ALISHER NAVOIY NOMIDAGI TOSHKENT DAVLAT O’ZBEK TILI VA ADABIYOTI UNIVERSITETI
O’zbek tili va adabiyoti fakulteti 206-guruh talabalari
“Etnosotsioprogmatika” fanidan tayyorlagan
MUSTAQIL ISHI
206-guruh talabasi Abduhamidova Sayyora
Mavzu: “Etnosotsiopragmatika fanining gnoseologiya fani bilan bog’liqligi”
Reja :
1. Gnoseologiya fani nima?
2. Gnoseologiya fani Etnosotsiopragmatika fani uchun ahamiyati.
3. Etnosotsiopragmatika fanining gnoseologiya fani bilan bog’liqligi”
Gnoseologiya yunoncha gnosis – «bilish», logos – «taʼlimot» soʻzlaridan olingan boʻlib, bilish haqidagi taʼlimot demakdir. Gnoseologiya umuman bilish nazariyasi, bilish falsafasi sanaladi. U insonning bilish tabiati va imkoniyatlari, bilimning voqelikka munosabatini oʻrganuvchi, uning haqiqiyligi va ishonchliligini aniqlash yoʻllari, usullari toʻgʻrisidagi falsafiy fandir.«Olam va odam» tizimida dunyoni anglash, subʼekt va obʼekt oʻrtasidagi munosabatlar dialektikasi gnoseologiyaning oʻrganish muammolari sanaladi. Insonning bilish faoliyatida nutq muhim ahamiyat kasb etadi. Jonzotlar ichida oliy zot sifatida insongagina, Pavlov taʼbiri bilan aytganda, ikkinchi signal sistemasi ato etilgan. Insondan boshqa jonzotlar faqat birinchi signal sistemasiga ega boʻlsa, inson akustik signallar orqali obʼektiv olam haqida maʼlumot uzatish va uni qabul qilish qobiliyatiga ham ega.Nutqiy faoliyat orqali inson oʻzi bevosita guvoh boʻlmagan narsa-hodisa, harakat-holat, belgi-xususiyatlar haqida axborotga ega boʻladi. Ajdodlar qoʻlga kiritgan hayotiy tajribalarni toʻplab, kelajak avlodga yetkazib beradi. Tilning ana shu vazifasi akkumulyativ vazifa sanaladi va oʻsha vazifasi bilan gnoseologik qimmatga ega boʻladi.
Til falsafiy jihatdan gnoseologik va ontologik tabiatga ega murakkab fenomendir. Ontologik tabiatga ega murakkab tilga gnoseologik nuqtai nazardan yondashilganda, birinchidan, insonning til orqali olamni bilishi, tilning obʼektiv borliq uzvlarini nomlash (onomosiologik) vazifasi, ikkinchidan, tilning shu til egalarining olam haqidagi bilimlari toʻplami ekani (akkumulyativ vazifasi) yoritiladi. Tilning ontologik xususiyati deganda, uning oʻziga xos ichki tuzilishiga ega obʼektiv hodisa ekani tushuniladi. Tilning ontologik tabiati gnoseologiya uchun asos boʻlib xizmat qiladi. Chunki til haqidagi fan tilning ontologik tabiati haqidagi fandir. Shuning uchun falsafada ontologiya va gnoseologiyaning bir-biri bilan uzviy bogʻliq ekani eʼtirof etiladi. Har qanday fan asosida kishilarning olamni bevosita kuzatishi yotadi. Inson oʻzini qurshab turgan olam uzvlarini sezgi organlari yordamida his qiladi, boshqalariga solishtiradi, farqli va oʻxshash belgilarini aniqlaydi, soʻngra muayyan xulosaga keladi. Demak, har bir fan insonlarning olamni kuzatishi, bilishi jarayonida, uning natijasida paydo boʻladi. Fanning asosi boʻlgan bilish uzoq vaqtlardan buyon mutafakkirlarni qiziqtirib keladi. Jumladan, bizning bobokalonlarimiz ham mazkur sohada oʻzlarining qimmatli fikrlarini bayon qilganlar. Dunyo allomalari ichida ikkinchi muallim nomi bilan mashhur boʻlgan Forobiy bilishning ikki darajasini ajratadi. Xususan, u «Ilmlarning kelib chiqishi toʻgʻrisida» («Ixso al-ulum») asarida ilmning kelib chiqish sabablari haqida fikr yuritib, quyidagilarni bayon qiladi: «Olamda substansiya (javhar) va aksidensiya (oraz) hamda substansiya va aksidensiyani yaratuvchi Marhamatli Ijodkordan boshqa hech narsa yoʻqdir». Forobiyning tilga olgan javhar va oraz haqidagi bu fikri bilish nazariyasida buyuk inqilob edi. Chunki bizni qurshab turgan olam va uning unsurlari javhar va orazlarning oʻzaro dialektik munosabatidan tashkil topgan.
Forobiy tilga olgan javhar va oraz tushunchalari ostida nima yotadi? Har qanday narsa dastlab bizning sezgi organlarimizga taʼsir qiladi. Ana shu sezgi organlarimiz yordamida his qilish mumkin boʻlgan belgilar oraz sanaladi. Oraz Aristotel falsafasidagi aksidensiyani bildiradi. Forobiyning tushuntirishicha, orazni besh sezgi organlari yordamida his etamiz. Xususan, rang koʻrish sezgi organi orqali; ovoz eshitish organi orqali; maza-taʼm maza sezgi organi orqali; predmetlarning holati: sovuq-issiqligi, qattiq-yumshoqligi tana sezgisi orqali, hid hidlash organi orqali his etiladi. Bu sezgi organlari insondan tashqari hayvonlarda ham mavjuddir. Demak, yuqoridagi sezgi organlari barcha jonzotlarga xos. Ular orqali har qanday jonzot oʻzini qurshab turgan olamni amaliy biladi, unga moslashadi. Har qanday fan amaliy bilish ustiga qoʻyilgan nazariy bilimga asoslanadi. Bilish esa falsafa fanining asosi sanaladi. Nazariy falsafa asoschisi I.Kant uning oʻrganish predmeti narsalar (tabiat va jamiyat) emas, balki insonning bilish faoliyatini ilmiy tekshirishdan, inson aqliy faoliyatini aniqlashdan iborat ekanini taʼkidlagandi. Falsafa insonning oʻz mohiyatini anglashi, borliqning turli sohalariga oid hodisa va voqealar haqida ularning tub mohiyatini ifodalaydigan umumiy xulosalar chiqarishi demak. Falsafiy tafakkur olamdagi narsa va hodisalarni fikrda umumlashtirib, oʻzaro bogʻliqlikda va rivojlanishda oʻrganish, ularning mohiyatini chuqurroq va toʻlaroq bilishdir. Falsafa markazida borliq va uni bilish muammosi yotadi. I.Kantning taʼkidlashicha, bizning ongimizdan tashqarida, unga bogʻliq boʻlmagan holda «narsalar olami» mavjud. Bunday narsalarni u «narsa oʻzida» deb nomlaydi. Bilish ana shu «narsa oʻzida»ning sezgiorganlarimizga taʼsiri natijasida yuzaga keladi. Uning fikricha, sezgi organlarimizga taʼsir qiladigan «narsa oʻzida»ning sir-asrorlarini bilish mumkin emas. Gegelning fikricha, dastlab olam va tafakkur ayniyati boʻlgan va bu ayniyat dunyoning substansional (zotiy) asosini tashkil etgan. Tafakkur faqat subʼektiv inson faoliyatiginamas, balki obʼektiv mohiyat, barcha mavjudotning birlamchi manbai boʻlgan. Tafakkur modda, tabiat holida oʻzini «begonalashtiradi». «Absolyut gʻoya»ning oliy taraqqiyot bosqichi «absolyut ruh», yaʼni insoniyat, insoniyat tarixi sanaladi.
Gegel tarixiy jarayonning dialektik xarakterini tadqiq qilarkan, til taraqqiyotiga alohida ahamiyat beradi. U tilni nazariy aqlning yaratuvchisi hisoblaydi, chunki til uning tashqi ifodasi sanaladi.
Empirik bilishga asoslangan bilish yoʻnalishi empirizm sanaladi. Mazkur yoʻnalish bilishning yagona manbai sifatida jonli kuzatishni, sezgi aʼzolari orqali olingan bilimni, tajribani eʼtirof etadi. Bunday bilim mazmuni tajriba bergan maʼlumotlarni tavsiflashni oʻz ichiga oladi.Tilshunoslikda empirik metodga asoslangan tilshunoslik tavsifiy tilshunoslik deyiladi.
Tavsifiy tilshunoslikda har qanday tadqiqotning ibtidosi kuzatish sanaladi. Sezgi aʼzolari orqali kuzatishga berilgan faktik materiallar yigʻiladi. Inson tafakkuri nutq bilan uzviy aloqada maydonga keladi. Uning natijasi tilda belgilar sistemasi orqali oʻz ifodasini topadi. M.Born ilmiy bilishda tafakkurning muhim oʻrni haqida fikr yuritarkan, inson ongi tafakkur yordamida tabiat va tafakkur konunlari oʻrtasidagi garmoniya natijasida tabiat sirlariga yoʻl topishi mumkinligini taʼkidlaydi. Ilmiy bilishda oʻrganilayotgan obʼektni mavhumlashtirishda tafakkur shakllari – tushuncha, hukm, xulosalarga tayaniladi. Tushuncha hodisalarning ongda aks etgan eng muhim umumiy qonuniy aloqalari, muhim tomonlari va belgilarini aks ettiruvchi tafakkur shakli sanaladi. Masalan, odamning boshqa jonzotlardan farqlanib turish belgisi mehnat qurolini yasashdir. Shuning uchun ana shu belgi odam tushunchasini hosil qilishda asos boʻladi. Yoki daraxt tushunchasi zamirida tanadan shoxlanish belgisi yotadi va shu belgisi bilan unga yaqin boʻlgan tur butaga zidlanadi. Tushunchalar soʻzlar orqali ifodalanadi. Shuning uchun soʻz ifodalovchi va ifodalanmish birligidan tashkil topgan belgi sanaladi va bu belgining ifodalanmish tomoni tushuncha yoki konsept sanaladi. Soʻz obʼektiv olam uzvlari bilan, yaʼni denotat bilan konsept orqali bogʻlanadi. Hukm borliqdagi narsa, hodisa, jarayonlarni, ularning xususiyati, aloqa va munosabatlarini aks ettiruvchi tafakkur shakli boʻlib, u gaplar orqali oʻz ifodasini topadi. Tushuncha va hukmlar xulosa uchun oʻziga xos «gʻisht»lar boʻlib xizmat qiladi.
Xulosa oldingi qoʻlga kiritilgan bilimdan yangi bilim hosil qilish vositasi boʻluvchi tafakkur shaklidir. Hukmning asosiy tayanch nuqtasi sillogizm. Masalan, Har qanday meva inson uchun foydali gapidan anglashilgan hukm oldindan maʼlum. Endi Olma – meva degan hukmni oldingi hukmga qiyoslash asosida uchinchi hukm kelib chiqadi: Olma inson uchun foydali. Ana shu qiyoslash asosida chiqarilgan hukm xulosa boʻladi. Shuni taʼkidlash kerakki, ratsional bilish hissiy bilish bilanginamas, balki hissiy boʻlmagan bilim bilan ham munosabatda boʻladi.
Bizni qurshab turgan tabiat va jamiyat haqidagi ilmiy bilimlarimiz tizimi fanni tashkil etadi. Demak, ilmiy bilim va fan tushunchalari oʻzaro dialektik bogʻliqdir. Fan ilmiy bilimga asoslanadi. Ilmiy bilim fan uchun asos boʻlib xizmat qiladi. Xususan, har bir jamiyatning aloqa vositasi boʻlib xizmat qiluvchi tili bor. Tilsiz jamiyat boʻlishi mumkinmas. Tabiatan ijtimoiy mohiyatga ega tilning qanday paydo boʻlgani, uning ichki tuzilishi, rivojlanish qonunlari haqida qadimdan xilma-xil fikrlar bayon qilib kelinadi. Lekin XIX asrgacha til haqidagi bilimlarimiz amaliy xarakter kasb etib, tizimlilik belgisiga ega emasdi. XIX asrdan tilning barcha sath birliklari qiyosiy-tarixiy planda muayyan ilmiy metodga – qiyosiy-tarixiy metodga asoslangan holda oʻrganila boshladi. Shu davrdan boshlab tom maʼnodagi tilshunoslik fani maydonga keldi. Koʻrinadiki, fanlar ilmiy bilimlar mahsulidir.
Xulosamiz shundan iboratki, bu fan haqida fikr yuritar ekanmiz, eng avvalo, fanning oʻzi nima, uning muhim belgilari nima ekanini aniqlab olish zarurati tugʻiladi. «Fan» atamasi barcha uchun tushunarli boʻlsa ham, lekin uning maqomi, mohiyatini hamma ham tushuntirib berolmaydi. «Fan» atamasi «Oʻzbek tilining izohli lugʻati»da quyidagicha izohlangan: «Fan: 1. Tabiat va jamiyatning taraqqiyot qonunlarini ochib beruvchi hamda oʻzi erishgan natijalar bilan atrof-muhitga taʼsir koʻrsatuvchi bilimlar tizimi. 2. Shunday bilimlar tizimining alohida tarmogʻi, yoʻnalishlari, sohalari. Aniq fanlar. Tabiiy fanlar. Fizika fani. Tilshunoslik fani». Ilmiy bilimlar tizimi sifatidagi fanga ayrim olimlar «tartibga solingan bilim» (Berg) deb taʼrif bersa, boshqa olimlar «reallik haqidagi obʼektiv bilimlarni tayyorlash va nazariy tizimlashtirish funksiyasi xos boʻlgan inson faoliyati sohasi» deb izohlaydilar.
Foydalaniygan adabiyotlar:
Saparov 2-jild
www.wikipedia.org
Do'stlaringiz bilan baham: |