadqiqotlarni olib borgan yetakchi olimlardan biri bu Shahriyor Safarovdir.Shahriyor Safarovning “Pragmalingvistika” nomli kitobi tilshunoslik fanining nisbatan yangi sohasi bo’lgan pragmalingvistika fanining bugunga qadar erishgan yutuqlarini umumlashtirish,uning istiqboli haqidagi nazariy qarashlarni ilmiy tahlil etishga bag’ishlangan.Bu tadqiqot pragmalingvistikaning “zaruriyatlari” bo’lmish etnopragmatika, sotsiopragmatika, qiyosiy pragmatika va boshqa qator ilmiy yo’nalishlarning mazmun-mohiyati va amiy ahamiyati to‘g’risida keng ko’lamdagi ilmiy materiallar jamlangan dastlabki tajribalardir.
Sh.Safarovning pragmatikaning mohiyati, o’rganilish obyekti to’g’ri va aniq chegaralamoq uchun bu fanning metogologiyasini belgilamoq lozimligini to’g’ri ko’rsatadi.Uning fikricha pragmatikani tilshunoslikning mustaqil sohasi sifatida ajratish va uning o’rganish obyekti,predmetini aniqlash uchun lisoniy birliklarning turli kommunikativ muhitda pragmatik qiymati, mundarijasining namoyon bo’lishini ta’minlovchi okullarını izlamoq darkor. Lisoniy birliklarning har qanday sharoitda namoyon bo’ladigan belgilari ularning ontologik va vazifaviy xususiyatlari namunasidir.Pragmalingvistik tadqiq metodologiyasi, birinchidan o’z falsafiy asosiga ega bo’lishi kerak bo’lsa, ikkinchidan huddi shu xususiyatlarni (ontologik va vazifaviy) aniqlash imkoniyatini yaratmog’i lozim.
Sh.Safarov pragmalingvistikaga berilgan ta’riflarni umumlashtirib, tadqiqotchilarning bu boradagi asosiy g’oyalarini quyidagicha tasniflaydi:
-kommunikativ faoliyat tavsifining tayanch nuqtasi faoliyat tushunchasidir;
-lison muloqot ishtirokchilarining o’zaro munosabatini harakatga keltiruvchi vositadir;
Ma’lumki, bevosita muloqot muhiti, asosan, matnda o’zining bor imkoniyatlari va xususiyatlarini namoyon etadi. Shunga ko’ra lingvistik birliklarning pragmatik xususiyatlarini o’rganish matn lingvistikasini chuqur o'rganishni talab etadi. Zero, so’zlovchining axborot uzatishdan maqsadi, tinglovchining axborotni qanday qabul qilganligini matnda yanada aniqroq bilishimiz mumkin. Bugungi kunda matnni tadqiq etish pragmalingvistika yo’nalishiga bo’lgan e’tiborning kuchayishi bilan yanada avj oldi. Qator tadqiqotlar matn qurilishi, unda o’z imkoniyatlarini topgan kategoriyalar,matnning kognitiv xususiyatlariga bag’ishlandi. Jumladan, S.Boymirzayevaning «Matn modalligi», «Matn mazmunida temporallik semantikasi» nomli monografiyasi, Sh.Turniyozovaning «Hozirgi o’zbek tilida matn shakllanishining derivatsion xususiyatlari» mavzusidagi nomzodlik dissertatsiyasi, M.Yo’ldoshevning «Badiiy matn va uning lingvopoetik tahlili asoslari» nomli o’quv qo’llanmasi o’zbek tilida matn tilshunosligi oldidagi qator muammolarning yechilishiga turtki bo’ldi.
Abdulhamid Nurmonov o’zining qariyib 50yillik ilmiy faoliyati davomida tilshunoslikning deyarli barcha bo’limlari bo’yicha sistemaviylik tamoyili asosida qalam tebratdi.Pragmatikaga oid qilgan tadqiqotlaridan biri: So’zlovchi va tinglovchi o’zini qurshab turgan olam haqidagi ko’nikmalari asosida o’zaro aloqaga kirishadi va fikr almashadi.Muloqot jarayonida kommunikantlarning umumiy bilish manbaiga ega bo’lishi bevosita ifodalangan axborotning so’zlovchilar uchun tushunarli bo’lishini ta’minlaydi.Bu hodisa professor A.Nurmonov tomonidan tagbilim (presuppozitsiya) nomi bilan talqin etilgan va nazariy va ilmiy jihatdan asoslab berilgan.Pragmatikaning o’rganilish sohalaridan hisoblangan ushbu hodisa sodda gaplarni mazmunan murakkablashtiruvchi vosita sifatida ko’rsatib o’tiladi.Olim presuppozitsiyaning jahon va rus tilshunosligida o’rganilishi, uning ta’rifi, maqomi, tasnifi xususida, shuningdek o’zbek tilshunosligida ushbu yo’nalishning tadqiqi haqida o’z qarashlarini bayon etgan.
Nurmonov o’z kitobida lingvopragmatikaning ildizlari, nazariy asoslari haqida atroflicha bahs yuritish bilan birga, tilshunoslikning muhim nazariy masalalari yuzasidan shu kungacha bo’lgan xilma-xil qarashlarga tanqidiy baho bergan holda, o’zining fikr-mulohazalarini dadil o’rtaga tashlagan.
Shu kunga qadar mustaqil so’z turkumlarining, shu jumladan, sifatlarning pragmatik xususiyatlari maxsus o’rganilmadi. Buning natijasida gapning semantik qurilishida qo’llanishi zaruriy va zaruriy bo’lmagan xususiyatiga ega bo’lgan sifatlarning pragmatik vazifalariga munosabat bildirilmadi. Bu esa gap qurilishida alohida mavqega ega bo’lgan sifatlarning pragmatik vazifalarini o’rganish ehtiyojini tug’dirdi. Hozirgi kunda o’zbek tilshunosligida sifatlarning morfologik Xususiyatlari, semantikasi, sintaktik imkoniyatlari, sinonimiyasi kabi masalalar maxsus o’rganilgan. Ammo sifatlarning gapda pragmatik vazifa bajarishi, Jumladan, presuppozitsiyaga ishora qilishi va gapni semantik jihatdan Murakkablashtirishi masalasi alohida tadqiqot obyekti bo’lgan emas. Bu holat o’zbek tilshunosligida sifatlarning pragmatik vazifasini aniqlash muammosini o’rtaga qo’yadi. Bu mavzuda Turdiyeva Gavhar Nizomovna o’zining dissertatsiyasini yozdi. Dissertatsiyada quyidagilar yoritildi:
– O’zbek tilida pragmatik vazifa bajara oluvchi sifatlarni aniqlash, bunday sifatlarning gapda pragmatik vazifa bajarishi sabablarini o’rganish;
– O’zbek tilida sifatlarning presuppozitsiyaga ishora qilishi masalasiga oydinlik kiritish, bu turdagi sifatlarning presuppozitsiyaga ishora qilishi qonuniyatlarini belgilash;
– O’zbek tilida sifatlarning presuppozitsiyaga ishorasi asosida gapning semantik murakkablashuvi sabablariga aniqlik kiritish; O’zbek tilida sifatlarning baho munosabatini ifodalash xususiyatini aniqlash, shunga ko’ra mazkur til birliklarining nutqda faol va unumli qo’llanishini belgilash.
Dissertatsiyada quyidagi natijalarga erishildi:
– O’zbek tilshunosligida sifatlarning pragmatik xususiyati muammosi ilk marta maxsus tadqiqot obyekti sifatida o’rganildi;
– O’zbek tilidagi sifatlarning pragmatik tabiatini o’rganish asosida ularning gapni semantik jihatdan murakkablashuvi qonuniyatlari ochib berildi;
– Sifat turkumiga mansub so’zlar ishtirokidagi gaplarda yashirin ifodalanuvchi axborotlar aniqlanib, ularning nutqda amal qilish sabablari ko’rsatildi;
– Sifatlarning presuppozitsiyaga ishorasi asosida gapda zidlik, qiyos munosabatlarining shakllanishi aniqlandi.
Xulosa.
Pragmatik tadqiqotlarning barcha til sathi birliklariga tatbiq etilishi til tizimi va uning birliklariga xos ko’zga ko’rinmas jihatlarni aniqlash imkonini tug’diradi. Hozirgi kunda o’z tadqiq obyektiga ega fonopragmatika, morfopragmatika, leksopragmatika, sintaktik pragmatika yo’nalishlari pragmatik xususiyatlarning barcha til sathi birliklarida namoyon bo’lishidan dalolat beradi.
Etnosotsiopragmatika O’zbekistonda o’rganilayotgan yangi fanlarning biri bo’lishiga qaramay quyidagi olimlar tomonidan o’rganilgan va hozir ham bu fan yuzasidan tadqiqotlar olib borilmoqda:
1.Safarov Sh., Toirova G. “Nutqning etnosotsiopragmatik tahlili asoslari”
2.Shahriyor Safarov “Pragmalingvistika”
3.Nurmonov A., Hakimov M., “Lingvistik pragmatikaning nazariy shakllanishi”
4.Burxonov Z., “Lingvistik presuppozitsiya pragmatik muammo sifatida”
5.Boymirzayeva S. “Matn modalligi”
6.Safarov Sh., Shishkina “Kommunikativno- pragmaticheskiye”
7.Mo’minov S. “O’zbek muloqot xulqining jins jihatdan xoslanishi”
8.Bozorov O. “O’zbek tilida gapning kommunikativ (aktual) tuzilishi”
9.Mo’minov S., Rasulov Q. “Kommunikantlarning ijtimoiy roli va nutqiy muloqot haqida”
10.Ismoilov “ Axborot so’zlashda madaniy faktorning o’rni.
11. M.Hakimovning “O’zbek tilida matnning pragmatik talqini”
12.Safarov Sh.”Kognitiv tilshunoslik”.
13.Burxonov Z. “O’zbek tilida ko’makchilar va ularga vazifadosh kelishiklar pragmatikasi”.(presuppozitsion aspekt) va boshqa olimlarning kitoblarini misol qilib keltirishimiz mumkin.
Etnosotsiopragmatik fanini yanada chuqur o’rganish va talabalar orasida bu fanning maqsad va vazifalarini yanada mufassal bilish uchun yana qo’shimcha adabiyotlar kerak deb o’ylayman.Shuningdek, chet elda olib borilgan tadqiqotlarni o’zimizning tilimizga solishtirib, taqqoslasak ham maqsadga muvofiq.Bu fan yuzasidan chet elda yaratilgan adabiyotlarni ko’proq tarjima qilish kerak.
Foydalanilgan adabiyotlar:
1. Shahriyor Safarovning “Pragmalingvistika”
2. Abdulhamid Nurmonov “Tanlangan asarlar”
3. Turdiyeva Gavhar Nizomovnaning dissertatsiyasi.
Do'stlaringiz bilan baham: |